O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Gazni qayta ishlash va yetkazib berishning zamonaviy usullari

2017-07-03 | Iqtisodiyot

Poytaxtimizda «Gazni qayta ishlash va yetkazib berishning zamonaviy usullari» mavzuida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. «O‘zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz neft qazib olish va qayta ishlash korxonalari xodimlari, xorijiy investorlar, olimlar, mutaxassislar, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.

«O‘zLITIneftgaz» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari R.Shafiyev va boshqalar 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi milliy iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgartirishlarni amalga oshirishni davom ettirish, neft-gaz sanoatini modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash, eksportga yo‘naltirilgan yuqori qo‘shilgan qiymatli yarim tayyor va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishda muhim dasturilamal bo‘layotganini ta’kidladi. 

Mamlakatimiz gaz qazib chiqarish bo‘yicha dunyodagi yigirmata yetakchi davlatlar qatoriga kiradi. Turkmaniston-O‘zbekiston-Qozog‘iston-Xitoy gaz quvuri tabiiy gaz eksporti va tranzitida muhim rol o‘ynayotgan bo‘lsa, “Sho‘rtangazkimyo” majmuasi, Surg‘il koni negizida barpo etilgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasi sifatli tovar gaz ishlab chiqarishni oshirish, gaz tarkibidan muhim komponentlar ajratib olinishini ko‘paytirish, ularning asosida yuqori rentabelli, eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqarilishini tashkil qilish imkonini bermoqda. 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 28-sentabrdagi «2016-2020-yillarda uglevodorod xomashyosini chuqur qayta ishlash negizida eksportga yo‘naltirilgan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, 2020-yilgacha tarmoqda 30 milliard 4 million dollarga teng 78 loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda Buxoro viloyatida «O‘zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi bilan Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasi hamkorligida Qandim gazni qayta ishlash majmuasi qurilish ishlari olib borilmoqda. 

– O‘zbekiston tabiiy gaz qazib olish va qayta ishlash borasida ulkan salohiyatga ega, – deydi «Lukoyl O‘zbekiston Operayting Kompani» korxonasi bo‘lim boshlig‘i Artyom Ahmedov. – Mazkur anjuman sohadagi yutuqlar, an’ana va yo‘nalishlar bilan tanishish imkonini berdi. Shu bilan birga, neft-gaz sanoatini rivojlantirish hamda sohada xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. 

Tadbirda O‘zbekiston neft-gaz sanoatining sarmoyaviy salohiyati, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar, yangi imkoniyatlar, uglevodorod bazalarini kengaytirish, xalqaro hamkorlikda hayotga izchil tatbiq etilayotgan qo‘shma loyihalar, energiya samaradorligini oshirishga doir masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi, ma’ruzalar tinglandi.

 

Behzod Bozorov, O‘zA

Поделиться