O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Shveysariya kompaniyalari O‘zbekiston bozoridan joy olmoqda
2017-06-20 | Iqtisodiyot
Yaqinda Shveysariyaning Syurix shahrida mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi va Frankfurt-na-Mayndagi Bosh konsulligi tomonidan Shveysariya-Osiyo savdo palatasi va O‘zbekiston-Shveysariya savdo-sanoat palatasi bilan o‘zaro hamkorlikda O‘zbekiston-Shveysariya biznes-forumi tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi, Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, farmatsevtika hamda to‘qimachilik sohalarining vakillari ishtirok etdi.
Mazkur forum turli sohalarda hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lgan o‘zbekistonlik va shveysariyalik ishbilarmonlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash yo‘lida tashlangan muhim qadam bo‘ldi.
“Xitoy tomonidan ilgari surilgan “Bir makon, bir yo‘l” loyihasining amalga oshirilishi munosabati bilan Markaziy Osiyo mintaqasi, shu jumladan, O‘zbekiston ham Shveysariya kompaniyalarining e'tiborini o‘ziga tortmoqda. Biz O‘zbekiston kompaniyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo aloqalarini o‘rnatishda yaqindan ko‘maklashishga tayyormiz”, dedi Shveysariya-Osiyo savdo palatasi raisi Urs Lustenberger.
O‘zbekistonning Frankfurt-na-Mayndagi bosh konsuli Erkin Hamroyev tadbir ishtirokchilarini respublikamizda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda olib borilayotgan islohotlar va xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtirdi.
Biznes-anjuman chog‘ida “Bluteks Ltd”, “Ismoiljon gilamlari”, “Schärer Schweiter Mettler”, “Bucher Unipektin”, “Buhler”, “SGS SA” singari milliy hamda xorijiy tadbirkorlik sub'yektlari o‘z mahsulotlari va imkoniyatlari taqdimotini o‘tkazdilar.
Mazkur forum yakunlari bo‘yicha Xususiy tadbirkorlik eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi va O‘zbekiston-Shveysariya savdo-sanoat palatasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi, shuningdek, “Top Pharm Service” (O‘zbekiston) va “Clever Ways GmbH” (Shveysariya) farmatsevtika kompaniyalari o‘rtasida ahdlashuv memorandumi imzolandi.
Tadbir doirasida, shuningdek, tomonlar “B2B” formatidagi biznes loyihalarini birgalikda amalga oshirish masalasini ham har tomonlama muhokama qildilar.
Shveysariyalik ishbilarmonlarning ayrimlari “Jahon” axborot agentligi muxbiri bilan bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida mazkur uchrashuv bo‘yicha o‘z fikr-mulohalarini o‘rtoqlashdi.
Shveysariya-Osiyo savdo palatasi raisi Urs Lustenberger:
- Ushbu tadbir har ikki tomonga yangi savdo-iqtisodiy aloqalar o‘rnatish uchun zamin yaratdi. Mamlakatingizning zamonaviy taraqqiyoti, xorijiy sarmoyadorlarga, ayniqsa, farmatsevtika sohasida yaratilayotgan shart-sharoitlar tahsinga loyiqdir. O‘zbekistonda Shveysariya kompaniyalari ishtirokida yangi ishlab chiqarish infratuzilmalarini barpo etish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Shuningdek, mamlakatingizning jo‘g‘rofiy jihatdan qulay joylashgani ham muvaffaqiyatli biznes yuritishdagi muhim omillardan biridir.
“GEFCO Suisse S.A.” kompaniyasi savdo va marketing bo‘yicha departamenti direktori Rejis Serriyer:
- Bugun O‘zbekistonning biz uchun yangi bo‘lgan bozori haqida batafsil ma'lumot oldik. Shuningdek, hamkorlik uchun o‘zlarining aniq takliflari bilan kelgan o‘zbek kompaniyalari bilan aloqalarni o‘rnatish imkoniga ham ega bo‘ldik. O‘ylaymanki, biznesda muvaffaqiyatga erishish xorijiy sheriklarga ham bog‘liq. Shu bois biz O‘zbekiston bilan o‘zaro hamkorlik qilish masalasini ko‘rib chiqmoqdamiz.
“Clever Ways GmbH” ijrochi direktori Charlz Biadji:
- Mazkur forum sharofati bilan O‘zbekistonning “ANFA” farmatsevtika kompaniyasi bilan aloqalarni yo‘lga qo‘ydik. Xususan, o‘zbek mahsulotlarining Yevropa bozorida sotilishini ko‘zda tutadigan ahdlashuv memorandumini imzoladik.
O‘zbekiston bozoriga kirish shveysariyalik tadbirkorlar uchun yangi va juda qiziqarlidir.
O‘zbekistonda iqtisodiyotni yanada liberallashtirish va xorijiy sarmoyadorlarni jalb qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tahsinga loyiq. Umid qilamanki, bizning yangi sheriklarimiz bilan hamkorligimiz uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli bo‘ladi.