O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

ShHTning Ostona sammiti

2017-06-10 | ShHT

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-9-iyun kunlari Ostona shahrida o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining cammitida ishtirok etdi. 

Sammit 9-iyun kuni Ostona shahrining Mustaqillik saroyida ShHTga a’zo davlatlar rahbarlarining tor doiradagi majlisi bilan boshlandi. Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev raisligida o‘tgan majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon ishtirok etdi. 

Majlisda ShHT va uning tuzilmalari faoliyatini yanada takomillashtirish, Tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, terrorizm, diniy ekstremizm, narkotik moddalar va qurol-yarog‘ kontrabandasiga qarshi birgalikda kurashish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. 

Davlat rahbarlari ShHTning so‘nggi sammitida kelishilgan masalalar – Tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy-madaniy, gumanitar hamda transport sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishga doir keng ko‘lamli masalalarni ko‘rib chiqdilar. 

ShHTning 2025-yilgacha rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha 2016-2020-yillarga mo‘ljallangan harakatlar rejasini tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror, ShHTga a’zo davlatlarning turizm sohasidagi hamkorligini rivojlantirish dasturi va boshqa hujjatlar ijrosiga e’tibor qaratildi. 

Shanxay hamkorlik tashkilotining Toshkent sammitida Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja va Nepalga ShHTning muloqot bo‘yicha sheriklari maqomi berilgan edi. 

Davlatlar rahbarlari kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisida kuzatuvchi maqomidagi mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari – Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi, Mo‘g‘uliston Respublikasi Prezidenti Saxiagiyn Elbegdorj, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Navoz Sharif, Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muhammad Javad Zarif ishtirok etdi. Majlisda ShHT Bosh kotibi Rashid Alimov, ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo‘mitasi direktori Yevgeniy Sisoyev qatnashdi. Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari Amanjol Janquliyev, ASEAN Bosh kotibi Le Liong Min ishtirok etdi. 

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. Davlatimiz rahbari Afg‘onistondagi vaziyatni tezroq barqarorlashtirish butun mintaqamizda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. O‘zbekiston Afg‘onistonda tinch va osoyishta hayotni tiklash bo‘yicha afg‘on xalqi va xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi. 

Yoshlarni turli yot g‘oyalardan asrash, ularning zamonaviy ta’lim-tarbiya olishi, komil inson bo‘lib voyaga yetishida davlatlararo hamkorlikning ahamiyati katta. 

Samarqand shahrida Islom hamkorlik tashkiloti ko‘magida Imom Buxoriy nomidagi xalqaro tadqiqot markazining tashkil etilishi millatlararo, madaniyatlararo munosabatlarni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ladi, dedi davlatimiz rahbari. 

O‘zbekiston ShHTga a’zo davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash tarafdoridir. Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida keng ko‘lamli loyihalarni hamkorlikda amalga oshirishga biz alohida ahamiyat qaratamiz. 

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lining qurilishi mamlakatlarimizning jahon bozoriga qisqa yo‘llar orqali chiqish imkoniyatlarini kengaytirishda alohida ahamiyatga ega. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ShHT davlatlari temir yo‘l sohasi rahbarlarining muntazam uchrashuvlarini tashkil qilish zarurligini ta’kidladi. 

ShHT markazlari – xalq diplomatiyasining doimiy faoliyat yurituvchi institutlarini ta’sis etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif qildi. 

Tashkilotning 2016-yilgi Toshkent sammitida Hindiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasining ShHTga a’zo davlat maqomini olish yo‘lidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandumlar imzolangan edi. 

Ostona sammitida Hindiston va Pokiston tashkilot a’zoligiga qabul qilindi. Hindiston va Pokistonning ShHT a’zosi maqomiga ega bo‘lishi Tashkilot imkoniyatlarini kengaytirib, xalqaro maydonda dolzarb muammolarni hal etish, mintaqa va dunyoda xavfsizlik, barqaror taraqqiyotni ta’minlashda ko‘p tomonlama mexanizm sifatida Tashkilot rolini yanada oshirishga xizmat qiladi. 

ShHTga a’zo davlatlar xalqaro terrorizm, separatizm va ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, narkotik va psixotrop moddalar va ularning prekursorlari noqonuniy aylanishiga, axborot xavfsizligiga tahdid solayotgan xavflarga qarshi faol, izchil kurashmoqda. 

Sammit ishtirokchilari ShHT Ishbilarmonlar kengashi va Banklararo birlashmasi faoliyatiga oid axborotlarni tinglab, ularning faoliyatini ijobiy baholadi. Ushbu tuzilmalarga Tashkilot doirasida barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni, xususan, makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiyotning yuqori texnologik tarmoqlarini jadal rivojlantirish, sanoat infratuzilmalarini modernizatsiya qilish, sarmoyaviy loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish, ishbilarmon doiralar va moliyaviy tuzilmalar o‘rtasida bevosita aloqalarni kengaytirish orqali o‘zaro hamkorlikni yanada faollashtirish tavsiya etildi. 

Sammit yakuni bo‘yicha Ostona deklaratsiyasi qabul qilindi. 

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda sammit samarali o‘tgani, imzolangan hujjatlar ShHT mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. 

Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik Xitoy Xalq Respublikasiga o‘tdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ShHT sammiti doirasida qator davlatlar rahbarlari bilan uchrashdi. 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atamboyev bilan uchrashuvda bu galgi muloqot davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash va kengaytirishda muhim bosqich bo‘lishi, Samarqanddagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni mazmunan boyitishini ta’kidladi. 

Almazbek Atamboyev o‘zbek va qirg‘iz xalqlarining azaliy qardoshlik munosabatlari, urf-odat va an’analari o‘xshashligi o‘zaro hamkorlikni izchil rivojlantirishda muhim omil bo‘layotganini qayd etdi. 

