O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Axborot xizmatlari: dolzarb vazifalar
2015-03-13 | Jamiyat
Poytaxtimizda O'zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan «Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning ochiq-oshkoraligini ta'minlash: davlat hokimiyati va boshqaruv organlari hamda jamoat tashkilotlari axborot xizmatlarining salohiyatini takomillashtirishning ustuvor masalalari» mavzusida seminar-trening o'tkazildi.
Davlat hokimiyati organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining axborot xizmatlari salohiyatini takomillashtirish, ish faoliyatining samarali usullarini o'rganish orqali ularni yuksak professional darajaga chiqarish, fuqarolar bilan ochiq muloqotni ta'minlash, ommaviy axborot vositalari bilan o'zaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan anjumanda Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyat hokimliklari axborot xizmati rahbarlari, bosma va elektron OAV vakillari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda zamonaviy telekommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish borasidagi izchil ishlar natijasida xalqaro axborot tarmoqlaridan foydalanish tezligi 2014-yil boshiga nisbatan 62 foiz o'sdi. Bu yurtimizning barcha hududlarida yuqori tezlikda ma'lumotlarni uzatishning eng zamonaviy texnologiyalarini joriy etish imkonini bermoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda 350 internet OAV faoliyat ko'rsatmoqda. Davlat organlarining veb-saytlari ularning asosiy axborot manbaiga aylangan.
Davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari faoliyatining oshkoraligini ta'minlash, keng jamoatchilikni yurtimizda amalga oshirilayotgan siyosiy-iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar to'g'risida tezkor xabardor qilib borish axborot xizmatlarining professional salohiyatiga bog'liq. Seminar davomida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, «Elektron hukumat»ni shakllantirish, interfaol davlat xizmatlari yagona portalini rivojlantirish istiqbollari yuzasidan amaliy mashg'ulotlar o'tkazildi. Tadbir ishtirokchilari va ekspertlar axborot xizmatlari faoliyatidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdi.