Dunyoda minglab san’atkorlarning millionlab kuy-qo‘shiqlari bor. Ammo yillar o‘tsa-da unutilmaydigan, yoshu qari sevib tinglaydigan va jo‘r bo‘lib kuylaydigan qo‘shiqlar sanoqli.
...Bu qo‘shiq sizga tanish. Uni ko‘p tinglagansiz, ehtimol qo‘shilib kuylagansiz. So‘z italiyalik mashhur san’atkor Andrea Bochellining «Con te partirò/Time to Say Goodbye» (1996-yil) nomli qo‘shig‘i haqida ketmoqda. Dastlab 12 million nusxada tayyorlangan ushbu singl dunyoda eng ko‘p sotilgan musiqiy asarlardan biri. Bu kompozitsiya mamlakatimizdagi madaniy tadbirlarda, jumladan, Mustaqillik va Navro‘z tantanalarida ham ko‘p bor yangragan.
Shu kabi o‘lmas qo‘shiqlar muallifi va ijrochisi Andrea Bochelli mamlakatimizga tashrif buyurdi. 8-iyun kuni “Istiqlol” san’at saroyida mashhur tenorning konserti bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda barcha sohalar qatori madaniyat yo‘nalishida ham xalqaro hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 31-maydagi “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar sifatini oshirishga xizmat qilmoqda. Yosh avlodning dunyoqarashini kengaytirish, xalqimizni jahon musiqasi namunalaridan bahramand etish maqsadida mashhur san’atkorlarning konsertlari tashkil etilmoqda.
– Sevgan mashg‘uloting bilan shug‘ullanish emas, shug‘ullanayotgan mashg‘ulotingni sevish muhimroq, – dedi Andrea Bochelli. – Bunga o‘z hayotim davomida amin bo‘lganman. Yoshligimda mendan yana qayta kuylab berishimni iltimos qilishganida bu soha mening taqdirim ekanini tushunib yetganman. San’at tufayli shu darajaga yetdim. O‘zbekistonga safarim davomida mamlakatingiz madaniyati bilan tanishish istagidaman. Xalqingizga tinchlik-farovonlik tilayman.
Andrea Bochelli klassik va zamonaviy qo‘shiqlarni ijro etuvchi mashhur tenorlardan biri. 1958-yilda Italiyaning Toskana regionida tavallud topgan san’atkor bolaligidan fortepyano, fleyta va saksofon chalishga qiziqqan. Piza universitetining huquqshunoslik fakultetini tamomlagan. Ammo operaga bo‘lgan qiziqishi ustun kelib, italiyalik opera ijrochisi Franko Korellidan vokal bo‘yicha tahsil olgan. 1994-yili San-Remodagi ilk konserti unga muvaffaqiyat keltirgan.
A.Bochelli Germaniya, Niderlandiya, Ispaniya, Fransiya kabi ko‘plab mamlakatlarda konsertlar berib, millionlab muxlislar mehrini qozongan. Misli yo‘q lirik, kuchli va yoqimli ovoz sohibining repertuaridan “Macchine da guerra”, “Per amore”, “Ave Maria”, “Canto della Terra”, “Melodramma” kabi yakkaxon singllar, “Vivo per lei”, “The Prayer”, “Somos Novios”, “Because We Believe”, “What Child Is This”, “Bridge over Troubled Water” kabi duetlar, “Bogema”, “Trubadur”, “Verter”, “Karmen”, “Andre Shene” kabi operalardagi ariyalar joy olgan.
Andrea Bochelli “Italiya Respublikasi oldidagi xizmatlari uchun”, “San’at, ilm-fan va dunyo”, “Merit of Duarte, Sanchez and Mella” kabi nufuzli ordenlar, qator xalqaro mukofotlar sovrindoridir.
– Mamlakatimizda dunyoning mashhur san’at ustalari konsertlari tez-tez o‘tkazilayotganidan xursandmiz, – dedi toshkentlik Gulnora Hasanova. – Andrea Bochellining qo‘shiqlarini sevib tinglayman. Mashhur tenor ovozini jonli eshitish, jahon darajasidagi konsertda ishtirok etishning zavqi bo‘lakcha ekan. Xalqimizga shunday imkoniyatlar yaratib berayotgani uchun tadbir tashkilotchilaridan minnatdormiz.
Italiyalik yana bir opera va estrada kuychisi Alessandro Safinaning chiqishi ham tomoshabinlar uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi. U O‘zbekistonga yana kelganidan mamnun ekanini, sevimli xonandasi Andrea Bochelli bilan ilk bor bir sahnada kuylash baxtiga Toshkentda muyassar bo‘lgani bejiz emasligini ta’kidladi.
Konsertda A.Bochelli mashhur opera ariyalari hamda o‘zining eng ommabop qo‘shiqlaridan ijro etdi. Dastur san’at ixlosmandlarida unutilmas taassurot qoldirdi.
Nodira Manzurova, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA