O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ofitserlar xizmatga shay
2017-06-28 | Ta’lim
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasida Oliy akademik kurslarning tinglovchilari va akademiya bitiruvchilariga navbatdagi diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri A.Azizov, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i B.Matlyubov va boshqalar yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish mazkur oliy dargohda yetishib chiqayotgan har bir ofitserning mas’uliyatli burchi ekanini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 10-apreldagi «Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish hamda yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi mamlakatimizda ichki ishlar organlarini malakali kadrlar bilan ta’minlash, ularning professional darajasini oshirishga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Bugungi kunda akademiyada tergov faoliyati, tezkor-qidiruv faoliyati, huquqbuzarliklarning oldini olish, ekspert-kriminalistika faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda. Ta’lim jarayoni yangi davlat standartlari, zamonaviy axborot va ilg‘or pedagogik texnologiyalarni qo‘llagan holda, namunaviy o‘quv rejalari asosida olib borilmoqda.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar kursantlarni o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagani bilan tabriklab, ular olgan bilim va ko‘nikmalar mamlakatimizda tinchlikni mustahkamlash, jamiyatimizda barqarorlikni ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirdi.