O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro kuzatuvchilar Jizzaxda
2015-03-13 | Jamiyat
Evropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi xalqaro kuzatuvchilari Jizzax viloyatida bo'lib, Prezident sayloviga tayyorgarlik jarayonining borishi bilan tanishdi.
Missiya vakillari Simus Fransis Martin va Iva Karolina Suxonen O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazuvchi 4-Jizzax okrug saylov komissiyasi a'zolari bilan uchrashdi.
Okrug saylov komissiyasi raisi A.Sattorov mehmonlarga O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazuvchi okrug komissiyasi faoliyati va uning vakolatlari, viloyatda tashkil etilgan saylov uchastkalaridagi tayyorgarlik ishlari haqida so'zlab berdi.
Jizzax viloyatida tashkil etilgan 463 saylov uchastkasining barchasi saylov qonunchiligida belgilangan tartibda zarur jihozlar, texnik vositalar hamda adabiyotlar bilan ta'minlangan. Prezidentlikka nomzodlar bilan saylovchilarning uchrashuvlari tashkil etilayotir. Nomzodlarning ishonchli vakillari saylovchilar o'rtasida tashviqot olib bormoqda.
Okrug saylov komissiyasi tomonidan uchastka saylov komissiyalari tarkibi tasdiqlangan. Ular jamoatchilik orasida obro'-e'tiborga hamda saylovlarni tashkil etish va o'tkazish bo'yicha tajribaga ega fuqarolardan iborat. Saylovchilar ro'yxati shakllantirilib, ko'rinarli joylarga ilib qo'yilgan. Saylov uchastkalaridagi ona va bola, tibbiyot xonalari barcha zarur jihozlar bilan ta'minlangan.
Kuzatuvchilar saylovoldi tashviqotining borishi, Prezidentlikka nomzodlar uchun ommaviy axborot vositalaridan foydalanish bo'yicha yaratilgan sharoit va imkoniyatlar, Jizzax shahridagi 23- va G'allaorol tumanidagi 394-saylov uchastkalarida saylovga ko'rilayotgan tayyorgarlik jarayonlari bilan ham tanishdi.