O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sayyor qabullarda muammolarga yechim topilmoqda
2017-07-05 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati mas’ul xodimlari, bir qator vazirlik, qo‘mita, bank muassasalari va boshqa idoralar rahbarlaridan iborat guruh Namangan viloyatida sayyor qabul o‘tkazdi.
Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishda davlat boshqaruvi idoralarining xalq ichiga kirib borishi, barcha darajadagi mutasaddilarning aholi dardini eshitishi, quvonchu tashvishini teran his qilgan holda ular bilan hamnafas bo‘lishiga bosh omil sifatida alohida e’tibor qaratilmoqda.
“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi ham xalq bilan bamaslahat ish ko‘rish tamoyiliga asoslangan. Bu ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, respublika va mahalliy davlat boshqaruvi idoralari, jamoat tashkilotlari vakillari tomonidan joylarda o‘tkazilayotgan muloqotlar, sayyor qabullarda o‘z ifodasini topmoqda. Xususan, sayyor qabullar fuqarolarni qiynayotgan iqtisodiy, ijtimoiy muammolarga barham berilishida samarali vosita bo‘lib xizmat qilayotir.
Chust, Yangiqo‘rg‘on, Uchqo‘rg‘on, Pop, Kosonsoy tumanlari va Namangan shahrida tashkil etilgan navbatdagi sayyor qabulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual hamda joylardagi Xalq qabulxonalariga murojaat qilgan fuqarolar murojaatlari o‘rganildi va yechimi bo‘yicha choralar ko‘rildi.
Murojaatlarning aksariyati uy-joy, moddiy yordam, bandlik, ishga qayta tiklash, kredit olishga ko‘maklashish, ichimlik suvi yetkazishdagi muammolarga oid bo‘ldi.
Chust tumanida yashovchi M.Mamajonova tadbirkorlik qilish uchun yer olishga amaliy yordam so‘ragan bo‘lsa, Pop tumanidan O.Ermatova farzandiga aliment undirish bo‘yicha ko‘mak so‘rab murojaat qildi. Kosonsoylik Z.To‘xtaboyev Janubiy Koreya universitetlaridan biriga o‘qishga kirgani va buning uchun AQSh dollarini davlat kursida sotib olishga amaliy yordam berilishini so‘radi. Poplik I.Rahmonov Xo‘jaobod qishlog‘ida sport sohasiga e’tibor yetarli darajada emasligi, shuning uchun u yerda stadion qurish lozimligini aytib, shu masalada qishloq yoshlari nomidan yordam so‘radi. Chustlik D.Xo‘jayeva va N.Ahmadaliyeva joriy yil mavsumda pilla boqib, hozirgacha mehnat haqini ololmagani yuzasidan murojat qildi. Mazkur masalalarni o‘rganish va hal etish bo‘yicha tegishli mutasaddilarga topshiriqlar berildi, ijro uchun aniq muddatlar belgilandi.
– Bog‘dorchilik qilish maqsadida yer ajratib berishlarini so‘rab murojaat qilgan edim, ijobiy hal bo‘ldi, – deydi chustlik Faxriddin Mamadaliyev. – Tuman hokimining qarori bilan Baymoq hududidan 5 gektar yer ajratiladigan bo‘ldi. Oila a’zolarim bilan shu yerda bog‘ barpo qilishni rejalashtirganmiz. Bu bir necha ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
Namangan shahridagi qabulda Namangan shahri, Namangan va Mingbuloq tumanlaridan fuqarolar murojaati tinglandi. Qabulda, xususan, viloyatning barcha shahar va tumanlaridan mehnatga layoqati, jismoniy imkoniyati cheklangan, kam ta’minlangan va uy-joyga muhtoj xotin-qizlarning murojaatlari bo‘yicha muammolarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratildi.
Nogiron xotin-qizlar, nogiron bola tarbiyalayotgan yolg‘iz onalarga namunaviy loyiha asosida qurilayotgan arzon uy-joylardan sotib olishga ko‘maklashish maqsadida dastlabki to‘lov badali uchun plastik kartochka ochib, 10 million so‘mdan mablag‘ tushirib beriladigan bo‘ldi.
