O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
O‘rganishlar natijasi xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida davlat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoatchilik vakillari ishtirokida muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respubliksi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo‘ldoshev, tuman hokimi H.G‘oyirov va boshqalar hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida muayyan yutuqlarga erishilayotgani, turli sohalarda qator loyihalar hayotga tatbiq etilayotgani natijasida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish hajmi ortayotganini ta’kidladi.
Sessiyada yutuqlar bilan birga, yechimini kutayotgan muammolar ham borligiga alohida e’tibor qaratildi. Ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar talab darajasida emas. Kichik biznes subyektlarining 7 foizi faoliyat ko‘rsatmayapti, bank kreditlari ajratilishi masalasida e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yilmoqda.
Joriy yil yanvar oyida Xalq banki tuman filialiga fuqaro Sh.Ashurov tomonidan chorvachilik bilan shug‘ullanish maqsadida kredit olish bo‘yicha qilingan murojaat hozirga qadar hal etilmagan. Kollej bitiruvchilari uchun tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan imtiyozli kreditlar soni va summasi tasdiqlangan rejadan ancha past. Qorako‘l tibbiyot kolleji bitiruvchilari tomonidan tadbirkorlikni boshlash maqsadida kredit olish uchun “Agrobank” tuman filialiga taqdim etilgan 12 loyihaning birortasi ko‘rib chiqilmagan.
Tomorqadan samarali foydalanishda suv ta’minotidagi muammolar salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Chatqash qishlog‘ida yashovchi o‘nlab oila tomorqani yetarli darajada sug‘ora olmayotganidan shikoyat qilmoqda. Aholi tuman hokimligi va boshqa mutasaddi idoralarga 2014-yildan buyon ariq qazish uchun ruxsat so‘rab murojaat qilayotgan bo‘lsa-da, masala ijobiy hal etilmagan. Do‘kir arig‘ining 5,2 kilometrlik qismiga beton qoplama yotqizilsa, gidroinshootning suv o‘tkazish quvvati oshadi. Bu Yangiyer va Kamolot qishloqlaridagi fermer xo‘jaliklarining 380 gektar ekinzori va yuzlab aholi xonadoni tomorqasini sug‘orishda qulaylik yaratadi.
Yig‘ilishda ijtimoiy masalalar ham chuqur tahlil qilindi. Xalq ta’limi muassasalarida ayrim fanlar bo‘yicha o‘qituvchilar yetishmaydi. 10 umumta’lim maktabida sport zali yo‘q. Maktabgacha ta’lim muassasalarining 16 tasi rekonstruksiya va mukammal ta’mirga muhtoj. Tumandagi maktabgacha yoshdagi 9 ming 100 dan ortiq bolaning atigi 17 foizi maktabgacha ta’lim muassasalariga jalb etilgan.
Sog‘liqni saqlash tizimida kadrlar yetishmasligi masalasi muammoligicha qolmoqda. Tuman tibbiyot birlashmasining dori vositalari bilan ta’minlanganlik darajasi 38 foiz atrofida. Birlashma tarkibidagi tez yordam bo‘limi moddiy-texnik bazasi zamon talablariga javob bermaydi. Bu ayrim oilaviy poliklinika va qishloq vrachlik punktlariga ham taalluqli.
– Joylarda aholi hududdagi avtomobil yo‘llari nosozligidan shikoyat qildi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati N.Sobirov. – Tumandagi jami 128 kilometrlik mahalliy yo‘llarning 72 kilometri ta’mirtalab. Muammo mutasaddilar ishtirokida muhokama qilindi. Tuman yo‘l tashkiloti tasarrufidagi 1983-yilda qurilgan va bugungi kunda yaroqsiz holga kelib qolgan asfalt zavodini yangidan qurish kerak.
Sessiyada aholiga savdo va transport xizmati ko‘rsatish sifati va madaniyatini yaxshilash, tuman markazidagi madaniyat va istirohat bog‘i faoliyatini tiklash, kommunal to‘lovlar bo‘yicha qarzdorliklarni bartaraf etish, mahalla fuqarolar yig‘inlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va boshqa masalalar ham tanqidiy tahlil qilindi.
Yig‘ilishda xalq deputatlari tuman Kengashi, doimiy komissiyalar, partiya deputatlik guruhlari faolligini oshirish, jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish, mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan fikr almashildi.
Erkin Yodgorov, O‘zA