O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tadbirkor ayollar forumi
2017-06-29 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan "Jamiyat rivojlanishida tadbirkor xotin-qizlarning roli" mavzuida tadbirkor ayollarning birinchi forumi tashkil etildi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Markaziy bank, Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi, "Tadbirkor ayol" uyushmasi kabi qator tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan forumga vazirlik va idoralar mutasaddilari, biznes va moliya, huquq sohasi vakillari, olimlar va ekspertlar, ishbilarmon xotin-qizlar taklif etildi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E.Muhiddinov va boshqalar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov boshlab bergan xotin-qizlar uchun keng imkoniyatlar yaratish, ularning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvatlashga oid amaliy ishlarning bardavomligi izchil ta’minlanayotganini ta’kidladi.
Ayollarni e’zozlash, ularning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini hayotga joriy etishga ko‘maklashish, sohaga doir milliy qonunchilikni muttasil takomillashtirish masalasi Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning doimiy e’tiborida bo‘lib kelmoqda.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida xotin-qizlar, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish masalalari ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.
Ayollarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, ularning biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash hamda imtiyozli kredit bilan ta’minlashga ko‘maklashish O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatida muhim o‘rin tutadi. Ushbu jamoat tashkiloti tomonidan o‘tkazilayotgan "Mahallaning eng namunali tadbirkor ayoli", "Tadbirkor qizning eng yaxshi loyihasi" singari tanlovlar, xotin-qizlarning iqtisodiy bilimlarini yanada yuksaltirishga oid seminarlar, konferensiya va forumlar muntazam tashkil etilmoqda. Bularning barchasi ayollarning biznesga doir bilimlarini boyitish, mavjud dolzarb masalalar yechimini hal etishda mutasaddi tashkilotlar vakillarini jalb etish imkonini bermoqda.
Mohlaroy Abdunabiyeva Andijon industrial-pedagogika kasb-hunar kollejini 2016-yilda tamomlab, "Mohlarbegim" o‘quv markazini tashkil etgan. Bu yerda mahalladagi 130 dan ortiq qizga tikuvchilik, pazandalik, parda tikish, to‘qish, sartaroshlik va boshqa yo‘nalishlarda kasb sirlari o‘rgatilmoqda.
– Markaz faoliyatini yanada kengaytirish niyatim bor, – deydi M.Abdunabiyeva. – Forumda tabdirkorlar uchun yaratilayotgan qulaylik va imkoniyatlar, ishbilarmonlikda ko‘p yillar samarali faoliyat olib borayotgan biznes hamkorlar bilan tanishdim.
Ziyoda To‘rayeva Jizzaxning Forish tumanida 2004-yilda "Marat MN" xususiy firmasini tashkil etgan. O‘z biznesini baliqchilikda muvaffaqiyatli yuritayotgan tadbirkorga oila a’zolari yaqin ko‘makdosh.
– Yangi texnologiyalar bilan jihozlangan mini-sex ochib, unda baliq mahsulotlarini konservalashni yo‘lga qo‘ymoqchimiz, – deydi Z.To‘rayeva. – Shu bilan birga tikuv sexi, savdo shoxobchasi ishlab turibdi. Yaqinda gilamdo‘zlik sexi ochishni rejalashtirganmiz. Bu qo‘shimcha ish joyi demakdir.
Ishtirokchilar uchun ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, sohaga oid milliy qonunchilik, eksport-import operatsiyalarini rivojlantirish, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish kabi mavzular asosida sho‘balarga bo‘lingan holda mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Faoliyati eng yaxshi deb topilgan tadbirkor ayollar turli nominatsiyalar bo‘yicha diplomlar va xorijda malaka oshirish uchun yo‘llanma-sertifikat bilan taqdirlandi.
Forumda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva so‘zga chiqdi.