O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Donorlik – beg‘araz yordam

2017-06-15 | Jamiyat

Donorlik – bemorlarga yordam berishning, insonlarga yaxshilik qilishning oddiy usuli. Har kuni minglab insonlar donor qoniga muhtoj bo‘ladi. Afsuski, qonni sun’iy tarzda ishlab chiqishning imkoni yo‘q. Uning yagona manbai beg‘araz donorlardir.

Respublika qon quyish markazida 14-iyun – Xalqaro donorlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda ana shular haqida so‘z bordi. 

Respublika qon quyish markazi direktori R.Yo‘ldoshev, Gematologiya va qon quyish ilmiy-tadqiqot instituti direktori A.Saidov va boshqalar tibbiy ijtimoiy ko‘makka muhtoj insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, beg‘araz yordam muhitini kuchaytirish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan ekanligini ta’kidladi. Mamlakatimizda barcha sohalarda izchillik bilan olib borilayotgan islohotlar jarayonida aholini kuchli ijtimoiy himoya qilish, salomatligini muhofaza etish, yoshlarning tibbiy madaniyatini yuksaltirish, turli favqulodda vaziyatlarda aholiga tezkor va malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotir. 

– Bugun beg‘araz qon donorligini nishonlaydigan o‘ziga xos kundir, – deydi Respublika qon quyish markazi bo‘lim boshlig‘i Zulfiya Ismoilova. – Qon quyib insonlar hayotini saqlab qolish va aholining qonga bo‘lgan ehtiyojini qoplash, favqulodda holatlarga tayyor turish, davlat qon zaxirasini boyitish, insonlarni doimiy beg‘araz donorlikka jalb etish, yoshlarni rahmdillik va insoniylik ruhida tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etadi. Donor qoni murakkab jarrohlik amaliyotlarida, patologik tug‘ruq jarayonlarida, jigar va onkologik kasalliklarda, o‘tkir qon ketishida, og‘ir tan jarohatlarida, kamqonlikda, leykemiyalarda (oq qon), quyish va boshqa ko‘pgina holatlarda ishlatiladi. Donor qoni, ayniqsa, favqulodda vaziyatlarda, rejali jarrohlik amaliyotlarida qo‘l keladi. 

18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan 55 kilodan oshiq vaznga ega O‘zbekiston fuqarolari donor bo‘lishi mumkin. Buning uchun ayollarda gemoglabin darajasi 120, erkaklarda esa 130 dan yuqori bo‘lishi kerak. Ana shu talablarga javob beradigan sog‘lom ayollar har uch oyda, erkaklar ikki oyda bir marta donorlik qilishlari mumkin. Donorlar orasida erkaklar ayollarga nisbatan ko‘pchilikni tashkil qiladi. Respublika qon quyish markazidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2011-yil 93 ming, 2016-yil 120 ming odam qon donori bo‘lgan. 

– Qon berishga qaror qilgan donor insonlarga nafi tegishini bilishi lozim, – deydi yashnobodlik Abduvosit G‘ulomov. – Men mana o‘n besh yil ichida markaz xodimlarining aytishicha, 42-marta qon topshiribman. Ilk bor donorlik qilganimda shifokorlar qon guruhim noyob va kam uchrashini, ko‘p bemorlar bunga muhtoj ekanligini aytgandi. Shundan so‘ng insonlarga yordam berishni dilimga tugdim. Har safar mana shu ezgu ishga qo‘l urganimda ruhiy va jismonan yengillik sezaman. Boshqalarni ham ana shunday xayrli ishga chorlab qolaman. 

Tadbirda donorlarga hamda hamkor tashkilotlar vakillariga faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.

 

Mohigul Qosimova, O‘zA

Поделиться