O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Sog‘lom va go‘zal hayot

2017-06-15 | Jamiyat

Bunda giyohvandlik va narkobiznesga o‘rin yo‘q

Millat genofondini asrash, uni turli zararli illatlardan himoya qilish xalqimiz, davlatimizning ezgu maqsadi.

Ushbu ofatga qarshi kurashish borasida mamlakatimizda izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Har yili iyunda giyohvandlikka qarshi kurashish oyligi o‘tkazib kelinayotir. 

O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi direktori Ahmad Mansurov bilan bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida suhbatlashdi. 

– Ahmad Yoqubjonovich, giyohvandlikka qarshi kurashish borasida qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda? 

– Mamlakatimizda yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi alohida e’tiborda. Tegishli qonun hujjatlarida giyohvandlikning oldini olish, ichkilikbozlik, kashandalik va giyohvandlik kabi zararli illatlarga qarshi kurashish choralari belgilangan. 

Narkotik moddalar bilan bog‘liq jinoyatchilikka qarshi kurashish, uning noqonuniy aylanishiga chek qo‘yish borasida huquq-tartibot organlari zarur choralarni ko‘rmoqda. Davlat va jamoat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ham sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va ommalashtirishga munosib hissa qo‘shayotir. 

Profilaktik tadbirlarda ta’sirchan vositalar – kinofilm va videomateriallar orqali aholi giyohvandlikning og‘ir oqibatlaridan xabardor qilinmoqda. Bu yoshlarda ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga ko‘maklashayotir. 

Prezidentimiz tomonidan har haftaning payshanba kuni – profilaktika kuni deb belgilangani turli g‘ayriijtimoiy holatlarning oldini olishga qaratilgan ishlarni yanada jadallashtirdi. Ushbu yo‘nalishda ko‘rilayotgan choralar samarasini baholash uchun narkovaziyatning asosiy epidemiologik ko‘rsatkichlariga e’tibor berishimiz mumkin. Jumladan, mamlakatimizdagi narkologiya muassasalarida giyohvandlikka chalinganligi munosabati bilan ro‘yxatga olingan shaxslar soni kamayib borish tendensiyasi davom etmoqda. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida giyohvandlik bilan bog‘liq yangi qayd etilgan holatlar kamaydi. 

– Giyohvandlik moddalarini o‘tkazish va sotish holatlari ko‘proq qaysi hududlarga to‘g‘ri kelmoqda? Shu kungacha qancha giyohvandlik moddalari qo‘lga olingan? 

– Huquq-tartibot idoralari tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida 2016-yil davomida narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq 6,6 mingdan ziyod jinoyat aniqlangan. Bu borada yuqori ko‘rsatkichlar Toshkent shahri, Toshkent, Farg‘ona va Samarqand viloyatlariga to‘g‘ri keldi. Joriy yilning birinchi choragida 1,3 mingdan ziyod ushbu toifadagi jinoyat qayd etilgan. Ularning salmoqli qismini giyohvand vositalarni o‘tkazish va sotish jinoyatlari tashkil etgan. 

Huquq-tartibot idoralari tomonidan narkotik moddalar kontrabandasi va oldi-sotdisi bilan shug‘ullanayotgan guruhlarni aniqlash va faoliyatiga chek qo‘yish bo‘yicha tezkor tadbirlar o‘tkazilmoqda. Masalan, o‘tgan yili Toshkent viloyatining Zangiota tumanida opiy moddasini sotish bilan shug‘ullanayotgan jinoiy guruh qo‘lga olingan va jami 9,4 kilogramm opiy musodara etilgan. Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida o‘tkazilgan «Qoradori – 2016» tadbiri davomida ikki fuqarodan 2 kilogrammdan ortiq geroin olingan. 

2016-yil davomida huquq-tartibot idoralari tomonidan aniqlangan jinoyatlar bo‘yicha 3,5 tonnadan ziyod narkotik vositalar musodara qilingan. 

– Giyohvandlikka qarshi kurashish borasida xalqaro hamkorlik qanday yo‘lga qo‘yilgan? 

– Narkotik moddalarning suiiste’moli va noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo‘yicha 2016-2020-yillarga mo‘ljallangan kompleks choralar dasturida xalqaro hamkorlikni takomillashtirish masalalari alohida o‘rin olgan. O‘zbekiston Respublikasi tomonidan giyohvand moddalar nazorati sohasidagi ikki va ko‘ptomonlama hamkorlikka oid me’yoriy-huquqiy hujjatlardagi majburiyatlarga doir faoliyat davom etmoqda. 

O‘zbekiston va Slovakiya huquqni muhofaza qilish organlari o‘rtasida tezkor ma’lumotlar almashishning amaliy mexanizmi joriy etildi. Shu maqsadda 2016-yil 20-sentabr kuni Toshkent shahrida ikki davlat hukumatlari o‘rtasida “Giyohvand vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishda o‘zaro hamkorlik qilish to‘g‘risida”gi bitim imzolandi. 

