O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adolat va qonuniylik – xalq va mamlakat xotirjamligining asosi
2017-06-20 | Jamiyat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev asos solgan xalq bilan muloqot, murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim – Xalq qabulxonalari instituti mamlakatimizda har bir soha va hududdagi asl manzarani, mavjud ahvolni real ko‘rish va baholash, oddiy odamlar qalbiga quloq solish, ularning dard-tashvishlarini astoydil tinglash, muammolarini hal etish imkonini bermoqda. Asosiy maqsad – davlat idoralarining xalq talab va istaklari asosida ishlashiga erishish, xalqimizni hayotdan rozi qilishdan iborat.
Bu jihatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati tashkil qilayotgan sayyor qabullarda o‘z ifodasini topmoqda. Mamlakatimizning barcha hududlarida sayyor qabullar tashkil etildi.
Mazkur tizimning navbatdagi bosqichida ilk bora sohalar bo‘yicha murojaatlar bilan ishlashga kirishildi. Bu borada 20-iyun kuni Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyida boshlangan sayyor qabulda sud, prokuratura, ichki ishlar, adliya, soliq va bojxona masalalari bo‘yicha fuqarolar va tadbirkorlarning murojaatlari bevosita muhokama qilindi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaatlar bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois sayyor qabulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T.Xudoyberganov, Oliy sud raisi K.Komilov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.Abdullayev, ichki ishlar vaziri A.Azizov, Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.Parpiyev, Davlat bojxona qo‘mitasi raisi M.Tohiriy, adliya vaziri M.Ikromov fuqarolar va tadbirkorlarning murojaatlarini tinglab, ularga yechim izlagani murojaatchilar uchun katta qulaylik bo‘ldi.
Bugunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlarning 55 ming 416 tasi sud organlariga tegishlidir. Eng ko‘p murojaatlar poytaxtimiz (21,8 foiz), Toshkent (11,6 foiz), Farg‘ona (9,4 foiz), Qashqadaryo (9,3 foiz), Surxondaryo (9 foiz) viloyatlaridan kelgan. Murojaatlarning katta qismi – 52,2 foizi sudlarda fuqarolik ishlari ko‘rilishiga oid.
Mazkur sayyor qabul ham bir haqiqatni – Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar hayotning o‘tkir ehtiyoji va talabi mahsuli ekanini yana bir bor amalda namoyon etmoqda. Chunki aksariyat murojaatda aholi o‘zi yo oilasi bilan bog‘liq sud qarorlaridan norozilik bildirmoqda. Albatta, bu barcha shikoyatchi haq ekanini bildirmaydi, biroq ayrim murojaatchilarning yillar davomida sarson-sargardon yurgani, ularning o‘nlab shikoyatlari beiz ketganiga guvoh bo‘lib, fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishda chindan ham muammolar yig‘ilib qolganiga amin bo‘lish mumkin.
Ayni paytgacha Ichki ishlar vazirligiga 93 ming 484, Bosh prokuraturaga 50 mingdan ziyod, Adliya vazirligiga 43 ming 245, Davlat soliq qo‘mitasiga 6 ming 273, Davlat bojxona qo‘mitasiga 1 ming 41 murojaat kelib tushgan. Bunda aholi va tadbirkorlar Ichki ishlar vazirligiga asosan fuqarolik pasporti (14,6 foiz), Bosh prokuraturaga ish haqini undirish (15,1 foiz), Adliya vazirligiga aliment undirish (47,8 foiz), Davlat soliq qo‘mitasiga soliqqa tortish bilan bog‘liq masalalar (22,3 foiz), Davlat bojxona qo‘mitasiga xizmatdan noqonuniy bo‘shatilganlik, xizmatga qayta tiklash, Oliy harbiy bojxona institutiga o‘qishga kirish (35 foiz) hamda bojxona nazoratini o‘tkazish va rasmiylashtiruv (30,1 foiz) to‘g‘risida murojaat qilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati o‘tkazgan o‘rganish natijalari ayrim davlat organlarida ba’zi mansabdor shaxslarning murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqmasligi va murojaatchiga javob bermasligi yoki sifatsiz o‘rganishi kabi holatlarga yo‘l qo‘yib kelinayotganini ko‘rsatmoqda. Ayrim hollarda murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha yagona tartib va qoidalarni qo‘llash amaliyoti, ijroning ichki nazorat mexanizmlari yo‘qligi, murojaatlar bilan ishlashda yuzaki yondashuv holatlari Virtual qabulxonaga kelib tushayotgan murojaatlar ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbarining prokuratura, ichki ishlar, sud organlari xodimlari bilan o‘tkazgan yig‘ilishlarida mazkur sohalarda to‘planib qolgan muammo va kamchiliklarga tanqidiy baho berilib, ularning sabab va ildizlari atroflicha tahlil qilingani muammolar yechimida muhim omil bo‘lmoqda. Xalqimiz ko‘z o‘ngida bu boradagi masalalar hal qilinmoqda. Bu davlat idoralari xalqimizga xizmat qilmoqda deganidir.
Mazkur sayyor qabulning o‘ziga xosligi – bunda deyarli barcha masala, u sud yo prokuratura, ichki ishlar yoki adliya, soliq yoxud bojxona masalalari bo‘lishidan qat’i nazar, qo‘shimcha o‘rganish va tekshirishlarni talab qiladi. Sud adolatli yo adolatsiz qaror qabul qilgani, tergov ishlarida xato-kamchiliklar bor-yo‘qligi – bularni aniqlash, adolatli yakuniy qaror qabul qilish uchun vaqt kerak, albatta.
