O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2017-06-15 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Parlament komissiyasi raisi A.Saidov va boshqalar mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, ularning ijtimoiy faolligini oshirishga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Bu jarayonda ommaviy axborot vositalarining roli kuchaytirilib, davlat boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini ta’minlashning yangi mexanizmlari joriy etilayotir.
Yig‘ilishda Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tomonidan 2016-yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlar tinglanib, ularning keyingi faoliyati ustuvor vazifalari belgilab olindi.
Fuqarolik jamiyati shakllanishi va rivojlanishida fuqarolik institutlari, NNT roli va o‘rnini kuchaytirish, OAVni demokratlashtirish va liberallashtirish, mamlakatni demokratik yangilashda siyosiy partiyalarning, demokratik islohotlar jarayonida yoshlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari rolini oshirish maqsadida markaz va chekka hududlarda 4 ming 200 dan ortiq tadbir o‘tkazilgan. 2016-yilda institut mutaxassislari 50 dan ortiq qonun va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etgan.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga 2016-yilda 150 million so‘m miqdorida subsidiya ajratilgani haqida ma’lumot berildi. Axborot sohasini isloh qilish, axborot va so‘z erkinligini ta’minlash, demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, mamlakatda olib borilayotgan islohotlarning ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashda ommaviy axborot vositalarining roli va mas’uliyatini kuchaytirish, soha xodimlarining zamonaviy bilim va kasb mahoratini oshirishga doir fikr-mulohazalar bildirildi.
– O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tomonidan 2016-yilda 21 loyiha faoliyati muvofiqlashtirildi, – deydi assotsiatsiya raisi F.Abduxoliqov. – Ushbu loyihalar assotsiatsiyaga a’zo hududiy teleradiostansiyalarga huquqiy-maslahat ko‘rsatish, OAV faoliyatiga oid qonun hujjatlarini ishlab chiqishda ishtirok etish va bu jarayonda nodavlat teleradiouzatuvchilar manfaatlarini himoya qilishga yo‘naltirilgan. Nodavlat teleradiostansiyalar efir dasturlarini ijtimoiy, madaniy-ma’rifiy, musiqiy, kinovideo media mahsulotlar bilan boyitish, assotsiatsiyaga a’zo nodavlat teleradiouzatuvchilar xodimlarining professional mahoratini oshirish va ularni moddiy rag‘batlantirish, turli festivallar, ko‘rik-tanlovlar o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilgan.