O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida

2017-06-30 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Keyingi yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini (keyingi o‘rinlarda AKT deb ataladi) davlat boshqaruvi va davlat xizmatlari ko‘rsatishning barcha sohalariga joriy etish bo‘yicha bosqichma-bosqich o‘tkazilayotgan islohotlar axborot xizmatlarini ilgari surish, «elektron hukumat» tizimini rivojlantirish va amalga oshirish, xalq bilan muloqot qilish va aholining kundalik muammolarini joylarda o‘z vaqtida hal qilishning samarali mexanizmlarini yaratish imkonini berdi. 

Bu borada erishilgan natijalarga qaramasdan, axborot texnologiyalari rivojlanishi va ularni iqtisodiyot sohalariga joriy etishning hozirgi holati, shuningdek mahalliy dasturiy mahsulotlarning eksport darajasi hali ham pastligicha qolmoqda. Axborot texnologiyalarining raqobatdosh va yuqori unumdorlikka ega tarmog‘ini shakllantirish uchun mamlakatning fan va ta’lim sohasidagi salohiyatidan yetarlicha foydalanilmayapti. 

Respublikada amal qilayotgan tashkiliy-iqtisodiy sharoit AKT sohasida tez o‘sishni namoyish etayotgan xorijiy mamlakatlarda yaratilgan sharoitlarga nisbatan mamlakatning raqobatdoshligi pastligini hisobga olgan holda ushbu sohaning yanada rivojlanishiga yetarli darajada yordam bermayapti. 

AKTning jadal rivojlanishi yangi imkoniyatlarni ochib berar ekan, davlat tomonidan keng ko‘lamli qo‘llab-quvvatlashni hamda respublikaning xalqaro AKT bozoridagi o‘rnini kuchaytirishni talab qiladi. 

AKTdan foydalanishga asoslangan iqtisodiyotning yuqori texnologik tarmoqlarini shakllantirish va faol rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish, axborot texnologiyalari mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar va buyurtmachilariga qo‘shimcha imtiyozlar va preferensiyalar berish hisobiga ushbu tarmoqda ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarishning integratsiyalashuvini yanada chuqurlashtirish, AKT mahsulotlari eksportini ko‘paytirish, shuningdek mahalliy va xorijiy investitsiyalar jalb etilishini rag‘batlantirish maqsadida: 

1. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Toshkent shahridagi Inha universiteti va «O‘zbektelekom» AKning Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markazini (keyingi o‘rinlarda Innovatsiya markazi deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin. 

2. Belgilab qo‘yilsinki, Innovatsiya markazi axborot texnologiyalari mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun eng qulay sharoitlarni yaratish maqsadida butun respublika hududida Innovatsiya markazi rezidentlarini joylashtirgan holda O‘zbekiston Respublikasi hududi doirasida eksterritoriallik prinsipi asosida tashkil qilinadi. 

3. Quyidagilar Innovatsiya markazi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin: 

xo‘jalik yurituvchi subyektlar va oliy ta’lim muassasalarining axborot texnologiyalari mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda ichki va tashqi bozorlarda sotishga qaratilgan o‘zaro hamkorligini kengaytirish uchun zarur tashkiliy-texnik va moliyaviy-iqtisodiy shart-sharoitlar yaratish; 

AKT sohasida raqobatdosh loyihalarni ichki va tashqi bozorlarda sotish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb etishda Innovatsiya markazi rezidentlariga ko‘maklashish; 

oliy ta’lim muassasalari va kasb-hunar kollejlarining «axborot texnologiyalari» mutaxassisligi bo‘yicha bitiruvchilarining ishga joylashtirilishini ta’minlashda, shu jumladan iqtidorli yoshlar tomonidan «start-ap» loyihalarini amalga oshirishda ularni qo‘llab-quvvatlash yo‘li bilan ishtirok etish; 

qisqa muddatli va o‘rta muddatli ixtisoslashtirilgan kurslarni tashkil etish, shu jumladan chet el mutaxassislarini taklif etish yo‘li bilan AKT sohasidagi kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashni tashkil qilish; 

yosh tadbirkorlar tomonidan axborot texnologiyalari mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasidagi istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha innovatsiya loyihalari amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlash. 

4. Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markazining Muvofiqlashtiruvchi kengashi (keyingi o‘rinlarda Muvofiqlashtiruvchi kengash deb ataladi) ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin. 

