O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Harakatlar strategiyasi ijrosida Senatning o‘rni
2017-06-16 | Jamiyat
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Harakatlar strategiyasini amalga oshirish borasidagi faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda senatorlar, Adliya, Sog‘liqni saqlash, Tashqi ishlar vazirliklari, sud va prokuratura idoralari mas’ul xodimlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining o‘rinbosari S.Ortiqova, “Taraqqiyot strategiyasi” markazining ijrochi direktori A.Burhonov va boshqalar mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda Oliy Majlisning rolini yanada kuchaytirish O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.
Davlat hokimiyati tizimida parlament rolini kuchaytirish, ijro etuvchi hokimiyat faoliyati ustidan parlament nazoratini takomillashtirish, qonun ijodkorligi faoliyati sifatini tubdan oshirish yuzasidan aniq choralar ko‘rilmoqda.
Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar jarayonida tizimni demokratlashtirish va liberallashtirishning huquqiy asoslari takomillashmoqda. Joylardagi ishlarning holatini davlat organlari bilan hamkorlikda parlament a’zolari tomonidan o‘rganish davomida ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy, sud-huquq islohotlarining borishiga qonunlarning ta’sirini kuchaytirish choralari ko‘rilayotir.
Yangi qabul qilingan qonunlar va qarorlarni ijrochilarga yetkazish, qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka tushuntirishga alohida e’tibor berilmoqda.
Oliy Majlis Senatining yaqinda bo‘lib o‘tgan o‘ninchi yalpi majlisida jamiyat hayotining turli sohalariga oid ko‘plab qonunlar qabul qilindi. Anjumanda mazkur qonunlarning mazmun-mohiyati, ijrosi bilan bog‘liq masalalar haqida to‘xtalib o‘tildi. Qayd etilganidek, yangi qonunlar olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini tubdan oshirishga, Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturini izchil ijro etishga qaratilgan. Ularning o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishi fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ishonchli kafolatlarini ta’minlash, aholi turmush darajasini yanada oshirish, mamlakatimizda barqarorlik va farovonlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Matbuot anjumanida Senat a’zolari va ekspertlar jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.