O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Buxorodagi mehnat yarmarkasida 769 bitiruvchi ishga yo‘llanma oldi
2017-06-15 | Iqtisodiyot
Buxoroda “Bizning o‘z kasbimiz va hunarimiz bor, kasb-korimiz bilan yurt taraqqiyotiga xizmat qilamiz!” shiori ostida mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimligi, viloyat bandlik bosh boshqarmasi, prokuratura va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlash, ularning hayotda o‘z munosib o‘rnini topishiga ko‘maklashish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Joriy yilda viloyatdagi 80 kasb-hunar kollejini 26 mingdan ziyod yosh mutaxassis bitirmoqda. Yarmarkada 734 korxona-tashkilot va muassasa tomonidan 5 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rni taklif etildi. Ishtirokchilar ish beruvchi subyektlar uchun zarur bo‘lgan mutaxassislar, ishchi-xodimlarga yaratilgan qulayliklar haqidagi ma’lumotlar bilan tanishdi.
– “Buxoro ta’mir” mas’uliyati cheklangan jamiyatidagi ish sharoiti, tajribali ustalar mehnat qilayotgani menga ma’qul bo‘ldi, – deydi Behruz Naimov. – Ushbu korxonada chilangar sifatida ishlash uchun yo‘llanma olganimdan xursandman.