Quyidagilar Muvofiqlashtiruvchi kengashning asosiy funksiyalari etib belgilansin: 

Innovatsiya markazini rivojlantirishga ko‘maklashish borasida davlat organlari, ilmiy, ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish; 

respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirishda Innovatsiya markazi faoliyatini tizimli monitoring qilish va tahlil qilish; 

Innovatsiya markazining faoliyatini takomillashtirish va axborot texnologiyalari sohasida xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun shart-sharoitlarni, shu jumladan ilg‘or chet el tajribasi asosida yaxshilash bo‘yicha takliflar tayyorlash; 

yuridik shaxslarni Innovatsiya markazi rezidentlari sifatida ro‘yxatga olish va ularni rezident maqomidan mahrum etish to‘g‘risidagi qarorlarni qabul qilish; 

Innovatsiya markazi rezidentlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash. 

5. Innovatsiya markazi rezidentlari 2028-yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatga: 

barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarni, shuningdek yagona ijtimoiy to‘lovni to‘lashdan; 

belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, o‘z ehtiyojlari uchun olib kirilayotgan uskunalar, butlovchi qismlar, detallar, uzellar, texnologik hujjatlar, dasturiy ta’minot vositalari uchun bojxona to‘lovlari to‘lashdan (bojxona yig‘imlaridan tashqari); 

o‘zi ishlab chiqaradigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni eksport qilishdan tushadigan valyuta tushumining bir qismini majburiy sotishdan ozod etilsin. 

6. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq Innovatsiya markazi rezidentlari: 

o‘zi ishlab chiqargan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni eksport qilishdan tushgan pul mablag‘lari doirasida xodimlarga ish haqi va dividendlarni xalqaro to‘lov kartalariga o‘tkazish yo‘li bilan naqd bo‘lmagan shaklda O‘zbekiston Respublikasi hududida hisob-kitoblarni chet el valyutasida amalga oshirish; 

eksport kontrakti mavjud bo‘lmagan holda Internet butunjahon axborot tarmog‘idagi onlayn do‘konlar orqali ishlar va xizmatlar eksportini chet el valyutasida amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi. 

7. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda: 

har yili berilgan imtiyozlar va preferensiyalarning AKT milliy bozorining rivojlanishiga ta’siri, ichki va tashqi bozorlarda dasturiy mahsulotlar va AKT xizmatlarining raqobatdoshligi darajasini tahlil qilsin va tahlil natijalarini keyinchalik Muvofiqlashtiruvchi kengashga kiritsin; 

2017-yil 1-noyabrgacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mamlakatimizning dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilarini rag‘batlantirishni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2013-yil 20-sentabrdagi PQ-2042-son qaroriga muvofiq yaratilgan Dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilari milliy reyestrining kelgusida faoliyat yuritishining maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi takliflarni Muvofiqlashtiruvchi kengashga kiritsin. 

8. Innovatsiya markazi rezidentlari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bo‘yicha xodimlar tomonidan 2028-yil 1-yanvargacha olingan mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar: 

7,5 foiz miqdordagi qat’iy belgilangan stavka bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga 4,5 foizli stavka bo‘yicha fuqarolarning sug‘urta badallariga tortilishi; 

soliq solish maqsadida belgilanadigan jismoniy shaxslarning umumiy yillik daromadlari hajmiga kiritilmasligi belgilab qo‘yilsin. 

9. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda uch oy muddatda respublikada tovarlar va xizmatlarga haq to‘lash uchun xalqaro to‘lov kartalarini qabul qilish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi rezidentlarining bank hisobraqamlariga Internet butunjahon axborot tarmog‘idagi onlayn do‘konlar orqali tovarlar va xizmatlarni sotishdan olingan valyuta tushumini hisobga olish tizimining mukammal ishlashiga doir zarur choralar ko‘rsin. 

10. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi doimiy asosda Innovatsiya markazi rezidentlari axborot texnologiyalari mahsulotlarining xorijga kirib borishini ta’minlasin. 

11. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Innovatsiya markazi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin, unda quyidagi tartib nazarda tutilsin: 

Innovatsiya markazi va Muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyatini tashkil etish; 

yuridik shaxslarni rezident maqomini olishning aniq mezonlarini belgilashni hisobga olgan holda Innovatsiya markazi rezidentlari sifatida ro‘yxatga olish; 

Innovatsiya markazi rezidentlari uchun maxsus valyuta rejimini qo‘llash. 

12. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Innovatsiya markazi faoliyatining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil qilsin. 

13. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin. 


