O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yurt tinchligi, Vatan ravnaqi – oliy ne’mat
2017-06-22 | Madaniyat
Samarqand viloyati shahar va qishloqlarida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostida do‘stlik va madaniyat festivali bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirlar dastlab tumanlarda o‘tkazilib, davlat va jamoat tashkilotlari, milliy madaniy markazlar vakillari, adabiyot va san’at namoyondalari Prezidentimiz rahnamoligida millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash, ko‘p millatli xalqimizning ahil oila singari hayot kechirib, milliy an’ana va qadriyatlarini asrab-avaylashi, rivojlantirishi uchun yaratilgan keng imkoniyatlar haqida so‘z yuritdi. Yurtimizdagi turli millat va elatlar hayoti, turmush tarzi aks etgan fotosuratlar ko‘rgazmasi, badiiy dasturlar namoyish etildi.
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Yurt tinchligi, Vatan ravnaqi – oliy ne’mat” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi vakili S.Mironov, Respublika “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi raisi I.Latipov va boshqalar yurtimizda ijtimoiy barqarorlik va tinchlik-osoyishtalikni asrab-avaylash, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Bugun O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari turli soha va tarmoqlarda fidokorona mehnat qilmoqda. 138 milliy madaniy markaz faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular o‘z millati tili, tarixi, madaniyati, an’ana va qadriyatlarini asrab-avaylab, rivojlantirib, turli bayram va milliy marosimlarini barcha millatlar vakillari bilan birgalikda nishonlamoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 19-maydagi “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirishda muhim dasturilamal bo‘layotir.
– Xalqlarimiz o‘rtasidagi hamjihatlik, ahillik va do‘stlik rishtalari necha ming yillik tarixga ega, – deydi Respublika tojik milliy madaniy markazi raisi Sharofat Ermatova. – Bizning nafaqat tashqi ko‘rinishimiz, balki dinimiz bir, dilimiz yaqin, urf-odat va an’analarimiz o‘xshash. Davlatimiz tomonidan urf-odat va rasm-rusumlarimizni to‘liq ado etishga barcha sharoit yaratilgan. Mamlakat miqyosida o‘tadigan tadbirlarda faol ishtirok etamiz. Mazkur festivalning ko‘tarinki kayfiyatda o‘tishida badiiy jamoalarimizning ham xizmati katta bo‘ldi. Ular ijrosidagi Vatan, tinchlik, mustaqillik va do‘stlikni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
“Inson manfaatlari – ulug‘ qadriyat” nomli ko‘rgazmada yurtimizda yashovchi turli millat vakillari ijodiga mansub mo‘yqalam asarlari va fotosuratlar, shuningdek, turli xalqlarning milliy liboslari, hunarmandlik va boshqa xalq amaliy san’ati namunalari namoyish etildi. Viloyatdagi milliy madaniy markazlar qoshidagi folklor jamoalarining chiqishlari barchaga o‘zgacha zavq bag‘ishladi.
Festival tadbirlari taniqli san’atkorlar va milliy madaniy markazlar badiiy jamoalari ishtirokidagi gala-konsert bilan yakunlandi.
Tadbirda Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi T.Jo‘rayev so‘zga chiqdi.