O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mamlakatimizda 1,1 million gektardan ortiq yerning suv ta’minoti yaxshilandi
2017-06-27 | Iqtisodiyot
Milliy matbuot markazida "Gidrotexnik inshootlarni qurish va rekonstruksiya qilish – suv resurslaridan samarali foydalanish mezoni" mavzuida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligidan ma’lum qilishlaricha, agrar sohani rivojlantirish, qishloq xo‘jalik ekinlaridan mo‘l va sifatli hosil yetishtirish, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashda suv resurslaridan unumli foydalanish, melioratsiya va irrigatsiya obyektlarini yangilash va rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Keyingi besh yil mobaynida suv xo‘jaligi obyektlarida kapital qurilish va rekonstruksiya qilish tadbirlarini bajarishga davlat byudjetidan qariyb 2 trillion so‘m yo‘naltirildi. Ushbu mablag‘lar hisobidan kanallar, yirik gidrotexnik inshootlar, nasos stansiyalari qurildi, rekonstruksiya qilindi. Ekin maydonlarini suv bilan ta’minlash uchun bir qator suv omborlari barpo etildi. Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi 395 ming gektardan ziyod maydonlarni suv bilan ta’minlaydigan "Sardoba", Namangan viloyatidagi "Jiydalisoy", Navoiy viloyatidagi "Ko‘ksaroy" suv omborlari shular jumlasidandir.
– Suv resurslarini samarali boshqarishni ta’minlash maqsadida kanallar betonlashtirilib, gidrotexnik inshootlar modernizatsiya qilinmoqda, – deydi vazirlik boshqarma boshlig‘i M.Qurbonov. – Kanallarning shaharlar hududidan o‘tgan qismlari atrofida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Nukus shahridagi "Do‘stlik", Jizzax shahridagi "Qo‘rg‘ontepa", Zomin shahridagi "Zominsoy", Guliston shahridan o‘tuvchi "Do‘stlik" kanallarining atrofida piyodalar yo‘laklari qurildi. Metall panjaralar va tungi yoritgichlar o‘rnatildi.
Tadbirda suv inshootlari qurishda zamonaviy arxitektura yechimlaridan keng foydalanilayotgani, Guliston shahridagi "Do‘stlik'" kanalini betonlashtirishda filtratsiya yordamida suv yo‘qotilishini cheklash hamda Guliston shahri yerlarining sizot suvlari sathini pasaytirishda beton qoplamalari orasiga geomembrana qo‘llanilgani shahar yer osti suvlarining sathini 1-1,5 metrga pasaytirishga xizmat qilgani qayd etildi.
2013-2017-yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturiga asosan yurtimizda yana qator nasos stansiyalari modernizatsiya qilindi. Namangan viloyatida "Yangiyer", Andijon viloyatida "Ko‘k gumbaz", "Qurama", "Bog‘i Bobur", Qashqadaryo viloyatida "Qo‘ng‘ir", "Yo‘ldosh", "Yangibog‘", Samarqand viloyatida "Jartepa", "O‘zbekiston", Surxondaryodagi "Qoraariq" nasos stansiyalarida zamonaviy energiya tejovchi agregatlar va elektr qurilmalaridan keng foydalanildi.
Tizimda amalga oshirilgan ana shunday tadbirlar natijasida yurtimizdagi 1 million 123 ming gektardan ortiq maydondagi fermer va dehqon xo‘jaliklari, aholi tomorqa yerlarining suv ta’minoti yaxshilanishiga erishildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 23-dekabrdagi "O‘zbekiston Respublikasining 2017-yilgi Investitsiya dasturi to‘g‘risida"gi qaroriga asosan irrigatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, yirik va o‘ta muhim suv xo‘jaligi obyektlari ishonchli foydalanilishini va xavfsiz ishlatilishini oshirish choralari ko‘rilmoqda. Unga ko‘ra, joriy yilda bu tadbirlar uchun davlat byudjetidan 451 milliard so‘m ajratilgan.
Matbuot anjumanida mazkur mablag‘lar evaziga joriy yilda qariyb 140 loyiha bajarilishi, bu yana 275 ming gektar yer maydonining suv ta’minoti yaxshilanishiga xizmat qilishi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida kanallardagi nasoslardan voz kechilishi haqida ma’lumot berildi.