O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro press-klubda “Oliy ta'lim: yangi istiqbollar” mavzusida anjuman o'tkazildi
2017-06-09 | Ta’lim
Xalqaro Press-klubda joriy yil 7 iyun kuni O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar va 2017-2018 o‘quv yili uchun abituriyentlar qabuliga bag‘ishlangan “Oliy ta’lim: yangi istiqbollar” mavzusida anjuman o‘tkazildi. Unda Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Inomjon Majidov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat Test Markazi direktori Majid Karimov, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Avazjon Marahimov, Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat texnika universiteti rektori Sadriddin Turobjonov, Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori Laziz To‘ychiyev, Toshkent davlat yuridik universitetining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Mansurxon Kamolovlar chiqish qilishdi.
Anjumanda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2017 yil 20 apreldagi 2909-sonli “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilingani hamda uning mohiyati alohida qayd etildi. Oliy o‘quv yurtlari oldiga jahonning yetakchi ilmiy-ta’lim dargohlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, mintaqa talablari va kadrlar tayyorlash orasidagi aloqani munosib ta’minlash, pedagog kadrlarning kasb mahorati sifati va saviyasini uzluksiz yuksaltirish, OTM ilmiy salohiyatini mustahkamlash kabi mas’uliyatli vazifalar qo‘yilgani ma’lum qilindi.
Qayd etildiki, qabul kvotasi o‘tgan yilga nisbatan deyarli 10 mingtaga, 57 907 dan 66 316 taga ko‘paytirildi. Shuningdek, to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabul joriy etilmoqda. 2016 yilda taxminan 663 ming kishi OTMlarga hujjat topshirgan bo‘lsa, bu yili abituriyentlar soni 700 mingdan ortiq bo‘lishi kutilmoqda. OTM talabalari sonini ko‘paytirish, o‘z o‘rnida, yetuk ma’naviy va intellektual salohiyat va mustaqil fikrga ega qilib tarbiyalash orqali davlat yoshlar siyosatini amalga oshirishda yordam beradi.
Shu yilning 5 may kuni O‘zbekiston respublikasi Prezidentining “2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjatda bir qator yangiliklar mavjudligi ta’kidlandi. Jumladan, to‘lov-shartnoma pulining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabul joriy etilishi aytildi. Anjumanda 68 ball va undan kamroq ball olganlarning qo‘shimcha shartnoma bo‘yicha o‘qish masalasi ham ko‘tarildi.
Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Inomjon Majidov tomonidan qayd etildiki, kvotadan tashqari qabulda oliy ta’lim muassasasining imkoniyatlaridan kelib chiqiladi. Bunda birinchi shart - oliy ta’lim muassasasida qo‘shimcha qabul uchun imkoniyat bo‘lishi kerak. Ikkinchidan esa, o‘sha belgilangan summani to‘lash imkoniyati mavjud bo‘lishi masalasi bor. 68 ball oldi - talaba bo‘ldi degani emas. Nega? Masalan, oliy o‘quv yurtlarida 1 ballni olsak, shu 1 ballning o‘zini ichida bir OTMda 50 abituriyent, boshqasida esa 2 nafargina o‘tirgan bo‘lishi mumkin. Superkontraktni belgilashda birinchi qadam 1,5 - 2 - 2,5 barobar va h.k. tartibda ketadi. Ma’lum qilinishicha, hozirda bakalavr bosqichiga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha ishlar boshlangan. Shundan kelib chiqib yanada aniq ma’lumotlar beriladi.
Anjumanda ta’lim sifati masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi. “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ochiladi. Idoraning asosiy maqsadi — ta’lim va o‘quv-tarbiya jarayonlari sifati ustidan samarali davlat nazoratini o‘rnatishdir”, — dedi I.Madjidov.
Shuningdek, ta’lim muassasalalari o‘rtasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida xorijiy ta’lim muassasalari bilan birgalikda “ikki diplom” (Double Degree) integratsiyalangan magistrlik dasturlari, iqtidorli o‘qituvchilar uchun akademik harakatlar (Academic Mobility Programs) loyihalarini joriy etish, shuningdek, 1 semestr davom etuvchi talabalar almashinuvi (Student Exchange and Mobility Programs)ni yo‘lga qo‘yish taklif etilmoqda.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat Test Markazi direktori Majid Karimov jurnalistlarning oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish maqsadida o‘tkaziladigan test sinovlariga doir savollariga javob berdi. Abituriyentlar hujjatlarining 15 iyundan 15 iyulga qadar qabul qilinishi mazkur jarayonga talab darajasida tayyorgarlik ko‘rish va samarali o‘tkazish uchun bir qancha qulayliklar yaratilishi ta’kidlab o‘tildi.
Muloqot jarayonida 2017-2018 o‘quv yilidagi OTMlarga qabul jarayonidagi shaffoflik masalasi ko‘tarildi. Ta’kidlandiki, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti tomonidan abituriyentlarning kirish imtihonlariga qo‘yilishida barmoq izlari skaneri texnologiyasi sinovdan o‘tkaziladi.
Shuningdek anjumanda har bir abituriyentning bu jarayondan o‘tishining o‘ziga kamida 20 soniya vaqt ketishi va agar shu kabi texnik muammolar bartaraf etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston Milliy universitet rektori Avazjon Marahimov ham bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi: "Universitetda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bilan birgalikda yangi texnologiyalarni joriy qilishga kirishildi. Bu yerda dasturiy vositalarning ishonchliligi, xavfsizligi masalalari ham bor - ularni hal qilmay, keyingi bosqichga o‘tib bo‘lmaydi. Biz abituriyentning yuzidan tanishga mo‘ljallangan skanerni sinovdan o‘tkazdik. Bu texnologiya 1-1,5 soniyada shaxsni tasdiqlab bera oladi. Biz joriy yildan boshlab ana shu texnologiyani amalda qo‘llab ko‘rmoqchimiz. Yana bir yangilik, joriy yilda O‘zbekiston Milliy universiteti hududida bepul wi-fi o‘rnatiladi, u universitetning butun hududini qamrab oladi.
Toshkent davlat texnika universiteti rektori Sadriddin Turobjonov universitetga Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov nomi berilganligi universitet jamoasi uchun yuksak sharf bo‘lgani holda, katta mas’uliyat ham yuklashiga to‘xtalib o‘tdi. Shundan kelib chiqqan holda, qabul jarayoniga tayyorgarlik ishlarining borishi to‘g‘risida axborot berildi”.
Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori Laziz To‘ychiyev tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalari va ta’lim yo‘nalishlari, o‘qish davomiyligi kabi o‘zgarishlarga to‘xtalib o‘tdi.
Toshkent davlat yuridik universiteti prorektori Mansurxon Kamolov universitetga qabul kvotasi oshirilgani, xorijiy abituriyentlarni qabul qilish xususiyatlariga e’tiborini qaratdi.
Anjumanda ommaviy axborot vositalari vakillarini qiziqtirilgan barcha savollarga atroflicha javob berildi.