O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Jizzax viloyati hokimining yangi o’rinbosarlari tayinlandi
2017-06-27 | Jamiyat
Joriy yilning 24 iyun kuni Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashining sessiyasi bo’lib o’tdi. Yig’ilishda tashkiliy masalalar ko’rib chiqildi. Unga ko’ra Jizzax viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo’yicha birinchi o’rinbosari hamda viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha o’rinbosari lavozimlariga nomzodlar tayinlandi.
Jizzax viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo’yicha birinchi o’rinbosari etib “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasi direktori lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Abdulloyev Alijon Kaxramonovich tayinlangan bo’lsa, shu vaqtgacha vakant bo’lib turgan viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha o’rinbosari lavozimida endilikda To’xtamishev Botir Qo’nishevich faoliyat yuritadigan bo’ldi.
2016 yilning dekabr oyidan Jizzax viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo’yicha birinchi o’rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan Mustafoyev Ulug’bek Mavlonovich joriy yilning 13 iyun kuni “O’zbekenergo” AJ raisi lavozimiga tayinlangan edi.
Jizzax viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo’yicha yangi birinchi o’rinbosari Abdulloyev Alijon Kaxramonovich 1974 yilda Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tavallud topgan. Ma’lumoti oliy. Toshkent davlat universitetini tamomlagan. Iqtisod fanlari nomzodi. Rus, ingliz va nemis tillarini mukammal o’zlashtirgan.
Viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha o’rinbosari To’xtamishev Botir Qo’nishevich 1972 yil Jizzax viloyatining G’allaorol tumanida tug’ilgan. 1994 yil Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tamomlagan. Texnika fanlari nomzodi. Mazkur lavozimga qadar Andijon qishloq xo’jaligi instituti o’quv ishlari bo’yicha prorektori vazifasida faoliyat yuritgan.