Qabulda viloyat bo‘yicha uy-joyga muhtoj, jismoniy imkoniyati cheklangan 27 xotin-qizga kredit asosida uy-joyli bo‘lish uchun 270 million so‘m mablag‘ Prezidentimiz nomidan beriladigan bo‘ldi. Bu davlatimiz tomonidan imkoniyati cheklangan fuqarolarning barcha qatori farovon, emin-erkin hayot kechirishi uchun qulay sharoit yaratish yo‘lida ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.
– Marg‘uba Qo‘ldoshevalar oilasiga arzon uy-joylardan olish uchun 10 million so‘m miqdorida dastlabki to‘lov badali to‘lab beriladigan bo‘ldi, – deydi Mingbuloq tumani xotin-qizlar qo‘mitasi raisi I.Qo‘chqorova. – Er ham, xotin ham nogiron, bir hovlida 21 jon istiqomat qilib kelmoqda. Mana endi davlatimiz g‘amxo‘rligi tufayli ular o‘z uyiga ega bo‘ladi. Ular garchi gapira olmasa-da, quvonchlari, minnatdorliklari yuz-ko‘zida aks etib turibdi. Biz mahalla, jamoatchilik bilan ularni layoqatiga mos uy mehnati bilan band qilish, jamiyatda munosib o‘ringa ega bo‘lishi choralarini ko‘ramiz.
– Bolalarimiz ancha uzoqdagi maktabga qatnar edi, – deydi Namangan shahridagi Gulbog‘ mahallasida istiqomat qiluvchi J.Kotibov. – Shu atrofdagi mahallalar uchun qulayroq bo‘lgan hududda yangi maktab qurilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi, degan mazmunda murojaat qilgan edim. Hozirgina murojaatim ko‘rib chiqildi va qondiriladigan bo‘ldi. Yangi maktab qurilishi 2018-yil dasturiga kiritiladigan bo‘ldi. Bu albatta, farzandlarimizning yanada puxta bilim olishiga xizmat qiladi. Muammo bir pasda hal bo‘lganidan ota-onalar juda xursand.
– Bugungi sayyor qabulda ko‘plab murojaatlarni o‘rganib chiqdik, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining axborot ta’minoti va mol-mulkni qidirish bo‘limi bosh inspektori B.Dehqonov. – Ularning aksariyati aliment to‘lovi, qarzdorlik bo‘yicha sud qarorlarining ijrosi ta’minlanmayotgani yuzasidan bo‘lib, tegishli tartibda hal qilish choralari ko‘rildi. Jumladan, fuqaro O.Ermatovaning murojaatiga ko‘ra, sobiq eri tomonidan bir necha yillardan beri to‘lanmay kelayotgan katta miqdordagi aliment pulini undirish chorasi ko‘rildi.
Tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirish, ayniqsa, aholining kam ta’minlangan, jismoniy-aqliy imkoniyati cheklangan qatlamini ijtimoiy himoya qilish, talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib munosib sharoit yaratishga qaratilayotgan alohida e’tibor yorqin ifodasini topdi.
– Sayyor qabullarda yurtdoshlarimizning huquqiy bilimi va madaniyati yuksalib borayotganini his qilish kishini quvontiradi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari E.Bositxonova. – Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilining o‘tgan olti oyida fuqarolar o‘z hukuq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, hayot tarzidagi muammolarga nisbatan ongli pozitsiyada turishning optimal tamoyillarini o‘zlashtirdi. Bu joylarda olib borilayotgan xalq bilan muloqot, targ‘ibot tadbirlari, sayyor qabullar samarasidir.
Qabullar jarayonida xotin-qizlar qo‘mitalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, faollar bilan muloqot o‘tkazildi. Aholini qiynayotgan muammolardan kelib chiqqan holda, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutasaddilar oldiga aniq vazifalar qo‘yildi. Shunday sayyor qabullar Yangiqo‘rg‘on va Uchqo‘rg‘on tumanlarida ham bo‘lib o‘tdi.
Sayyor qabullarda Namangan viloyati hokimi X.Bozorov so‘zga chiqdi.
Akramjon Sattorov, O‘zA