Otabek Yo‘ldoshev veterinar vrach. Uning rahbarligidagi «Deep Forest Animals» MChJ shu yil 3-aprelda ish boshlagan. Bu yerda veterinariya klinikasi, aptekasi va do‘koni bor. Aytishicha, tadbirkorlik faoliyatini endi yo‘lga qo‘ygani bois bir o‘zi ishlaydi: direktor ham, veterinar ham, sotuvchi ham, kassir ham o‘zi. Shu yil 5-may kuni bir mijoz veterinariya dorisiga 7 ming so‘m to‘layotgan paytda ko‘ngilsizlik yuz beradi – sal avval operatsiya qilingan mushuklardan biri qafasdan bo‘shalib, narigisiga tashlanadi. O.Yo‘ldoshev ularni ajratishga shoshiladi va dori olgan mijozga nazorat-kassa mashinasining to‘lov chekini o‘z vaqtida bera olmaydi. Shu voqea ustiga davlat soliq idorasi xodimlari tekshiruvga kelib qoladi.
– Mushuklarni tinchlantirib, 7 ming so‘mni nazorat-kassa mashinasiga kirim qildim, biroq soliq idorasi vakillariga buni tushuntira olmadim, – deydi O.Yo‘ldoshev. – Bunday tekshiruvga ilk marta duch kelganim uchun qo‘rqib qolgandim: tushuntirish xati yozib berib, barcha hujjatga qo‘l qo‘ydim. Biroq shu yil 31-may kuni Mirzo Ulug‘bek tumani davlat soliq inspeksiyasidan 5 million so‘mdan ortiq jarima qog‘ozi kelgach, yana shokka tushib qoldim. Endi ish boshlaganman, buncha pulni to‘lay olmayman. Sudga beray desam, aksiga olib, klinikamizdagi kuzatuv kamerasi kuyib qolgan, asl vaziyatni isbotlab berishim qiyin. To‘g‘ri, ayb mendan o‘tgan, mijozga o‘z vaqtida to‘lov chekini bera olmadim, biroq buning sababi bor-ku. Bugungi sayyor qabulda mutasaddilar bu boradagi murojaatimni o‘rganib, vaziyatni qayta o‘rganib chiqishga va’da berdi.
Yangiyo‘llik Qoriya Ergasheva 78 yoshda. Uning nevarasi Qodirjon yoshligidan sport bilan shug‘ullanadi, shu yo‘nalishdagi kasb-hunar kollejini tamomlagan, ichki ishlar xodimi bo‘lmoqchi. Bu – onaxonning ham orzusi. Biroq Qodirjon ikki yildan beri ichki ishlar tizimiga ishga kira olmayapti.
– Shuning sababini hech bilolmadik-da, ikki yildan beri nevaramdan ham ko‘ra men siqilib ketdim, shuning uchun bugungi sayyor qabulga birga kelaverdim, – deydi Qoriya momo. – Mutasaddilar bugun arzimizni tinglab, nazoratga oldi. «Onaxon, siqilmang, agar barchasi joyida bo‘lsa, tez kunda ijobiy hal qilamiz», deyishdi.
Malika Hamidova 1969-yili Qirg‘izistonning O‘sh viloyati Aravon tumanida tug‘ilgan. 1989-yili Toshkent shahriga kelib, shu yerda yashab qolgan. Biroq uning fuqaroligi ham, pasporti ham, biror joyda doimiy propiskasi ham, uy-joyi ham yo‘q. Qizi Mushtariy Toshkent shahrida tug‘ilgan, o‘tgan yili kollejni bitirdi, biroq haligacha pasport va diplom olmagan. Ona-bola Yashnobod tumanida bir tanishining uyida vaqtincha yashamoqda.
Ularning muammosi ancha chigal. Mutasaddilar buning yechimini bir necha bosqichda ko‘rmoqda.
– Dastavval Chirchiq shahar hokimligiga taqdimnoma kiritib, ularga oilaviy yotoqxonadan joy ajratilishiga yordam beramiz, bu uydan foydalanish huquqi berilgach, shu asosda ular vaqtincha ro‘yxatga olinadi, – deydi Toshkent viloyati IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Xushnud Boqiyev. – So‘ng ularni doimiy propiska qilish, pasport bilan ta’minlash va fuqarolikni rasmiylashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
...Adolat va qonuniylik – xalq va mamlakat xotirjamligining asosi. Bunday ochiq muloqotlar har bir narsani o‘z nomi bilan aytish – nohaqdan haqni, oq va qorani ajratishda, fuqarolarning qonuniy murojaatlarini qisqa muddatda sinchiklab ko‘rib chiqib, hal etishda davlat organlari va aholi uchun birday katta maktab bo‘lmoqda. Adolatning katta-kichigi bo‘lmaydi. Ko‘lami, mohiyat-e’tiboridan qat’i nazar, har bir inson hayotida loaqal bitta masala yechilsa, birniki mingga tatiyveradi. Zotan, har bir murojaat o‘zaro muloqotga, muloqot esa qizg‘in muhokamaga yo‘l ochadi, bu bilan jamiyatimizda adolat barqarorligi ta’minlanadi, adolat bor joyda shikoyatga o‘rin qolmaydi...