Poytaxtimizda "Anhor-Lokomotiv" istirohat bog‘ida bir kun" deb nomlangan madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda bog‘ning yoz mavsumida bolalarni dam oldirishga oid tayyorgarlik ishlari xususida ma’lumot berildi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalqimizning maroqli dam olishi uchun zarur barcha sharoitlarni yaratish, zamonaviy shaharsozlik va me’morlik talablariga javob beradigan istirohat bog‘lari barpo etish borasidagi ishlar natijasida mamlakatimizda so‘lim bog‘ va xiyobonlar bunyod etilmoqda.
"Anhor-Lokomotiv" ana shunday fayzli maskanlardan. Bu yerdagi zamonaviy attraksionlar, mo‘jaz kinoteatr, avtomatlashtirilgan o‘yin qurilmalari dam olishning zavqli o‘tishida alohida ahamiyat kasb etadi. Tarixiy shaharlarimizdagi yodgorlik majmualarining mo‘jaz maketlari, musiqali favvoralar ushbu maskanga o‘zgacha fayz va tarovat bag‘ishlaydi. Suvdagi attraksionlar, sun’iy havza dam oluvchilar bilan gavjum.
Yozgi ta’til avj pallaga chiqqan shu kunlarda bog‘da Mehribonlik uylari, serfarzand oilalarning o‘g‘il-qizlari uchun rang-barang ma’rifiy dasturlar, intellektual o‘yinlar, viktorinalar, ijodiy ko‘rik-tanlovlar muntazam tashkil etilmoqda. Turli aksiyalar, ko‘ngilochar o‘yinlar, mahorat darslari, bolalar badiiy jamoalari ishtirokidagi konsert dasturlari maktab o‘quvchilarining yozgi ta’til kunlari yanada qiziqarli o‘tishini ta’minlamoqda.
Nazokat Usmonova, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA