O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tibbiyot kollejlari faoliyati takomillashtirilmoqda
2017-06-20 | Jamiyat
Bugun mamlakatimizda yoshlarni o‘zi tanlagan sohaning malakali mutaxassisi bo‘lib yetishishi uchun tizimda izchil islohotlar o‘tkazilmoqda. Ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasi zamon talabiga to‘liq javob berish uchun amaliy ishlar qilinmoqda. Ammo sohani o‘rganishlar yurtimizda kasb-hunar kollejlari o‘quvchi qizlarining egallagan kasbi bo‘yicha ishga joylashtirishda o‘z yechimini kutayotgan masalalar borligini ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, bu jihat tibbiyot kollejlari bitiruvchilari o‘rtasida yanada yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
Misol uchun, 2015-2016 o‘quv yilida Toshkent shahridagi tibbiyot kollejlarini 8274 nafar o‘quvchi bitirgan bo‘lsa,ularning bor-yo‘g‘i 33 foizi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan ta’minlangan,xolos.
Shu sababli, o‘tgan yili mamlakatimiz bo‘yicha tibbiyot kollejlariga 35 ming nafardan ziyod o‘quvchi qabul qilingan bo‘lsa, joriy yilda qabul kvotasi 7 mingga qisqartirilib, 28 ming nafarga yaqin o‘quvchi qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Ma’lumki, mamlakatimiz Prezidentining 2017 yil 14 martdagi “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2829-sonli qarori asosida mehnat bozoridagi real ish o‘rinlari va akademik litseylarning sifat ko‘rsatkichi tahlil qilingan holda 18 ta akademik litsey kasb-hunar kollejlariga aylantirildi. 4 ta akademik litseyda o‘quvchilar qabuli to‘xtatildi.
Kelgusida ham hududlarning real iqtisodiyot tarmoqlarida barcha sohalardagi kabi o‘rta maxsus ma’lumotli tibbiyot kadrlariga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqqan holda malakali kadrlar tayyorlash tizimi isloh qilinib, yildan-yilga bosqichma-bosqich takomillashtirilib boriladi.
Yaqinda P.F.Borovskiy nomidagi Toshkent tibbiyot kollejining faoliyati o‘rganish natijalari ham ushbu muassasada o‘quv tarbiyaviy jarayonni tashkil etishda jiddiy muammolar borligini ko‘rsatdi. Jumladan, kollejda 2 ming real o‘quvchi o‘rni mavjud bo‘lsa-da, bugungi kunda 3 ming 94 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.
Kollejda o‘quvchilar soni uning quvvatiga nisbatan 1.5 barobar ko‘pligi, guruhlarda o‘quvchilar soni o‘rtacha 36-38 nafarni tashkil etishi, o‘quv xonalari yetishmasligi darslar 2 smenada tashkil etilishiga sabab bo‘lgan. Bu esa o‘quvchilarning darsdan bo‘sh vaqtlarida to‘garak mashg‘ulotlariga jalb etilishini cheklab qo‘ygan, ya’ni qo‘shimcha mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun bo‘sh auditoriyalarga juda katta ehtiyoj sezilgan.
Qolaversa, o‘quvchilar sonining ko‘pligi jismoniy tarbiya darslarini sport zallarida tashkil etishda o‘quvchilarni to‘liq qamrab olish imkonini bermaydi. Ya’ni, ayrim guruhlarga jismoniy tarbiya darslarini o‘tish imkoni bo‘lmagan.
Bundan tashqari, kollejning faollar zali ham yo‘q. Bu holat o‘quvchilar o‘rtasida ma’naviy-axloqiy, tarbiyaviy ishlarni tashkil etish, ota-onalar yig‘ilishlarini o‘tkazish imkonini bermaydi. Ustiga-ustak, uch ming nafardan ortiq o‘quvchi tahsil oladigan ushbu kollejning Axborot resurs markazi o‘quv zali bor yo‘g‘i 34 o‘quvchiga mo‘ljallangan, xolos.
Umuman, darslarning 2 smenada tashkil etilganligi, o‘quv xonalarining barchasi bandligi, ta’lim muassasasida o‘qituvchilarning o‘z ustida ishlashi, ota-onalar bilan ishlash, darsdan tashqari ishlarni tashkil etish, psixologik xizmat ko‘rsatish, ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy ishlarni tashkil etishda jiddiy muammolarni yuzaga keltirgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, Toshkent shahridagi P.F.Borovskiy nomli tibbiyot kollejiga 2017-2018 o‘quv yili uchun qabul to‘xtatilishi yuzasidan tegishli takliflar tayyorlandi. Mazkur takliflar O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi hamda Toshkent shahar hokimligi huzuridagi 9-sinf bitiruvchilarini akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga qamrab olish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi Kengashga taqdim etildi.
Mazkur vakolatli organlar tomonidan ta’lim muassasasining kelgusi faoliyati bilan bog‘liq tegishli qarorlar qabul qilinadi.