O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aholi arzon va sifatli dori vositalari bilan ta’minlanmoqda
2017-07-03 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan aholining sifatli dori vositalariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar, istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasi mas’ul xodimlari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, aholi va davolash muassasalarini sifatli, xavfsiz va arzon dori vositalari bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 31-oktabrdagi «Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytarish, xalqimizni arzon va sifatli dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash darajasini oshirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Mamlakatimiz aholisi va davolash-profilaktika muassasalarini keng assortimentdagi sifatli dori vositalari bilan ta’minlashda «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasining ham hissasi bor. Hozir kompaniya tarkibida 8 aksiyadorlik, 12 mas’uliyati cheklangan jamiyat, 17 dori omborxonasi, 15 nazorat-tahlil laboratoriyasi hamda mamlakatimizning barcha hududida 1 ming 400 dan ortiq dorixona faoliyat ko‘rsatmoqda.
Kompaniya tarkibidagi dorixonalarning 76 foizdan ortig‘i qishloqlarda joylashgan bo‘lib, joriy yilning o‘tgan davrida qishloq aholisiga 15,9 milliard so‘mlik savdo xizmati ko‘rsatilgan.
– Kompaniyamiz aholining arzon va sifatli dori-darmon vositalariga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida mamlakatimizning olis hududlarida faoliyat yurituvchi ko‘chma dorixonalarni tashkil etdi, – deydi «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi Abdug‘ani Komilov. – Ayni paytda kompaniyaning maxsus jihozlangan «Isuzu» rusumli izotermik avtofurgonlarida 14 ko‘chma dorixona faoliyat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, «Damas» rusumli avtomashinalarda qo‘shimcha ravishda yana 100 ko‘chma dorixona tashkil etilgan.
Aholining sifatli va arzon narxlardagi dori vositalariga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida kompaniya tomonidan joriy yil oxirigacha 5 investitsion loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Bular Qashqadaryo viloyatidagi efir moylari, ekstraktlar hamda kukun shaklidagi antibiotiklar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan korxonalar, Buxoro viloyatidagi dorivor o‘simliklardan kukun shaklidagi dori vositalarini ishlab chiqarish korxonasi, Surxondaryo viloyatidagi dorivor o‘simlik va giyohlar asosida dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalarni ishlab chiqarish korxonasi hamda Namangan shahridagi dorivor moylarni ishlab chiqarish, qadoqlash loyihalaridir.
Iste’molchilar «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiruvchi dorixonalardagi dori vositalari va tibbiy buyumlarning sifati, narxi bilan bog‘liq tushunmovchiliklarga duch kelsa, kompaniyaning “Ishonch telefoni” orqali muammosiga tezda yechim topmoqda. Har bir murojaat kompaniya mas’ul xodimlari tomonidan ko‘rib chiqilib, nazoratga olinadi. Ular qonun doirasida hal etilmoqda.
Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.