O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston-dunyoning jadal rivojlanayotgan ikkinchi mamlakati
2017-06-13 | Iqtisodiyot
Xalqaro miqyosda katta nufuzga ega bo‘lgan Jahon iqtisodiy forumi reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti o‘sishi prognoz ko‘rsatkichlari bo‘yicha 2017 yilda dunyo mamlakatlari orasida ikkinchi o‘rinni qayd etdi. Reyting Jahon bankining “Global iqtisodiy istiqbollar” hujjatida keltirilgan ma’lumotlar asosida tuzilgan.
Nufuzli moliya muassasasi ekspertlarining prognoz qilishicha, O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti joriy yilda 7,6 foiz o‘sadi. 2018/2019 yillarda esa bu ko‘rsatkich yanada yuqoriroq bo‘ladi. Tadqiqotda keltirilishicha, dunyo iqtisodiyoti joriy yilda 2,7 foiz o‘sishi kutilayapti. Bunda rivojlangan mamlakatlarda o‘sish sur’ati 1,9 foizni, rivojlanayotgan davlatlarda esa 4,1 foizni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2015 yilda mazkur reyting bo‘yicha dunyodagi eng tez rivojlanayotgan beshta mamlakat qatoridan joy olgan edi.
Jahon banki ekspertlari O‘zbekiston tomonidan olib borilayotgan faol va yaqin qo‘shnichilik siyosati mintaqada iqtisodiy rivojlanish hamda integratsiyani yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etishgan.