O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti noyob qo‘lyozmalarni sotib oladi

2017-06-14 | Jamiyat

Vatanimiz qadimdan jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri bo‘lgan. Ajdodlarimiz tafakkuri va dahosi mahsuli – qadimiy yozma manbalar xalqimizning buyuk ma’naviy boyligidir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 24-maydagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu yozma manbalarni tadqiq etuvchi sharqshunos va manbashunos olimlar uchun yanada keng imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Qaror bilan O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qadimiy qo‘lyozmalarni saqlash, o‘rganish, ilmiy asosda tadqiq etish va targ‘ib qilish bo‘yicha mamlakatimizdagi yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilandi. Mazkur institut direktori o‘rinbosari, tarix fanlari doktori Surayyo Karimova O‘zA muxbiriga qarorda belgilangan maqsad-vazifalar mohiyati, ko‘zda tutilayotgan rejalar, noyob yozma manbalarning bashariyat tamaddunidagi o‘rni va bugungi globallashuv sharoitidagi ahamiyati haqida quyidagilarni so‘zlab berdi. 

– Mustaqillik yillarida ko‘p asrlik madaniy va ilmiy yutuqlarimiz aks etgan yozma yodgorliklarni saqlash, o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirildi. Hayot davom etar ekan, bu sohada yangi-yangi zamonaviy talablar kun tartibiga qo‘yilishi tabiiy. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 24-maydagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ana shu hayotiy zarurat nuqtai nazaridan qabul qilingan tarixiy hujjatdir. 

Institutimiz qo‘lyozmalar fondi jahondagi eng nodir ma’naviy xazinalardan biri bo‘lib, olti bo‘limda 26 ming jild qo‘lyozma, 39 ming jild toshbosma kitoblar va 10 mingga yaqin tarixiy hujjatlar, xattotlik namunalari va miniatyuralar kolleksiyasi mavjud. Ular Markaziy Osiyo, xorijiy Sharq xalqlarining tarixi, madaniyati, adabiyoti va fanlari tarixini o‘rganish uchun birlamchi manbalardir. Mazkur fond 2000-yilda noyob ilmiy va madaniy obyektlardan biri sifatida YuNESKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. 

Eng noyob qo‘lyozmalarimizdan biri – kufiy xati bilan yozilgan Qur’oni karimning IX asrda ko‘chirilgan qadimiy va tabarruk nusxasi. Yana fondimizda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Qoshg‘ariy, Mahmud Zamaxshariy, Farididdin Attor, Jaloliddin Rumiy, Nosiriddin Rabg‘uziy, Sharafiddin Ali Yazdiy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Mirzo Abdulqodir Bedil, Zahiriddin Muhammad Bobur, Muhammadrizo Ogahiy va boshqa ko‘plab ulug‘ alloma va mutafakkirlarning qo‘lyozmalari saqlanmoqda. Ular tarix, adabiyot, til, falsafa, huquq, falakiyot, matematika, kimyo, tabobat, dorishunoslik, jug‘rofiya, islom ilmlari hamda boshqa sohalarga doir bo‘lib, zamonaviy ilm-fan va taraqqiyot uchun nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega. 

Institut ilmiy xodimlarining yillar davomida olib borgan samarali faoliyati natijasida fonddagi qo‘lyozmalarning 11 tomli “Sobraniye vostochnыx rukopisey” (“Sharq qo‘lyozmalari to‘plami”) katalogi nashr qilingan. Fanning turli sohalari bo‘yicha alohida mavzuli kataloglar chop etilgan. 2016-yilda institut asosiy fondining 13 ming jilddan ortiq qo‘lyozmalari tavsifini o‘z ichiga olgan ingliz tilidagi elektron katalog tuzildi. Joriy yil yakuniga qadar mazkur elektron katalog internet tarmog‘ida joylashtiriladi. Xorazmiy, Beruniy, Farg‘oniy, Ibn Sino, Roziy, Forobiy, Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk qomusiy olimlarimizning qator ilmiy asarlari o‘zbek va rus tillarida ilmiy-izohli tarjima shaklida, “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” turkumiga kiruvchi kitob-albomlar nashr qilingan. 

