O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Mahalla instituti xalqning maslakdoshi va ko‘makdoshiga aylanishi lozim

2017-06-29 | Jamiyat

Poytaxtimizdagi Simpoziumlar saroyida 28-iyun kuni Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashining ta’sis konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada parlament a’zolari, turli vazirlik va idoralar rahbarlari, hududiy kengashlarning tashkiliy yig‘ilishlarida saylangan delegatlar ishtirok etdi. Anjumanning videokonferensaloqa tizimida tashkil qilingani fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy kengashlar a’zolariga konferensiya jarayonini onlayn kuzatib borish imkonini berdi. 

Anjuman ishtirokchilari dastlab hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gullar qo‘ydi. 

Konferensiyada Qarshi shahar "Xontepa" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi R.Zohirov, Baxmal tumani "Gulbuloq" QFY raisi U.Hamroyev, "Mahalla" xayriya jamoat fondining Chimboy tumani bo‘linmasi raisi B.Abdullayev va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mahalla institutini yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylantirish, fuqarolar yig‘inlari manfaatlarini ifoda etadigan uyushmaga birlashish huquqini ro‘yobga chiqarish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 3-fevraldagi «Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan mazkur tizim faoliyatida yangi taraqqiyot bosqichi boshlandi, tuzilma tubdan isloh qilinib, zamon talablari asosida takomillashtirilmoqda. 

Mazkur farmonga muvofiq Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashiga yuridik shaxs maqomi berilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar kengashlari Respublika kengashining tarkibiy tuzilmalari sifatida tashkil etildi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Unda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning mart oyida mamlakatimizning tuman va shaharlari, may-iyun oylarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlarining tashkiliy yig‘ilishlari o‘tkazildi. 

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy kengashlarning tarkibi, kengashlar raislari lavozimiga tegishincha tuman (shahar)lar va viloyatlar hokimlari, ularning birinchi o‘rinbosarlari hamda yoshlar ishlari, diniy-ma’rifiy masalalar, keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari, kengashlar kotiblari tasdiqlandi. Kengashlarning namunaviy nizomlari muhokama etildi. 

Ayni paytda har bir fuqarolar yig‘inida shakllantirilgan Jamoatchilik nazorati guruhi mahallalar va oilalardagi, ayniqsa, ehtiyojmand oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganmoqda. Fuqarolar yig‘inlari moddiy-texnik bazasi mustahkamlanayotgani, 2018-yilning 1-dekabriga qadar tumanlar va shaharlar markazlarida namunaviy loyihalar asosida “Mahalla markazi” majmualari barpo etilishi, tashabbuskor fuqarolar va jamoatchilik tuzilmalari vakillari uchun “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni ta’sis etilgani fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni samarali amalga oshirishda muhim omil bo‘ladi. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, mahalla institutining joylarda xalqning maslakdoshi va ko‘makdoshiga, ta’bir joiz bo‘lsa, "adolat tarozisi"ga aylanishi, hech shubhasiz, odamlarning davlatga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi. 

Respublika kengashining ta’sis konferensiyasida davlatimiz rahbari farmonida belgilangan vazifalar mazmun-mohiyati va ahamiyati, mazkur hujjat ijrosini ta’minlashda Respublika kengashi, hududiy kengashlar va fuqarolar yig‘inlari oldida turgan dolzarb vazifalar muhokama etildi. 

Anjumanda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 15-iyun kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan «Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi» mavzusidagi yig‘ilishda so‘zlagan nutqida mahalla instituti faoliyatiga doir belgilangan ustuvor vazifalar, ularning ijrosi haqida ham atroflicha fikr yuritildi. Bu borada mahalla fuqarolar yig‘inlari binolarida bosqichma-bosqich kutubxonalar tashkil etish, joylarda «Mahalla kitobsevarlari» haftaligini o‘tkazish lozimligi ta’kidlandi. Mafkura sohasida hech qachon bo‘shliq bo‘lmasligi, insonning qalbi, ongu tafakkuri axborot olishdan, fikrlashdan, ta’sirlanishdan to‘xtamasligi, mamlakatimizdagi har bir inson ana shu ma’naviy oziqni, avvalo, o‘zi yashayotgan muhitdan olishi kerakligi qayd etildi. Aks holda bu mafkuraviy bo‘shliqni turli buzg‘unchi kuchlar egallashi hech gap emas. Bugungi globallashuv davrida bunga beparvo bo‘lish – farzandlarimiz taqdirini xatarga qo‘yish deganidir. 

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «O‘z uyingni o‘zing asra!» degan da’vatga bugun «O‘z bolangni o‘zing asra!» deb qo‘shimcha kiritish vaqti kelganini ta’kidlagani zimmamizga katta mas’uliyat yukladi, faoliyatimizga yangicha yondashib, ishlash usullarimizni zamon talablari asosida qayta ko‘rib chiqishga undadi, – deydi Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani «Shahrixonsoy» MFY raisi, senator Tojibar Yo‘ldosheva. – Shu paytga qadar uyushmagan yoshlar bilan ishlashda aniq tizim bo‘lmagani, ular dardini, orzu-maqsadini kimga aytishni, kim bilan maslahatlashishni bilmagani bois ayrim yoshlar turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolgani, yoshlar va o‘smirlar orasida bezorilik, jinoyatlar ortgani achchiq haqiqat. Bugungi anjumanda bu borada yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklarni tahlil qilib, istiqboldagi vazifalar borasida fikrlashib oldik. 

Davlatimiz rahbari hududlarga safarlari davomida mahallalarga tashrif buyurmoqda, fuqarolar yig‘ini xodimlari, profilaktika inspektori va aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, xalq bilan muloqot qilmoqda. Prezidentimiz shu yil 25-mart kuni Yunusobod tumani Uvaysiy nomidagi mahalla hayoti bilan tanishar ekan, «Mahalla ahli bir oila kabi ishonchli, mustahkam rishtalar bilan o‘zaro uzviy bog‘lanishi kerak. Buning uchun mahalla faollari, profilaktika inspektori har bir oila ahvolidan, quvonchu tashvishidan doimo xabardor bo‘lishi, o‘zaro ahillik va hamjihatlik targ‘ibotchisiga aylanishi lozim. Shundagina odamlar mahallaga kelib o‘z fikrini, taklifini, dardini bemalol aytadi, muammosiga yechim topadi», deb ta’kidladi. 

– Kecha Uvaysiy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, tajriba almashdik, – deydi Samarqand shahridagi «Lolazor» mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Iroda Yusupova. – Bizning mahallamiz kabi bu hududda ham turli millat vakillaridan iborat aholi yashar ekan. Mahallalarda millatlararo totuvlik, xalqimizga xos do‘stlik, hamjihatlik, mehr-oqibat fazilatlarini yanada kuchaytirish mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi asosini, mustaqilligimizni mustahkamlash bilan chambarchas bog‘liqdir. 

Anjumanda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashini tuzish, kengash a’zolarini tasdiqlash, kengashning Ustavi va ramzi loyihalarini muhokama qilish, kengash boshqaruvini saylash, taftish komissiyasini saylash kabi tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi. Respublika kengashining raisi, uning birinchi o‘rinbosari, tashkiliy ishlar va uslubiy masalalar, yoshlar ishlari, diniy-ma’rifiy masalalar, keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari, kengash kotibi saylandi. Respublika kengashi qoshida jamoatchilik nazorati guruhi tashkil etilib, uning tarkibi tasdiqlandi. 

Konferensiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.Komilov ishtirok etdi.

 

Umid Yoqubov, O‘zA

Поделиться