O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Axborot xavfsizligi bo'yicha seminar bo'lib o'tdi
2017-06-16 | Texnologiyalar
Ma'lumki, mamlakatimizda axborot xavfsizligini ta'minlash muhim va dolzarb masala hisoblanib bu sohada hukumatimiz, vakolatli organlar hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, barcha tashkilotlar tomonidan doimiy ravishda tegishli choralar ko‘rib kelinadi.
Shu munosabat va maqsad bilan bugun - 2017-yil 16-iyun kuni Iqtisodiyot vazirligida “Axborot xavfsizligi tizimida “inson omili” tufayli kelib chiqadigan hodisalarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar” mavzusida oldindan tasdiqlangan reja asosida vazirlik xodimlarining bu sohaga bo‘lgan e'tiborlarini kuchaytirish hamda bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot xavfsizligini ta'minlash markazi xodimlari Sanjar Dusmuxamedov hamda Farrux Xusenovlar o‘z ma'ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Ma'ruzachi Sanjar Dusmuxamedov o‘z so‘zini yaqinda butun dunyo bo‘ylab keng tarqatilgan o‘ta xavfli virus - WannaCry virusi, qanday holatlarda qurilmalarni zararlashi hamda uning salbiy oqibatlari va eng muhimi mazkur virusdan himoyalanishda “inson omili” g‘oyatda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta'kidladi.
Ma'ruzachi axborot xavfsizligi - bu kompleks tadbirlar majmui, yagona bir tizim ekanligi, axborotlar bilan ishlaydigan xodimlar bu tizimning bir bo‘g‘ini, ya'ni axborot xavfsizligi samaradorligini ta'minlaydigan bo‘g‘in sifatida qaralalishini ta'kidlarkan, bunda “inson omili” butun bir tizimning eng zaif nuqtalardan biri sanalishi mumkinligini ham ma'lum qilib o‘tdi.
Jumladan, axborot xavfsizligi tizimida “inson omili” tufayli kelib chiqadigan xodisalarning oldini olish va xodimlar bu sohadagi bilimlarini doimiy oshirib borishlari zarurligini aytdi.
Ma'ruzachi, shuningdek, o‘z taqdimotida axborot xavfsizligida “inson omili” tufayli kelib chiqadigan hodisalar bo‘yicha hayotiy misollar va dalillarga murojaat etdi.
Bo‘lib o‘tgan mazkur tadbir vazirlik jamoasi uchun juda foydali bo‘ldi, shuningdek tinglovchilar mavzuga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga ma'ruzachilar tomonidan batafsil javob oldilar.