O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
«Nurillaboy» tarixiy majmuasi – ajdodlar merosi
2017-06-08 | Madaniyat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizdagi barcha tarixiy shaharlar qatori Xiva shahrining ham tarixiy-me’moriy va turizm salohiyati izchil rivojlantirilmoqda. Hududdagi bebaho madaniy yodgorliklar asl qiyofasini yo‘qotmagan holda ta’mirlanib, atrofi obodonlashtirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-mayda “Xorazm viloyatidagi «Nurillaboy» tarixiy majmuasini rekonstruksiya va restavratsiya qilish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi yurtdoshlarimiz ko‘nglidagi gap bo‘ldi.
Qarorda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi «Nurillaboy» tarixiy majmuasiga kiradigan binolar va qurilmalarni kelgusida ularni qayta ta’mirlash, rekonstruksiya qilish va qurish, mahalliy sharoitlarga asoslangan restoran, qabullar uyi, galereya, amfiteatr va hunarmandlar ko‘rgazmasi bilan birga ustaxonalarini tashkil qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga istisno tariqasida, ijara to‘lovining nol stavkasi bo‘yicha ijaraga berishi belgilangan.
Shu bilan birga Xorazm viloyati hokimligiga O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi bilan birgalikda «Nurillaboy» va «Ichan qal’a» tarixiy majmualari o‘rtasidagi avtomobil yo‘llarini kapital ta’mirlashni belgilangan tartibda ta’minlash topshirildi.
Bu boradagi ishlar ajdodlarimizning boy tarixiy merosi, madaniyati va san’ati namunalarini asrab-avaylash, xalqimizning yuksak bunyodkorlik salohiyatini dunyo jamoatchiligiga keng namoyon etishga xizmat qiladi.