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                                               Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2017-yil 30-iyun 

 

* * *
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 
“Respublikada axborot texnologiyalari sohasini 
rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan 
yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga
 
SHARH


Xalqaro iqtisodiy tashkilotlar tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, hozirgi paytda dunyoda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) innovatsiyalarning rivojlanishida, mamlakatning ishlab chiqarish va raqobatdoshligini oshirish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda aholining hayot darajasini oshirishda muhim o‘rin tutadi. Bugungi kunda AKTning rivojlanish holati va mamlakatning iqtisodiy barqarorligi o‘rtasidagi bog‘liqlik ilmiy isbotlangan. 

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda AKTni barcha ijtimoiy-iqtisodiy tarmoqlarga, jumladan davlat boshqaruviga hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida joriy qilish bo‘yicha bosqichma-bosqich islohotlar amalga oshirildi. Bu o‘z o‘rnida mamlakatimizda elektron hukumat tizimini joriy qilishda sezilarli natijalarga erishish imkonini berdi. Jumladan, AKTni keng qo‘llash natijasida xalq bilan davlat o‘rtasida aloqa o‘rnatishning samarali tizimi joriy qilindi. 

Biroq aksariyat rivojlangan davlatlarga taqqoslaganda O‘zbekistonda axborot texnologiyalarining bugungi holati, ularni iqtisodiyot sohasiga joriy qilish, shuningdek eksport darajasi past bo‘lib qolmoqda, raqobatdosh axborot texnologiyalari sohasini shakllantirishda mamlakatimizning ilmiy-tadqiqot salohiyatidan to‘liq foydalanilmayapti. Bu o‘z navbatida davlatimizning xalqaro reytingiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. 

AKTning jadal rivojlanishi yangi imkoniyatlarni ochib berar ekan, davlat tomonidan keng ko‘lamli qo‘llab-quvvatlashni hamda respublikaning xalqaro AKT bozoridagi o‘rnini kuchaytirishni talab qiladi. 

Mamlakatimizda AKT uchun xalqaro standartlarga muvofiq dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan sifatli va raqobatdosh dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqarishni kengaytirishni rag‘batlantirishni kuchaytirish, shuningdek 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni hal qilish, AKT mahsulotlari eksportini kengaytirish, mahalliy va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. 

Mazkur Farmon bilan mamlakatimizda birinchi marotaba axborot texnologiyalari sohasida xo‘jalik yurituvchi subyektlarni, dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilarni birlashtiradigan Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markazi tuzilmoqda. 

Innovatsiya markazi mamlakatimiz hududi doirasida eksterritoriallik prinsipi asosida tashkil qilindi, ya’ni AKT sohasidagi korxonalar respublikada joylashgan hududidan qat’i nazar, Innovatsiya markazi rezidentlari bo‘lishi mumkin. Ushbu tamoyil mamlakatda AKT mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi. 

Farmon bilan Innovatsiya markazi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi: 

xo‘jalik yurituvchi subyektlar va oliy ta’lim muassasalarining axborot texnologiyalari mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda ichki va tashqi bozorlarda sotishga qaratilgan o‘zaro hamkorligini kengaytirish uchun zarur tashkiliy-texnik va moliyaviy-iqtisodiy shart-sharoitlar yaratish; 

AKT sohasida raqobatdosh loyihalarni ichki va tashqi bozorlarda sotish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb etishda Innovatsiya markazi rezidentlariga ko‘maklashish; 

oliy ta’lim muassasalari va kasb-hunar kollejlarini «axborot texnologiyalari» mutaxassisligi bo‘yicha bitiruvchilarini ishga joylashtirishda, shu jumladan iqtidorli yoshlar tomonidan «start-ap» loyihalarini amalga oshirishda ularni qo‘llab-quvvatlash yo‘li bilan ishtirok etish; 

qisqa va o‘rta muddatli ixtisoslashtirilgan kurslarni tashkil etish, shu jumladan chet el mutaxassislarini taklif etish yo‘li bilan AKT sohasidagi kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashni tashkil qilish; 

yosh tadbirkorlar tomonidan axborot texnologiyalari mahsulotlarini ishlab chiqish sohasidagi istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha innovatsiya loyihalari amalga oshirilishini qo‘llab-quvatlash. 

Mazkur yo‘nalishlardan ko‘rinib turibdiki, Innovatsiya markazi fuqarolarimiz uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratish, eng avvalo, axborot texnologiyalari sohasida hayotga joriy etish va amalga oshirish mumkin bo‘lgan aniq loyihalarga ega bo‘lgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tuzilmoqda. 

