O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xususiy tibbiy xizmat takomillashmoqda
2017-06-08 | Jamiyat
Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida xususiy sektorni yanada rivojlantirish, jumladan, xususiy tibbiyot muassasalarining aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishi uchun zarur sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2017-yil 1-apreldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Mazkur hujjatda xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatining huquqiy va amaliy mexanizmlarini yanada takomillashtirish, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun zarur sharoitlar yaratish, tarmoqning barqaror rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan masalalarni tizimli hal etish chora-tadbirlari belgilangan. Xususiy tibbiyot muassasalari 2022-yilning 1-yanvarigacha barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etildi. Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektor tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmat turlari yanada kengaytirildi. Shu paytga qadar xususiy tibbiyot muassasalariga 177 turdagi tibbiy xizmatlarning atigi 50 tasiga ruxsat etilgan bo‘lib, qolganlari taqiqlangan edi. Qarorga binoan ularga tibbiy xizmatlarning deyarli barcha turi bo‘yicha xizmat ko‘rsatishga ruxsat berildi. Ular qatoriga kardiojarrohlik, neyrojarrohlik, mikrojarrohlik, onkologiya, anesteziologiya va reanimatologiya, gelmintologiya, intervitsion kardiologiya, immunobiologik va immunoferment tashxis qo‘yish, qon-tomir, torakal va abdominal jarrohlik, tibbiyot sohasida talab yuqori bo‘lgan boshqa yo‘nalishlar kiritildi. Bu imkoniyat aholi, ayniqsa, chekka hududlarda istiqomat qilayotgan bemorlar uchun katta qulaylik yaratadi.
Navoiy viloyatida 114 xususiy tibbiyot muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda aholiga namunali tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoit yaratilgan.
Navoiy shahridagi “Navoiy kardioservis” davolash diagnostika markazi asosan yurak xastaligi bilan og‘rigan bemorlarga tashxis qo‘yish va davolash yo‘nalishida tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlangan markazning 15 o‘rinli statsionar davolash xonalari aholi xizmatida.
– Markazdagi zamonaviy EKG apparati yurak xastaligining og‘ir ko‘rinishlarini erta aniqlashda muhim omil bo‘lmoqda, – deydi oliy toifali shifokor kardiolog O‘tkir Bahronov. – Yurak sohasida yashirin kechayotgan kasallik o‘chog‘ini topish va o‘z vaqtida muolaja qilishda xolter tibbiy uskunasidan keng foydalanilayotir. Markaz laboratoriyasini zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash, tibbiy xizmat sifatini oshirish va turini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tarmoq rivoji uchun yaratilayotgan sharoitlar, berilayotgan soliq imtiyozlari bunda muhim ahamiyat kasb etadi. Prezidentimizning 2017-yil 1-apreldagi qarori bilan berilgan soliq imtiyozlari ham xususiy tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bo‘shagan mablag‘lar ularni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, ularga servis-texnik xizmat ko‘rsatish, tibbiyot maqsadlari uchun ehtiyot qismlar, inventar va boshqa buyumlar xarid qilish, yangi binolar qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilishga maqsadli yo‘naltiriladi.