Bugun tarixiy manbalarni nashr qilishda ko‘proq Amir Temur va temuriylar davri, nisbatan kam tadqiq etilgan XVI-XIX asrlar manbalariga e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi besh yilda 10 dan ortiq tarixiy manbalar nashrdan chiqarildi. Ularning aksariyati matnshunoslik tadqiqotlari mahsulidir. Bu – xalqimizning “Ilm bilan shug‘ullanish igna bilan quduq qazish bilan barobardir” degan hikmatining hayotiy isboti. Olimlarimiz orasida qo‘lyozmalar ustida 10-20-yillab, hatto umrbod ishlayotgan insonlar bor. 

Institut xalqaro hamkorlikda ham qator ishlarni amalga oshirmoqda. YuNESKOning Samarqanddagi Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda mashhur shoir va tarixnavis Muhammadrizo Ogahiyning Xiva xonligi tarixiga oid “Jome’ al-voqeoti sultoniy”, “Zubdat at-tavorix” asarlari, Jumaquli Humuliyning Buxoro xonligi tarixiga doir “Tarixi Humuliy” asarining tanqidiy matnlari, Tokio universiteti bilan hamkorlikda nashr qilingan “Kokandskoye xanstvo: vlast, politika i religiya” monografiyasi shular jumlasidan. 

Davlatimiz rahbarining qarori bilan zamonaviy talablar asosida institutning asosiy vazifa va faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgani faoliyatimiz ko‘lamini yanada kengaytish, yangi sifat bosqichlariga olib chiqish imkonini beradi. 


Dastlabki vazifa – Sharq qo‘lyozmalari fondini saqlash, ta’mirlash, boyitish va muayyan tizimga keltirish, arab yozuvidagi turli mavzularga oid yozma yodgorliklar va epigrafika namunalarini tadqiq qilish, ularni asl holida, o‘zbek va xorij tillarida ilmiy izohlar, tarjimalar bilan nashr etish, ilmiy muomalaga kiritishdan iborat. Ilgari fan va Markaziy Osiyo tarixiga oid manbalar ko‘proq ishlangan bo‘lsa, endi falsafiy mazmundagi, mumtoz Sharq adabiyotiga oid qo‘lyozmalarga asosiy e’tibor qaratamiz. Bu manbalarning maxsus kataloglarini tuzishni boshladik. 

Bu borada boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy-intellektual merosimizni saqlash, ilmiy tahlil qilish, uning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida soha mutaxassislariga, tegishli ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan o‘quvchi va talabalarga batafsil ma’lumot berib borish ham muhim ahamiyatga ega. Undan zamonaviy ilm-fan, ma’naviyat va amaliyot rivojida samarali foydalanish ko‘zda tutilmoqda. 

Aholida ko‘plab noyob qo‘lyozma, toshbosma kitoblar va tarixiy hujjatlar saqlanmoqda. Ularni izlash, xarid qilish va fondga jamlash, tadqiq etish va keyingi avlodlarga yetkazish – muhim vazifa. Prezidentimiz qarori bilan bu borada katta imkoniyatlar yaratildi – institut fondini aholida saqlanayotgan noyob qo‘lyozma, toshbosma kitoblar va tarixiy hujjatlar hisobiga boyitish bo‘yicha ekspertlar guruhi, noyob manbalarni baholash va sotib olish bo‘yicha komissiya tuzildi. Endi noyob manbalar Ilmiy-texnik faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Fan va texnologiyalar bo‘yicha davlat komissiyasi belgilagan tartibda tasdiqlanadigan nizomga asosan xarid qilinadi. 

