O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Intellektual mulk taraqqiyotimiz garovi
2017-06-30 | Jamiyat
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan «Intellektual mulk agentligining faoliyati va sohadagi rivojlanish tendensiyalari» mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi bosh direktori A.Fayzullayev va boshqalar mamlakatimiz taraqqiyotida intellektual mulk muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Intellektual mulk sohasining mustahkam qonunchilik asoslari yaratilgan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 20-oktabrdagi "O‘zbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Agentlikning intellektual mulk obyektlarini xalqaro norma va standartlarga muvofiq huquqiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtirildi, vakolatlari kengaytirildi. Zamonaviy interfaol davlat xizmatlari joriy etilmoqda.
Mazkur agentlikdan olingan ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida to‘rt mingdan ortiq intellektual mulk obyektiga talabnomalar bo‘yicha davlat ekspertizasi o‘tkazilgan. Ikki mingga yaqin intellektual mulk obyekti davlat ro‘yxatiga olingan. Undan ixtirolar, foydali modellar, sanoat mahsulotlari namunalari, tovar belgilari, seleksiya yutuqlari, dasturiy mahsulotlar keng o‘rin olgan.
Intellektual mulk obyektlaridan noqonuniy foydalanishning oldini olish maqsadida vakolatli davlat organlari bilan hamkorlikda monitoringlar o‘tkazilmoqda. Aniqlangan qonunbuzilish holatlariga oid ma’lumotlar chora ko‘rish uchun tegishli idoralarga yuborilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasiga kontrafakt audiovizual mahsulotlar, fonogramma va EHM dasturlari bo‘yicha ekspert xulosalari berilayotir.
Qonun hujjatlari ijrosini ta’minlash borasida agentlik tegishli tashkilotlar bilan tuzilgan ishchi guruhlari hamkorligida aholi gavjum joylar, bozorlar, savdo komplekslari va shoxobchalarda kontrafakt fonogramma va audiovizual mahsulotlar savdosi amalga oshirilishining oldini olish bo‘yicha monitoring olib bormoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida 394 qonunbuzilish holati aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasiga o‘n ikki mingga yaqin audiovizual mahsulot, fonogramma va EHM uchun yaratilgan dasturlar bo‘yicha ekspert xulosalari berildi. Ushbu holatlarga oid ma’lumotlar qonuniy chora ko‘rilishi uchun tegishli tashkilotlarga yuborilgan.
Matbuot anjumanida Intellektual mulk agentligi faoliyatining boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ham axborot berildi.