O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tadbirkorlar yarim soatda davlat ro‘yxatidan o‘tmoqda
2017-07-03 | Iqtisodiyot
Shu yilning 1-aprelidan boshlab tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yish yagona interaktiv davlat xizmatlari portali – my.gov.uzga integratsiyalashgan onlayn tizim orqali amalga oshirilmoqda. Natijada shu paytga qadar bu jarayon ikki ish kunini tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi paytda yarim soat kifoya qilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 28-oktabrdagi «Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq yo‘lga qo‘yilgan yangi avtomatlashtirilgan tizimdan shu kungacha 1 ming 644 yakka tartibdagi tadbirkor, 1 ming 506 yuridik shaxs davlat ro‘yxatidan o‘tgan.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida hududlarda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlab o‘tkazilgan anjumanda qayd etilganidek, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi mamlakatimizda tadbirkorlik rivojini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, tadbirkorlik subyektlari faoliyati uchun maksimal darajada qulay shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining uchta qonuni, Prezidentimizning 30 ga yaqin farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining 25 qarori qabul qilindi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 31-yanvardagi «Kichik va xususiy tadbirkorlikni mikrokreditlash tizimini yanada kengaytirish va soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi va 17-martdagi «Tadbirkorlik subyektlari va keng aholi qatlamiga mikrokreditlar ajratish tizimini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorlariga muvofiq, mikrokreditlash uchun qamrab olinadigan shaxslar orasida ustuvor kontingentlar hisoblangan o‘rta-maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari, muddatli harbiy xizmatdan qaytgan shaxslar, mehnat organlarida ro‘yxatga olingan band bo‘lmagan fuqarolar, oilaviy va xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan aholi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tavsiyanomalari bo‘yicha ishga joylashishga ehtiyojmand odamlar eng kam ish haqining 200 barobarigacha miqdorda mikrokreditlar olish huquqiga ega bo‘ldi.
Yangi ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxs tashkil etmagan tadbirkorlik subyektlari va keng aholi qatlamiga mikrokreditlar ajratish mexanizmi soddalashtirildi. Kreditlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari kafilligi asosida berilishi ko‘zda tutildi, imtiyozli kredit berish maxsus jamg‘armasi hisobidan olis va borish qiyin bo‘lgan, mehnat resurslari ortiqcha bo‘lgan hududlar aholisi uchun eng kam ish haqining 20 barobaridan 100 barobarigacha miqdorda kreditlash belgilandi.
Tadbirkorga 16 turdagi ruxsatnomani bitta joydan olish imkonini berayotgan davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi «yagona darcha» markazlarida joriy yil so‘ngiga qadar yana 18 turdagi xizmatni joriy etish ko‘zda tutilmoqda. 2018-yil 1-yanvardan boshlab «yagona darcha» markazlari orqali taqdim etiladigan litsenziya va ruxsatnomalarni qog‘oz shaklidagi maxsus blankalarda majburiy rasmiylashtirish talabi bekor qilinadi.
Prezidentimizning shu yil 19-iyundagi «Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tizimi tubdan qayta isloh etilishi belgilandi.
Endilikda Palata tomonidan me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarining tadbirkorlik faoliyatiga ta’siri o‘rganilib, xulosa beriladi. Bu esa qabul qilinayotgan me’yoriy-huquqiy hujjatlarda biznes manfaatlarining inobatga olinishiga xizmat qiladi.
Matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga mutaxassislar javob qaytardi.