O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Surxondaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan uchrashdi.
2017-06-27 | Jamiyat
Uchrashuvda viloyatdagi barcha ommaviy axborot vositalari rahbar va xodimlari, Respublika OAVlarining viloyatdagi muxbirlari ishtirok etdi.
Viloyat hokimi ommaviy axborot vositalari faoliyati yuzasidan fikr yuritar ekan, bugungi tezkor va shiddatli zamon talabiga moslashish, rivojlanish va taraqqiyotdan ortda qolmaslik uchun soha vakillari o‘zlarining zimmasidagi mas’uliyatni sidqidildan amalga oshirishlari, xalqimizga ishonchli va xolis axborot tarqatish borasidagi ishlarni jonlantirish lozimligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Bu borada kadrlar malakasi va salohiyatini oshirish, tahririyatga tajribali kadrlarni jalb etish, internet jurnalistikasi imkoniyatlaridan samarali foydalanish, viloyatdagi barcha ommaviy axborot vositalarining veb-saytlarini tashkil etish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi.
Shuningdek, uchrashuvda yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida viloyat hokimining tashabbusi bilan yosh jurnalistlar tanlovini o‘tkazish bo‘yicha kelishib oldilar.
Tadbir davomida viloyat hokimligi ommaviy axborot vositalari xodimlarini viloyat hayotiga oid zaruriy ma’lumotlar bilan ta’minlash masalasida muntazam Matbuot anjumanlari o‘tkazib borish hamda bu masalada viloyat hokimligining Axborot-tahlil guruhi va sohalar bo‘yicha kotibiyatlari mas’ul ekanligi belgilab qo‘yildi.
Viloyat hokimi Termiz shahridagi “Matbuot uyi” binosini kapital ta’mirlash ishlari boshlanganini, bu yerda jurnalistlar barcha qulay sharoitlar yaratilishi, kelgusida ushbu binoda Matbuot anjumanlari o‘tkazish uchun barcha imkoniyatlar muhayyo etilishini aytib o‘tdi.
Jurnalistlardan Ch.Alimov, I.Shomirov, N.Raxmatullaeva, E.Go‘ro‘g‘liev, N.To‘raev va boshqalar so‘zga chiqib, vohamizda bo‘layotgan barcha sohalardagi islohotlar jarayonida jurnalistlarimiz yanada faollik, yangicha kuch-g‘ayrat bilan o‘z faoliyatlarini davom ettirish bo‘yicha fikr va mulohazalar birdirishdi.