O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yurt tinchligi – eng buyuk ne’mat
2017-06-09 | Jamiyat
Nukusda “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostida mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan do‘stlik festivali doirasida “Yurt tinchligi, Vatan ravnaqi – eng buyuk ne’mat” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yiliga bag‘ishlab o‘tkazilgan do‘stlik va madaniyat festivali Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat olib borayotgan milliy madaniyat markazlari faoliyatini, turli millatlar madaniyati, tarixi va qadriyatlarini aks ettiruvchi buyumlar, hunarmandlik, kashtachilik mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan boshlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Ma’naviyat targ‘ibot markazi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat vakillarining ahil-inoq hayot kechirishi, mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgani ta’kidlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida rus, qozoq, ukrain, koreys, turkman milliy madaniyat markazlari faoliyat ko‘rsatib, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, turli millatlarning tili, urf-odat va an’analarini tiklash, rivojlantirish orqali mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shmoqda.
– Men O‘zbekistonda tug‘ilganim va shu yurt fuqarosi bo‘lganimdan faxrlanaman, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi qozoq milliy madaniyat markazi rahbari o‘rinbosari Jubatqan Sag‘indiqov. – Mamlakatimizda barcha millatlar teng huquqli bo‘lib, ular o‘z tili, madaniyati va qadriyatlarini rivojlantirish, kelgusi avlodlarga bus-butun yetkazishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Har bir insonning baxtli-saodatli yashashi uchun barcha sharoit mavjud. O‘zbekiston – barchamiz uchun yagona Vatanimiz, muqaddas uyimizdir.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi san’at ustalari va yosh iste’dodlar, milliy madaniyat markazlari qoshidagi ansambllar ijrosida kuy-qo‘shiqlar yangradi.
Do‘stlik va madaniyat festivali doirasida Qoraqalpog‘istondagi oliy o‘quv yurtlari, Amudaryo, Ellikqal’a, Qo‘ng‘irot va Shumanay tumanlarida “Inson manfaatlari – buyuk qadriyat” nomli ko‘rgazmalar tashkil etildi, “Bu muqaddas Vatanda azizdir inson!”, “Millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik – barqarorlik asosi” mavzusida davra suhbatlari, uchrashuvlar o‘tkazildi.