O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bag‘rikenglik – barqarorlik asosi
2017-06-20 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 19-maydagi "Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonining mazmun-mohiyatidan kelib chiqib, partiya tashkilotlari va uning deputatlik korpusi oldidagi ustuvor masalalar muhokama qilindi.
Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi H.Ketmonov va boshqalar mamlakatimizda bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatini yuksaltirish, millatlararo va konfessiyalararo hamjihatlikni, fuqarolar totuvligini ta’minlash, xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona, teng huquqli va o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. Bugun O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat, 16 diniy konfessiya vakillari ahil, inoq va totuv oila bo‘lib yashab, yagona maqsad – mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yuksalishi yo‘lida hamjihat mehnat qilmoqda.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, yon-atrofimizda xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini rivojlantirish, yurtimizning xalqaro nufuzini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan farmoni mazkur ustuvor vazifalarni amalga oshirish, bu boradagi strategik maqsadlarga erishishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbirda yoshlar ongida insonparvarlik qadriyatlarini, turli millat vakillari o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni yanada mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga hissa qo‘shish, jumladan, xalqimiz, ayniqsa, olis qishloqlarda yashovchi aholi orasida mazkur farmon mazmun-mohiyatini tushuntirishda partiya deputatlik korpusi oldida turgan dolzarb vazifalar muhokama qilindi. Bu borada partiya dasturiy maqsadlaridan kelib chiqadigan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Manba: O'zA