O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Kommunikatsiya mutaxassislariga ehtiyoj katta
2015-03-17 | Texnologiyalar
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialida viloyatdagi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari yo'nalishidagi ta'lim muassasalari bitiruvchilari uchun bo'sh ish o'rinlari yarmarkasi o'tkazildi.
O'zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda viloyatdagi sohaga aloqador yigirmadan ziyod korxona va tashkilot o'zida mavjud 200 dan ortiq ish o'rni bilan qatnashdi.
Tadbirning ochilish marosimida mamlakatimizda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va keng joriy etish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi.
Viloyatda bugungi kunda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali hamda olti kasb-hunar kollejida soha uchun mutaxassis kadrlar tayyorlanmoqda. Mazkur ta'lim muassasalari talaba-yoshlari o'qish davridayoq vazirlik tizimidagi korxona va tashkilotlarda amaliyot o'tab, kasb ko'nikmasiga ega bo'layotir.
Tadbirda ishtirokchilar taklif etilayotgan ish o'rinlari, korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ish beruvchilarning tavsiya va maslahatlarini oldi.
– Yarmarkada viloyatimizdagi ko'plab tashkilotlar faoliyati haqida ma'lumotga ega bo'ldim, – deydi Samarqand axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji bitiruvchisi J.Sharipov. – Muhimi, "O'zI" O'zbekiston-Indoneziya qo'shma korxonasi Samarqand filialiga mutaxassisligim bo'yicha ishga yo'llanma oldim. Bugungi tadbir natijasida o'z mutaxassisligi bo'yicha ishga joylashish imkoniyatiga ega bo'lgan tengdoshlarimning barchasi xursand.
Mehnat yarmarkasi davomida yuzga yaqin yosh va ish beruvchilar o'rtasida shartnomalar tuzildi.