Keyingi paytlarda ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar sezilarli darajada faollashdi. Davlat rahbarlarining telefon orqali muloqotlari, hukumatlar va hududlar darajasida delegatsiyalar almashinuvi amalga oshirilmoqda. Mamlakatlarimiz jamoatchiligi vakillarining Andijon va O‘sh shaharlariga o‘zaro tashrifi bo‘lib o‘tdi. 

Prezidentlar siyosiy muloqotni yanada faollashtirish va ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish masalalarini muhokama etib, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolar yuzasidan fikr almashdilar. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashdi. 

Davlatimiz rahbari Hindiston Bosh vazirini Hindistonning ShHT a’zoligiga qabul qilingani munosabati bilan tabrikladi. 

Prezidentimiz mazkur uchrashuv Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining 2016-yil mamlakatimizga amalga oshirgan tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar ijrosini muhokama qilish va hamkorlikning istiqbollarini belgilab olish uchun yaxshi imkoniyat ekanini ta’kidladi. 

Narendra Modi O‘zbekiston Hindistonni ShHTga a’zolikka qabul qilish to‘g‘risidagi taklifni qat’iy qo‘llab-quvvatlab kelgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Ushbu tarixiy voqea o‘zaro hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish, xavfsizlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida mintaqaviy munosabatlarni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishini qayd etdi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar bundan keyin ham izchil rivojlanib borishiga ishonch bildirdi. 

O‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari ko‘rib chiqilar ekan, 2016-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 15 foiz o‘sib, 366 million AQSh dollarini tashkil qilgani ta’kidlandi. Biroq bu ko‘rsatkich ikki davlat salohiyati va imkoniyatlarini to‘liq aks ettirmaydi. O‘zbekiston bilan Hindiston o‘zaro savdo hajmini oshirish va tarkibini diversifikatsiya qilish uchun ulkan salohiyatga ega. 

“Navoiy" erkin iqtisodiy zonasida "Minda" kompaniyasi bilan avtomobillar butlovchi qismlarini ishlab chiqarish, "Novafarm" va "Ultra Xels Kear" kompaniyalari bilan Surxondaryo viloyatida dori-darmon va Toshkent viloyatida ineksiya preparatlari ishlab chiqaradigan zamonaviy korxonalar tashkil etilgani ikki davlat o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikka yorqin misoldir. 

Birgalikda dasturiy mahsulotlar yaratish va telekommunikatsiya uskunalari, meva-sabzavot, pilla va charmni chuqur qayta ishlash, eksport uchun tayyor mahsulotlar, avtomobil ehtiyot qismlari, elektrotexnika mahsulotlari, maishiy kimyo tovarlari va o‘simliklarni himoya qilish vositalari ishlab chiqarish kabi sohalarda istiqbolli loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ispaniya Qiroli Filipp VI bilan uchrashdi. 

O‘zbekiston rahbari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik munosabatlari uzoq o‘tmishga borib taqalishini ta’kidladi. 

Olti asr muqaddam Sohibqiron Amir Temur va Kastiliya qiroli Enrike III tashabbusi bilan Samarqandda va Kastiliya poytaxti Segoviyada elchixonalar ochilgan. O‘zaro hamkorlikning bugungi yuksak darajasiga O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov va Ispaniya Qiroli Xuan Karlos I o‘rtasida qaror topgan yaqin munosabatlar tufayli erishildi. 

Shavkat Mirziyoyev va Filipp VI o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish istiqbollarini muhokama etib, xalqaro ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar. 

Tomonlar davlatlararo aloqalarni kengaytirishda oliy darajadagi muloqot muhim o‘rin tutishini ta’kidladilar. Tashqi siyosat mahkamalarining muntazam maslahatlashuvlari nafaqat dolzarb mintaqaviy va xalqaro siyosat masalalari bo‘yicha fikr almashish, balki turli darajadagi kelgusi uchrashuvlar jadvali va kun tartibini ishlab chiqish hamda kelishish imkonini bermoqda. 

Davlatlararo munosabatlarning muhim bug‘ini bo‘lgan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy, transport sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalasi ham tomonlar diqqat markazida bo‘ldi. 

Savdo sohasida o‘zaro ko‘plab qulayliklar yaratilib, sezilarli darajada, ya’ni joriy yilning dastlabki to‘rt oyida to‘rt barobar o‘sishga erishilganiga qaramasdan, bu boradagi ko‘rsatkichlar imkoniyat darajasida emas. O‘zaro savdo hajmini ko‘paytirish va tarkibini kengaytirish zarurligi qayd etildi. O‘zbekiston bilan Ispaniya buning uchun barcha imkoniyat va salohiyatga ega ekani ta’kidlandi. 

O‘zbekiston mamlakatimizda Ispaniya biznesining, xususan, neft-gaz, energetika, kimyo, farmatsevtika, to‘qimachilik, pardozlash materiallari va sopol mahsulotlar ishlab chiqarish sohasida yuqori texnologiyali korxonalar tashkil etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali kengayishidan manfaatdor. 

Ispaniya turizm sohasida ulkan natijalarga erishgan va bu borada jahon miqyosida ilg‘or tajribaga ega. Shu munosabat bilan tomonlar ushbu sohada uzoq muddatli tizimli hamkorlik o‘rnatish imkoniyatlarini muhokama qildilar. 

Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya tashkil etish va uning dastlabki majlisini shu yil Toshkentda o‘tkazish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev EKSPO – 2017 xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmaning rasmiy ochilish marosimida ishtirok etdi. 

Shu bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga tashrifi nihoyasiga yetdi. 
 

Ostona – Toshkent.
 

 

Abu Bakir O‘rozov, Temur Qurbonboyev (surat), O‘zA 

Поделиться