O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hayoti filmlarida davom etmoqda
2017-06-15 | Madaniyat
Yaratgan o‘nlab badiiy va hujjatli filmlari bilan nafaqat o‘zbek, balki jahon kinomuxlislarining ham qalbidan chuqur joy olgan atoqli kinooperator, rejissyor, xalqaro kino festivallari sovrindori, «El-yurt hurmati» ordeni sohibi Hotam Fayziyev hayot bo‘lganida bu yil sakson yoshni qarshi olardi.
Shu munosabat bilan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida xotira kechasi tashkil etildi. Unda H.Fayziyevning oila a’zolari, hamkasb do‘stlari, keng jamoatchilik vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.
«O‘zbekkino» milliy agentligi bosh direktori O.Musayev va boshqalar H.Fayziyevning o‘zbek kinematografiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, u yaratgan kinoasarlarning xalqimiz hayoti, ayniqsa, navqiron avlod tarbiyasidagi o‘rni va ta’siri kuchli ekanini ta’kidladi.
Hotam Fayziyev suratga olgan va rejissyorlik qilgan «Sen yetim emassan», «Sahro osmoni», «Surayyo», «Vijdon amri sari», «Toshkent – non shahri», «Dilorom», «Nur va soya», «Abu Rayhon Beruniy», «Yilning to‘rt fasli», «Jala», «Ehtiyot bo‘ling, ilonlar», «Komila», «Diyonat», «Yolg‘izlikda», «Buvijonimni qaytarib bering», «Hayot mazmuni», «Uran planetasining sayyorasi», «Alangadagi farishta», «Alif Laylo», «Oq bino oqshomlari», «Yulduzingni ber, osmon», «Katta janjal», «Chimildiq», «Kichkina odamlar», «Yozsiz yil» kabi badiiy filmlar o‘zbek kinosi tarixida o‘chmas iz qoldirgan.
– Bu kinoasarlarda H.Fayziyevning o‘ziga xos operatorlik talanti va salohiyati yorqin namoyon bo‘lgan, – deydi kinotanqidchi, O‘zbekiston Milliy universiteti professori H.Akbarov. – Shu bilan birga, u rejissyorlikda ham takrorlanmas ish qildi. Uning rejissyorligidagi «Oq bino oqshomlari» badiiy filmini olib qaraylik. Dars jarayonida talabalarimga har safar shu kinoasarni qo‘yib berganimda ularning olgan taassuroti, ko‘zlaridagi xulosani ko‘rib, H.Fayziyevning mahoratiga qoyil qolaman. Hotam Fayziyevning hayoti farzandlari kamolida, umrboqiy filmlarida davom etmoqda.
Xotira kechasida atoqli kinoustaning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan hujjatli film namoyish etildi.