Bu jarayonning mexanizmi ishlab chiqilmoqda. Sodda aytganda, bunda arxeografik ekspeditsiyalar uyushtirilib, noyob manbalar aniqlanadi. Ekspertlar guruhi hamda Komissiyaning tegishli xulosalari bilan ular baholanadi, narxlanadi. Mulk egasining roziligi bilan bu manbalar sotib olinadi. Bunda birlamchi mezonlar – manbaning qadimiyligi, ilmiy qimmati va saqlanish holatiga daxldor. Manba yagona nusxa yo muallif dastxati bilan bitilgan bo‘lsa, ancha qimmatbaho hisoblanadi. Masalan, 2015-yili Abu Hafs Nasafiyning “Matla an-nujum va majma al-ulum” (“Yulduzlarning to‘planishi va ilmlarning jamlanishi”) asari nashr qilindi. XIV asrda ko‘chirilgan bu qo‘lyozma shu asarning dunyodagi yagona nusxasi bo‘lib, u fondimizda saqlanadi. 2016-yili Muhammad Aziz Marg‘iloniyning “Tarixiy Aziziy” asari faksimil nuxsada chop qilindi. Bu ham yagona nusxa bo‘lib, qo‘lyozmani muallifning o‘zi XIX asrda yozgan. 

Agar xalqimiz orasida kimdadir shunday noyob qo‘lyozmalar bo‘lsa, institutimizga murojaat qilishi mumkin. Yevropa va Osiyoning ko‘plab mamlakatlari kutubxonalarining “oltin fond”ini tashkil etayotgan ajdodlarimiz asarlarining elektron nusxalarini ayirboshlash yoki olish hisobidan mamlakatimizga keltirish ko‘zda tutilmoqda.

Mazkur qarorda o‘rta asrlarda hozirgi Markaziy Osiyo hududida yashab ijod qilgan alloma va mutafakkirlarning matematika, falakiyot, fizika kabi aniq fanlar, tibbiyot, kimyo, jo‘g‘rofiya singari tabiiy fanlar, tarix, adabiyot, falsafa va boshqa ijtimoiy fanlar, islom diniga oid merosini tadqiq qilishni kengaytirish borasida ham muhim vazifalar belgilandi. 

Bunday dolzarb muammolarning oqilona yechimi – innovatsiya, intellektual bilim va ilm-fanning yangi yutuqlarini amaliyotga tatbiq etishdir. Bu tiklanuvchi energiya manbalari yo ekologik muammolar yoxud oziq-ovqat xavfsizligi masalalari yoki tibbiyot va farmatsevtika bo‘ladimi, barcha sohada asosiy masaladan biri ˜– ko‘p asrlar mobaynida vujudga kelgan qonuniyatlarni qayta idrok etish va yangicha baholash bilan bog‘liq. Bu bizni qurshab turgan borliqni keng miqyosda o‘rganish, bu borada chuqur ilmiy tadqiqot va tajribalar olib borish demakdir. 

Qaror bilan institut fondidagi 2017-2021-yillarda nashr etilishi rejalashtirilayotgan qo‘lyozma asarlar ro‘yxati tasdiqlandi. Unga ko‘ra, tarix, astronomiya, tibbiyot, falsafa, islom ilmlariga oid 28 noyob yozma manba ilmiy-izohli tarjimasi bilan nashrdan chiqariladi. Sohibqiron Amir Temurning xatlari, Buxoro amiri Abdulahadning Peterburg safarlari kundaliklari, Abu Rayhon Beruniyning falakiyot va dorishunoslikka oid to‘rt asari, Abu Iso Termiziy, Hakim Termiziy, Sobir Termiziy, Burhoniddin Marg‘inoniy asarlari, Abu Hafs Nasafiyning fiqhiy hukmlar to‘plami shular jumlasidan. 

Yana bir nihoyatda dolzarb masala – asosan arab, fors va turkiy tillarda bitilgan qo‘lyozmalarni “til”ga kiritish. Ularni o‘qish va uqishga qodir, o‘zini shu hassos ishga bag‘ishlaydigan yosh kadrlar, afsuski, ko‘p emas. Shu bois Prezidentimiz qarorida matnshunoslik, adabiy manbashunoslik, tilshunoslik, falsafa, madaniyat tarixi sohalarida milliy madaniy merosimizning hali o‘rganilmagan qatlamlarini ochib berishga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlarni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti kabi mazkur sohada faoliyat ko‘rsatadigan oliy ta’lim muassasalari bilan birga qo‘lyozmalar bilan ishlash malakasiga ega yosh mutaxassislarni reja asosida maqsadli tayyorlash va institutimizning ilmiy-tadqiqot faoliyatiga jalb qilish, mazkur oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari hisobidan institutning kadrlar tarkibini yangilab borish, qo‘lyozmalar bilan ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘lgan yosh kadrlar zaxirasini shakllantirish belgilangan. 

