O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Kelajak texnologiyalari

2017-06-30 | Texnologiyalar

Poytaxtimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tarmog‘i uchun innovatsion yechim va texnologiyalarga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan texnik seminarlarda mobil aloqa va internet, tarmoq, server va IP-texnologiyalar bo‘yicha eng so‘nggi yangiliklar namoyish etilmoqda.

Ushbu tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi, “Uzinfocom” komputer va axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda joriy etish markazi, Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi xodimlari, tayanch stansiyalar, server uskunalari va mobil telefonlar ishlab chiqaruvchilar, mobil operatorlar, olim va mutaxassislar ishtirok etmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari I.Jo‘rayev, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori T.Teshaboyev va boshqalar zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilayotgani mamlakatimiz iqtisodiyotining barcha tarmoqlarini rivojlantirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. O‘zbekistonda yaratilgan ko‘ptarmoqli axborot infratuzilmasi sanoatning yuqori texnologiyali tarmoqlarini jadal rivojlantirish va ilg‘or texnik yechimlarni joriy qilish imkonini berayotir. Bu borada LTE standartidagi texnologiyalar bo‘yicha yuqori tezlikda ishlaydigan sifatli mobil aloqa va ma’lumotlar uzatish imkoniyatlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Bugungi kunda mamlakatimizda beshta mobil operator ro‘yxatga olingan bo‘lib, bu ular o‘rtasidagi raqobatning kuchayishi va operatorlar ko‘rsatayotgan xizmatlar narxining arzonlashuvi imkonini berayotir. 21 milliondan ortiq kishi mazkur mobil operatorlari mijozi bo‘lib, ularning aksariyati interenet foydalanuvchilaridir. Birgina joriy yilda mamlakatimiz mobil operatorlari yurtimizning turli hududlarida LTE standarti bo‘yicha ishlaydigan 450 dan ortiq tayanch mobil stansiyasi qurishni rejalashtirgan. Aholini yuqori tezlikda ishlaydigan internet bilan qamrab olishni yanada kengaytirish, yangi optik tolali liniyalarni o‘tkazish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

O‘tkazilayotgan texnik seminarlardan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonda mobil aloqa va internet sohasidagi ilg‘or axborot texnologiyalarini joriy qilish, global AKT sanoatini rivojlantirish yo‘nalishlarini belgilaydigan yangi strategiya va texnik yechimlarni taqdim etishdir. 

Seminarlarda 5G standarti bo‘yicha ishlaydigan ma’lumotlar uzatish, tayanch stansiyalar va yangi uskunalarni integratsiyalash istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, tadbirlar doirasida yuqori tezlikda ishlaydigan keng polosali servis texnologiyalari, 2020 ma’lumot uzatish transport tarmog‘i, “IPTV” internet protokoli televideniyesi, buyumlar interneti, M2M, billing tizimlari, “Bigvideo” texnologiyalariga bag‘ishlangan qator ma’ruzalar ham taqdim etiladi. 

Texnik seminarlar O‘zbekiston iqtisodiyotiga tarmoq, IP va mobil texnologiyalar sohasiga oid innovatsion yechimlarni joriy qilish, sanoatning yuqori texnologiyali yangi tarmoqlarini tashkil etishga xizmat qiladi.

 

Roman Bondarchuk, O‘zA

Поделиться