Xalqaro hamkorlar ko‘magida mutasaddi tashkilotlarning moddiy-texnik va kadrlar salohiyatini oshirishga yo‘naltirilgan aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyo davlatlari uchun 2015-2019-yillarga mo‘ljallangan dasturi doirasida Yaponiyaning mamlakatimizdagi elchixonasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda afg‘on narkotiklari kontrabandasiga qarshi kurashish maqsadida idoralararo mobil guruhlarni tashkil etish loyihasini amalga oshirish ishlari olib borilmoqda. Loyiha qiymati 2,5 million AQSh dollarini tashkil etadi. 

Dastur doirasida “O‘zbekistonning ekspert-kriminalistika laboratoriyalari salohiyatini oshirish” loyihasi ustida ham ish olib borilmoqda. Loyiha doirasida respublika ekspert-kriminalistika laboratoriyalari uchun ISO-17025 xalqaro standarti sertifikatini olish va laboratoriya asbob-uskunalarini yangilash ko‘zda tutilgan. 

BMT va NATO hamkorlik loyihasi doirasida 4 o‘quv mashg‘uloti tashkil etilib, mazkur treninglarda huquqni muhofaza qilish organlarining 50 xodimi ishtirok etdi. 

Xalqaro hamkorlar ko‘magi va xorijiy mutaxassislar ishtirokida tegishli vazirlik va tashkilotlarning 204 xodimi giyohvandlikning tarqalishi, narkotrafik va narkotik moddalarga qarshi kurashish yo‘nalishida o‘tkazilgan trening va seminarlarda qatnashdi. Shu jumladan, 119 nafari xorijiy davlatlarda tashkil etilgan seminarlarda ishtirok etdi. 

– Dunyo miqyosida narkotik moddalar aylanishi borasida ahvol qanday? Narkotik moddalarning qaysi turlari ko‘proq uchramoqda? 

– Dunyo bo‘yicha narkovaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillardan biri Afg‘onistonda yetishtiriladigan narkotik vositalar bo‘lib qolmoqda. BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining so‘nggi tadqiqotiga ko‘ra, 2016-yilda Afg‘onistonda ko‘knori ekib yetishtiriladigan maydonlar 201 ming gektarni tashkil etib, 2015-yilga nisbatan 10 foiz ko‘paygan. 

Narkotik moddalarning noqonuniy bozorida yangi turdagi sun’iy psixofaol vositalar, ya’ni “spays” tarqalishi tendensiyalari kuzatilmoqda. Giyohvandlik vositalarini ishlab chiqaruvchi jinoyatchilar qonun oldida javobgarlikdan qutulish uchun ularning kimyoviy tarkibini o‘zgartirib, nazoratga olinmagan sintezlashgan analogini ishlab chiqarib, ularning noqonuniy bozorda tez tarqalishiga harakat qilmoqda. 

Xozirgi kunda BMTning tegishli tuzilmalari tomonidan yangi psixofaol vositalarning ro‘yxatini tuzish ustida ish olib borilmoqda. 

– Markaz kelgusida qanday ishlarni amalga oshirishni rejalashtirgan? 

– Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Narkotik moddalarning suiiste’moli va noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo‘yicha 2016-2020-yillarga mo‘ljallangan kompleks choralar dasturi”da belgilangan chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish, shu yo‘nalishdagi ishlarni kuchaytirish markazimiz oldida turgan muhim vazifalardan. 

Shu kunlarda mamlakatimizda giyohvandlikka qarshi kurashish oyligi doirasida qator tadbirlar amalga oshirilayotir. Yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlarida mavzuga oid ko‘rik-tanlovlar, mahallalarda huquq-tartibot va sog‘liqni saqlash idoralarining vakillari ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Ommaviy axborot vositalarida maxsus ko‘rsatuv va eshittirishlar berilib, maqolalar e’lon qilinmoqda. Noqonuniy muomaladan olib musodara etilgan giyohvandlik vositalari yoqiladi. 

Narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga va giyohvandlikning tarqalishiga qarshi kurashish choralarini muvofiqlashtirishda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimliklari huzuridagi narkotik moddalarni nazorat qilish mintaqaviy komissiyalari kotiblari uchun seminar-treninglar o‘tkazilmoqda. 

Bunday chora-tadbirlar nafaqat oylik doirasida, balki muntazam davom ettiriladi. Zero, bulardan ko‘zlangan maqsad giyohvandlikning salbiy ta’siridan aholi, ayniqsa, yoshlarimizni himoya qilishdir. Bu omillar pirovardida xalqimizning sog‘lom hayotini ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Norgul Abduraimova, O‘zA

Поделиться