Institutimizda xorijiy Sharq mamlakatlari tarixi, rivojlanish bosqichlari, ushbu davlatlarda kechayotgan siyosiy, iqtisodiy va madaniy jarayonlarni ularning O‘zbekiston Respublikasi bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama munosabatlari nuqtai nazaridan o‘rganish bo‘yicha ishlar to‘xtab qolgandi. Prezidentimiz qarori bilan bu ilmiy tadqiqotlarning tiklanishi mamlakatimizning strategik maqsadlariga erishishda muhim omil bo‘ladi. 

Yana bir yangilik: qarorda belgilanganidek, mamlakatimizdagi turli tashkilotlarda saqlanayotgan arab yozuvidagi qo‘lyozma asarlar, toshbosma kitoblar va tarixiy hujjatlarning saqlanish va ta’mirlanish holati monitoring qilinib, ularning elektron bazasi yaratiladi. Shu bilan birga, institut fondida saqlanayotgan qadimiy qo‘lyozmalarni bosqichma-bosqich restavratsiya qilish uchun zarur reaktivlar va sarflanuvchi materiallarni sotib olish, institutning foto va restavratsiya laboratoriyalarini zamonaviy yuqori texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun Ilmiy-texnik faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan mablag‘lar ajratilishini nafaqat institutimiz jamoasi, balki butun olimlarimiz va ziyolilarimiz katta xursandchilik bilan kutib oldi. 

Fonddagi qo‘lyozma va toshbosma manbalar hamda tarixiy hujjatlarni ta’mirlashda muayyan muammolar bor edi, materiallar yetishmasdi. Restavrator mutaxassislarga ehtiyoj katta. Chunki bugun institut fondida tarixiy hujjatlar – qozixona hujjatlari, yorliqlar, vaqfnomalar va turli yozishmalar to‘plamlarining aksariyati ta’mirlash va restavratsiyaga muhtoj. Ayrimlari qo‘lda tutish bilan titilib ketish xavfi ostida. Endi institut foto va restavratsiya laboratoriyalari zamonaviy yuqori texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlanadi. Bu yo‘nalishdagi xodimlar soni ko‘paytiriladi. Ularning oylik ish haqiga 30 foiz miqdorda qo‘shimcha ustama haq to‘lanadi. 

Shu kunlarda yana bir muhim voqea arafasidamiz: O‘zbekiston – O‘mon Sultonligi hamkorligi doirasida institutimiz uchun yangi bino qurildi. Kuzda mazkur binoning ochilish marosimi bo‘ladi. Prezidentimiz qaroriga binoan mazkur yangi binoda Sharq qo‘lyozmalari muzeyi tashkil etiladi. Mo‘jaz muzeyda institut fondida saqlanayotgan eng nodir qo‘lyozmalar, tarixiy hujjatlar, miniatyura va xattotlik namunalari namoyish etiladi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori xalqimizning ko‘p asrlik noyob ilmiy-ma’naviy xazinasidan oqilona foydalanishga keng yo‘l ochmoqda. Bu ko‘hna tarixning qadim haqiqati – qaysi davlatda tinchlik va barqarorlik bo‘lsa, ilm-fan taraqqiyotiga erishilishining yana bir amaliy isbotidir. Zero, tarixni puxta bilmay, ajdodlarimizning olamshumul kashfiyotlarini chuqur o‘rganmay turib, bilim, ma’rifat va ma’naviyatga tayanmasdan yangi marralarni egallab bo‘lmaydi.

 

Umid Yoqubov, O‘zA

Поделиться