O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Samarali hamkorlik
2017-06-15 | Jamiyat
Jizzax viloyati Zomin tumanida BMTning Taraqqiyot dasturi, Global ekologik jamg‘arma va O‘zbekiston Respublikasi “Ergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonning tog‘li, yarim cho‘l va cho‘l landshaftlarida sug‘orilmaydigan qurg‘oqchil yerlarning raqobatli ekspluatatsiya qilinishi natijasida tabiiy resurslardan foydalanish bosimini kamaytirish” loyihasi doirasida tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Jizzax viloyatining Zomin, Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanlarida 2014-2018-yillarga mo‘ljallab amalga oshirilayotgan ushbu loyiha tabiat muhofazasiga doir qonunlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash, ekologik mavzuda qo‘llanma va tarqatma materiallar chop etish, yer osti va yer usti boyliklaridan samarali foydalanishda resurstejamkor texnologiyalarni joriy etish, tuproq eroziyasining oldini olish, bioxilma-xillikni asrash, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan.
Loyiha doirasida aholi o‘rtasida keng ko‘lamli ekologik targ‘ibot ishlari amalga oshirilmoqda. Bu yo‘nalishda kasb-hunar kollejlari, fuqarolar yig‘inlari, fermer xo‘jaliklari bilan yaqin hamkorlik qilinmoqda.
Tumanning “Pshag‘or” qishloq fuqarolar yig‘inida loyihani amalga oshirishda faol ishtirok etayotgan “Tutak Karim dalasi” chorvachilik fermer xo‘jaligiga treyler – ko‘chma uy topshirilishiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Engil avtomobillar uchun tirkamalar tayyorlashga ixtisoslashgan “Asia trailer” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilgan 150 vatt elektr ishlab chiqaruvchi quyosh batareyalari bilan ta’minlangan ushbu ko‘chma uyni yengil avtomobilda tortib yurish mumkin. Og‘irligi bir yarim tonna, balandligi 3,5, eni 2,2 metr bo‘lgan mazkur ko‘chma uy 3 kishi yashashiga mo‘ljallangan. Uy muzlatkich, 50 litrlik propan gaz balloni, 40 litrlik ichimlik suv idishi hamda ichki va tashqi yoritish tizimlariga ega.
– Xo‘jaligimizda 160 bosh qo‘y va 15 bosh qoramol parvarishlanadi, – deydi “Tutak Karim dalasi” fermer xo‘jaligi rahbari A.Jo‘rayev. – 74 gektar maydonda lalmi g‘alla yetishtiramiz. 200 gektarlik yaylovning 30 gektariga bahorda chogon, izen, teresken kabi 6 xil ozuqabop ekin va ming tup saksovul ekdik. Bu ishlarimiz BMTning Taraqqiyot dasturi, Global ekologik jamg‘arma hamda “Ergeodezkadastr” davlat qo‘mitasining qo‘shma loyihasi tomonidan moliyalashtirildi. Bugun ushbu loyiha hisobidan ko‘chma uyga ega bo‘ldik. Bu beg‘araz ko‘maklar tabiatni asrab-avaylash, yaylovlar unumdorligini saqlashga hizmat qiladi.
Fermerlar va mahalla faollari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlar, ilg‘or agrotexnologiyalarni qo‘llash hamda tog‘li, yarim cho‘l va qurg‘oqchil yerlardan foydalanishda tabiat muhofazasini ta’minlash, biotizimni asrash masalalari haqida so‘z yuritildi.
Loyiha doirasida chorvachilikka ixtisoslashtirilgan “Rustamnoma” fermer xo‘jaligida ham 7 gektar maydonga izen, teresken, chogon, cherkez, qandim, kovrak kabi ozuqabop ekinlar, 7 ming tup saksovul ekildi. Loyihadagi shartnoma majburiyatlarini bajarayotgan fermer yetarli yem-xashak yetishtirishdan tashqari, o‘tlarning urug‘ini sotishdan ham foyda olishni mo‘ljallamoqda.
Loyihada ishtirok etayotgan “Hulkar pistasi” fermer xo‘jaligi qir bag‘rida 1000 tup olxo‘ri yetishtirmoqda. Loyiha doirasida ajratilgan 55 million so‘m mablag‘ga tomchilatib sug‘orish uskunalari xarid qilindi.
Sug‘orish uskunasi fermerning 2,1 gektar bog‘ini 4 soatda to‘la sug‘orish imkonini beradi. Olxo‘ri 2018-yilda yalpi hosilga kiradi. Bir tup daraxtdan 50 kilogramm hosil olib, yiliga 50 tonna murabbobop olxo‘ri olish mo‘ljallangan. Bu kamida 100 million so‘m daromad degani.
Loyihani amalga oshirishda Zomin davlat o‘rmon xo‘jaligi ham yaqin hamkorlik qilmoqda. Loyiha doirasida o‘rmon xo‘jaligi qoshida dorivor o‘simliklarni quritish, maydalash va qadoqlashga ixtisoslashtirilgan korxona barpo etildi. Bu yerda dalachoy, do‘lana, kiyik o‘ti va zirani qadoqlash yo‘lga qo‘yildi.
Tabiatni muhofaza qilishga yangicha yondashuv samarasini o‘tgan yilning shu davrida yalang‘och qoladigan qirlar bag‘rini qoplagan yam-yashil o‘t-o‘lanlar ham ko‘rsatib turibdi. O‘simliklarning erkin o‘sishi tipratikan, toshbaqa, ilon kabi jonivorlar va turli hasharotlar makon tutishi, qushlar qo‘nim topishiga sabab bo‘lmoqda. Tuproqning ko‘chishi, eroziyasini to‘xtatayotir. Eng muhimi, odamlarning tabiatga munosabati o‘zgarmoqda. Bugun Pshag‘or, Shirin qishloqlarida o‘nlab odamlar bo‘sh joylarni qo‘riqlab, mevali daraxt va terak yetishtirishga kirishgan. Chorvani yaylovda tinimsiz boqish kamaymoqda.
– Loyihani amalga oshirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham shu – tog‘li, yarim cho‘l va cho‘l hududlaridagi sug‘orilmaydigan qurg‘oqchil yerlardan foydalanishda tabiatni muhofaza qilishga keng jamoatchilik e’tiborini jalb etish, – deydi loyiha menejeri T.Farmonov. – Bu maqsadni amalga oshirishning ishonchli yo‘li odamlarni xo‘jalik yuritishdan daromad olish bilan birga, tabiatni himoya qilishga undash, ushbu yo‘nalishdagi ilg‘or tajribalarni targ‘ib qilish. Bu ishda erishilayotgan natijalarga misollar yetarli. Demak, odamlarda tabiatga muhabbat kuchaymoqda. Bu loyihadan kutilayotgan eng yaxshi samara.