Innovatsiya markazining oliy boshqaruv organi sifatida Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etildi hamda uning asosiy funksiyalari sifatida quyidagilar belgilandi: 

Innovatsiya markazini rivojlantirishga ko‘maklashish borasida davlat organlari, ilmiy, ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish; 

respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirishda Innovatsiya markazi faoliyatini tizimli monitoring qilish va tahlil qilish; 

Innovatsiya markazining faoliyatini takomillashtirish va axborot texnologiyalari sohasida xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun shart-sharoitlarni ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda yaxshilash bo‘yicha takliflar tayyorlash; 

yuridik shaxslarni Innovatsiya markazi rezidentlari sifatida ro‘yxatga olish va ularni rezident maqomidan mahrum etish to‘g‘risidagi qarorlarni qabul qilish; 

Innovatsiya markazi rezidentlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish. 

Farmonga muvofiq, Innovatsiya markazi rezidentlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashda birinchi navbatda quyidagi imtiyoz va preferensiyalar ko‘zda tutildi: 

Birinchidan, 2028-yilning 1-yanvarigacha bo‘lgan muddatga: 

barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarni, shuningdek yagona ijtimoiy to‘lovni to‘lashdan; 

belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, o‘z ehtiyojlari uchun olib kirilayotgan uskunalar, butlovchi qismlar, detallar, uzellar, texnologik hujjatlar, dasturiy ta’minot vositalari uchun bojxona to‘lovlari to‘lashdan (bojxona yig‘imlaridan tashqari); 

o‘zi ishlab chiqaradigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni eksport qilishdan tushadigan valyuta tushumining bir qismini majburiy sotishdan ozod etish. 

Ikkinchidan, Innovatsiya markazi rezidentlariga o‘zi ishlab chiqargan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni eksport qilishdan tushgan pul mablag‘lari doirasida xodimlarga ish haqi va dividendlarni xalqaro to‘lov kartalariga o‘tkazish yo‘li bilan naqd bo‘lmagan shaklda O‘zbekiston Respublikasi hududida hisob-kitoblarni chet el valyutasida amalga oshirish, shuningdek eksport kontrakti mavjud bo‘lmagan holda Internet tarmog‘idagi onlayn do‘konlar orqali ishlar va xizmatlar eksportini chet el valyutasida amalga oshirish huquqi berildi. 

Uchinchidan, Innovatsiya markazi rezidentlarining xodimlari uchun qo‘shimcha imtiyozlar, jumladan 2028-yilning 1-yanvariga qadar olingan mehnatga haq to‘lash ko‘rinishidagi daromadlar 7,5 foiz miqdordagi qat’iy belgilangan stavka bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga, byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga 4,5 foizli stavka bo‘yicha fuqarolarning sug‘urta badallariga tortilishi ko‘zda tutilgan. Bunda ushbu daromadlar soliq solish maqsadida belgilanadigan jismoniy shaxslarning umumiy yillik daromadlari hajmiga kiritilmasligi belgilab qo‘yildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda har yili berilgan imtiyozlar va preferensiyalarning AKT milliy bozorining rivojlanishiga ta’siri, ichki va tashqi bozorlarda dasturiy mahsulotlar va AKT xizmatlarining raqobatbardoshligi darajasi tahlil qilib boriladi hamda tahlil natijalari keyinchalik Muvofiqlashtiruvchi kengashga taqdim etiladi. 

Mas’ul idoralar tomonidan respublikada tovarlar va xizmatlarga haq to‘lash uchun xalqaro to‘lov kartalarini qabul qilish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi rezidentlarining bank hisoblariga Internet tarmog‘idagi onlayn do‘konlari orqali tovarlar va xizmatlarni sotishdan olingan valyuta tushumini hisobga tushirish tizimining to‘laqonli ishlashiga doir zarur choralar ko‘riladi. 

Ushbu Farmonda belgilab berilgan vazifalarning to‘liq amalga oshirilishi uchun Vazirlar Mahkamasi tomonidan Innovatsiya markazi faoliyatini tashkil etish, yuridik shaxslarni uning rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tkazishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini nazarda tutuvchi alohida qaror qabul qilinadi. 

Qabul qilingan mazkur Farmonning amalga oshirilishi axborot texnologiyalarining yanada rivojlanishi, AKT sohasida mutaxassislarning ishtirokini kengaytirish, ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining hamda oliy ta’lim muassasalarining ishlab chiqarish bilan hamkorligini ta’minlash uchun zarur tashkiliy-texnik va iqtisodiy shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirish imkonini beradi.

Manba: O'zA

Поделиться