O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Orol dardi-olam dardi
2017-06-13 | Ekologiya
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning mamlakatimizga tashrifi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida Orol dengizi va uning atrofidagi ekologik vaziyat bilan yaqindan tanishgani ushbu global muammoga xalqaro hamjamiyat e’tiborini yana bir karra qaratdi.
Martabali mehmon Orol fojiasining salbiy oqibatlarini yumshatish, Orolbo‘yida ekotizimlar halokatining oldini olish, bu yerda istiqomat qilayotgan aholi genofondi va salomatligini saqlashga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, amaliy chora-tadbirlarni yanada kengaytirish dolzarb vazifalardan ekanligini alohida ta’kidladi.
Uchrashuv va muloqotlar chog‘ida ilgari surilgan tashabbuslar, istiqbolli loyihalar soha mutaxassislari, ekologlar, keng jamoatchilik vakillari tomonidan qizg‘in kutib olindi.
Almas TOVASHЕV, keksa baliqchi:
— Hayotimning eng go‘zal damlari, umrimning navqiron pallasi Orol dengizida o‘tdi. Hisoblab ko‘rsam, naq 40 yil baliq ovlabman...
Nevaralarim tengi yoshlarga yaqin-yaqingacha Mo‘ynoq tumani aholisining 80 foizi baliqchilik bilan shug‘ullangani, 12 ta baliqchilik xo‘jaligi, 6 ta baliqni qayta ishlash zavodi, bitta baliqchilik kombinati faoliyat yuritganini aytsam, ochig‘i, hayron qolishadi. Xuddi ertakdek tuyuladi ularga. Biroq dengizda 200 dan ziyod kemalar suzib, baliq ovlagani hali-hamon ko‘z o‘ngimda turibdi.
Baliqchilikdan tashqari, chorvachilik, parrandachilik xo‘jaliklari ham faoliyat yuritgan, qimmatbaho mo‘ynalar yetishtirilgan...
Bugun qadrdon dengizga qarab achinaman. Axir ming yillardan beri barqaror bo‘lib kelgan tabiatimizda o‘simlik va hayvonot dunyosi tobora kamayib ketmoqda. Agar bu muammo hozir hal etilmasa, oqibatlarini bartaraf etish juda qiyin kechadi.
Tumanimizda BMT Bosh kotibi ishtirokida bo‘lib o‘tgan tadbirlarda bildirilgan fikr-mulohazalar, unda ilgari surilgan g‘oyalar amalga oshsa, o‘ylaymanki, tabiat va kelajak avlod oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ladi.
Jamila DAVLЕTOVA, Mo‘ynoq tumani tibbiyot birlashmasi bosh shifokori o‘rinbosari:
— Orol dengizining ekologik halokati mintaqa aholisi genofondi hamda salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirmay qolmadi. Bunga 25 yildan ortiq faoliyatim davomida yaqindan guvoh bo‘lib turibman. Xususan, ushbu muammo Qoraqalpog‘iston Respublikasida endokrin, qon aylanish tizimi, buyrak, nafas olish, kamqonlik, ovqat hazm qilish tizimi kasalliklari ko‘payishiga sabab bo‘ldi. Hozirgi paytda nafaqat O‘zbekiston, balki Qozog‘iston va Turkmanistonning Orol fojiasi kuchli ta’siri ostida qolgan hududlari aholisi, birinchi navbatda, bolalarning turli -xastaliklarga chalinishi ortib borayotgani eng dolzarb masala sanaladi.
Ehtimol, endilikda Orol dengizini to‘liq qayta tiklash imkoni yo‘qdir. Ammo bu inqirozning atrof-muhit va mintaqada yashayotgan millionlab aholi hayotiga halokatli ta’sirini puxta o‘ylangan, tegishli moliyalashtirish manbalari bilan ta’minlangan loyihalarni amalga oshirish orqali kamaytirish juda muhim ahamiyatga ega. BMT shafeligida aniq manzilli loyihalar hayotga tatbiq etilib, odamlarning munosib turmush kechirishiga zarur shart-sharoit yaratib berilishi maqsadga muvofiqdir.
Perizat ILYASOVA, Mo‘ynoq sanoat-transport kasb-hunar kolleji o‘quvchisi:
— Esimni taniganimdan buyon ota-onam va ustozlarimizdan Orol dengizining dunyodagi eng yirik yopiq suv havzalaridan biri bo‘lgani, u Markaziy Osiyo iqtisodiyotini rivojlantirish, oziq-ovqat ishlab chiqarish, aholi bandligini ta’minlash va barqaror ijtimoiy infratuzilmani shakllantirishda katta o‘rin tutgani haqida ko‘p eshitganman. O‘sha paytlarda suv havzasidan yiliga 35 ming tonnagacha baliq ovlangani, hududning o‘simlik va hayvonot dunyosi juda boy bo‘lgani haqida ko‘p eshitganmiz. Haqiqat shundaki, Orolbo‘yi mintaqasi uchun baraka va farovonlik manbai hisoblangan ushbu ulkan dengiz bir avlod ko‘z o‘ngida batamom yo‘qolib ketish xavfi ostida turibdi.
Suvi chekingan 5,5 million gektar maydonda paydo bo‘lgan Orolqum sahrosidan ko‘tarilayotgan chang-to‘zonlar uzoq-uzoqlargacha yetib borib, ekologiyani ishdan chiqarayapti, aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Davlatimiz tomonidan ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratilib, katta-katta mablag‘lar evaziga ko‘plab loyihalar amalga oshirilayotganidan xabardormiz. Ular biz uchun ibratdir. Atrof-muhitni asrab-avaylash, tabiatni boricha saqlash insoniy burch ekanini yoshi kattalar, ustozlarimiz ko‘p uqtirishadi. Ana shu o‘gitlarga amal qilib, ekologiyani yaxshilash yo‘lidagi sa’y-harakatlarga kamarbasta bo‘lishni vazifamiz, deb bilamiz.