O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Zamonaviy texnikalar ko‘rgazmasi
2015-03-17 | Iqtisodiyot
Navoiyda "O'zqishloqxo'jalikmashlizing" aksiyadorlik lizing kompaniyasi tomonidan qishloq xo'jaligi texnikalari ko'rgazmasi o'tkazildi. Navoiy va Buxoro viloyatlari fermerlari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan 44 rusumdagi eng zamonaviy texnika va agregatlar namoyish etildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda qishloq xo'jaligi sohasini yanada isloh qilish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, zamonaviy texnikalardan keng va samarali foydalanishga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi.
– Bunday ko'rgazmalar fermerlar uchun katta imkoniyat yaratadi, – deydi "O'zqishloqxo'jalikmashlizing" kompaniyasi Navoiy viloyati filiali mutaxassisi Umar Qurbonov. – Tadbirda viloyat fermerlari tomonidan 77 dona texnika va agregat xarid qilish bo'yicha 4,5 milliard so'mlik shartnoma imzolandi. Buxorolik fermerlar ham bu borada qator kelishuvlarga erishdilar.
Darhaqiqat, 2014-yili Navoiy viloyati fermerlarining og'irini yengil qilish maqsadida kompaniya tomonidan 133 dona zamonaviy texnika lizing asosida yetkazib berildi. Joriy yilda bu ko'rsatkich 255 ga yetishi kutilmoqda.
– Ko'rgazmada xo'jaligimiz uchun zarur tejamkor haydov traktorini xarid qildik, – deydi Xatirchi tumanidagi "G'ofurjon Abduxoliqov" fermer xo'jaligi rahbari Bobosher Xoliqov. – Ellik gektar yerimiz bor. Paxta va g'alladan yiliga o'rtacha 40 sentnerdan hosil olamiz. Yangi texnika hosildorlikni yanada oshirish imkonini beradi.
Ko'rgazmada Navoiy viloyati hokimi E.Turdimov so'zga chiqdi.