O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ofitserlar xizmatga yo‘l oldi
2017-06-20 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Harbiy-texnika institutida bitiruvchilarga diplom topshirish va harbiy unvon berishga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Unda keng jamoatchilik vakillari, bitiruvchi kursantlarning ota-onalari, yaqinlari ishtirok etdi.
Ichki ishlar vaziri A.Azizov, institut boshlig‘i H.Mamatov va boshqalar mamlakatimizda ichki ishlar tizimini isloh qilish, sohani yuksak malakali, professional kadrlar bilan ta’minlash, ta’lim dargohlarida o‘qitishning zamonaviy usul va vositalaridan keng foydalanishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Toshkent oliy harbiy-texnik bilim yurti sifatida faoliyat ko‘rsatgan ta’lim dargohi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 10-apreldagi «Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga asosan Harbiy-texnika institutiga aylantirildi.
Bu ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish imkonini berib, yosh ofitserlarning harbiy va sohaviy bilimlarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.