O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ta’til maroqli o‘tmoqda
2017-06-16 | Jamiyat
Joriy yilda Sirdaryo viloyatidagi 3 doimiy oromgohda 1 ming 800, 32 kunduzgi oromgohda 8 ming 100 o‘quvchi yozgi ta’tilni maroqli o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Prezidentimiz rahnamoligida yosh avlodning jismonan sog‘lom va ma’nan yetun insonlar bo‘lib ulg‘ayishi, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, iste’dod va salohiyatini namoyon etishi yo‘lida barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish konsepsiyasi”ga muvofiq, oromgohlar faqat jismoniy sog‘lomlashtirish maskani emas, balki farzandlarimizning ma’naviyatini, intellektual salohiyatini yuksaltirish markaziga aylantirilgani bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir.
– Mazkur konsepsiyaga asosan oromgohlarning tarbiyaviy yo‘nalishdagi ishlari va tadbirlari mazmunan tubdan yangilandi, yanada boyitildi, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i A.Abdurahmonov. – May oyining dastlabki haftasida oromgohlarga jalb etilgan tarbiyachilar, yetakchilar, musiqa, jismoniy tarbiya, kutubxona va turli to‘garaklar rahbarlari, oromgohlarga biriktirilgan sog‘liqni saqlash, ichki ishlar, yong‘inga qarshi kurash va boshqa mutasaddi tashkilotlar xodimlarining malakasi oshirildi. Barcha oromgohlarda kutubxonalar, turli badiiy va ijodiy to‘garaklar, sport seksiyalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bolalarning qiziqishi inobatga olinib, Guliston tumanidagi 2-, Boyovut tumanidagi 19-, Sirdaryo tumanidagi 25-umumta’lim maktablari qoshida ekologiya va o‘lkashunoslik, Guliston shaharidagi 2-, Mirzaobod tumanidagi 10-umumta’lim maktablari qoshida badiiy ijodiyot yo‘nalishiga ixtisoslashgan kunduzgi oromgohlar tashkil etilgan. Oqoltin tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar markazi hamda Yangiyer shahridagi 4-umumta’lim maktabi qoshida tashkil etilgan kunduzgi oromgohlarda texnik ijodkorlik yo‘nalishi yo‘lga qo‘yilgan.
“Sirdaryo” bolalar oromgohida ham viloyat hokimligi, kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi, xalq ta’limi, madaniyat boshqarmalari hamkorligida turli viktorina, tanlov va sport musobaqalari muntazam o‘tkazilmoqda. Ayniqsa, "Kitobxon bolajon", "Asfaltdagi suratlarda hayot aksi", "Qo‘shig‘imda diyorim madhi", "Eng go‘zal raqs" kabi tanlovlar, futbol, voleybol, yengil atletika, suzish, shaxmat-shashka singari sport musobaqalarida bolalar zo‘r ishtiyoq bilan ishtirok etmoqda. “Ingliz tili”, “Yosh rassomlar”, “Ashula va raqs”, “Salomatlik va ekologiya” to‘garaklari, sport seksiyalariga malakali o‘qituvchi va murabbiylar jalb etilgan.
O‘tgan yili ushbu oromgoh yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalashga qo‘shgan hissasi va samarali faoliyati uchun mamlakatimizda “Eng namunali oromgoh” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan. Joriy yilda bu yerda uch bosqichda 850 o‘quvchining mazmunli hordiq chiqarishi rejalashtirilgan. Ayni paytda oromgohda birinchi bosqichga kelgan 335 bola ta’tilni maroqli o‘tkazmoqda.
Muxtasar aytganda, Sirdaryo viloyatida ham bolalar yozgi ta’tilni maroqli o‘tkazishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan.