«O‘zekspomarkaz»da ochilgan tarmoq sanoat yarmarkasida 780 dan ziyod korxona mahsulotlari namoyish etilmoqda
«O‘zekspomarkaz»da hududlarni kompleks rivojlantirish va kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari kompleksi hamda geologiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari kompleksi tarmoq sanoat yarmarkasi ish boshladi.
Prezidentimiz rahnamoligida Sanoat tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish jarayonida mahalliy xomashyo mahsulotlaridan import o‘rnini bosadigan, eksportbop tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, tarmoq va tarmoqlararo kooperatsiyani rivojlantirishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar sanoat ishlab chiqarish hajmining oshib borishida muhim omil bo‘lmoqda. An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan tarmoq sanoat yarmarkalari va birjalar yakunlari, tuzilayotgan shartnomalar hajmi, ishtirokchilar soni yildan-yilga ko‘payib borayotgani buning tasdig‘idir.
2016-yilda hududlarni kompleks rivojlantirish va kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari kompleksi hamda geologiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari kompleksi tarmoq sanoat yarmarkasi doirasida ishtirok etgan 550 ga yaqin korxona tomonidan 3 ming 500 dan ziyod turdagi mahsulot namoyish etilgandi. Ularning 130 dan ortig‘i mahalliylashtirish dasturi asosida o‘zlashtirilgan yangi mahsulot hisoblanadi.
Bu yilgi tarmoq sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida 780 dan ziyod korxona, shu jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari vakillari qatnashmoqda. Ular orasida «O‘zbekiston temir yo‘llari», «O‘zqurilishmateriallari», «O‘zkimyosanoat», «O‘zbekenergo», «O‘zmetkombinat», «O‘zbekko‘mir» aksiyadorlik jamiyatlari, «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, «O‘zmontajmaxsusqurilish» aksiyadorlik kompaniyasi, Navoiy, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari singari yirik ishlab chiqaruvchilar bor. Ular mahalliy xomashyo asosida ishlab chiqarilayotgan tayyor mahsulotlar, ishlab chiqarish yangiliklari va o‘zlashtirish uchun mo‘ljallanayotgan mahsulotlarni namoyish etmoqda.
Mamlakatimiz metallurgiya sanoati korxonalari izchil taraqqiy etayotgan tarmoqlardan biri sifatida nainki qazib olish, balki mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash yo‘nalishida ham samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Tarmoqning yirik korxonalaridan biri Olmaliq kon-metallurgiya kombinati faoliyati buning yorqin misolidir. Kombinat tarkibida oltita ma’dan qazib oluvchi korxona, beshta boyitish fabrikasi, ikkita metallurgiya zavodi bilan bir qatorda nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy ishlab chiqarish markazi, sement, mis quvurlari, ta’mirlash-mexanika, ohak zavodlari, shuningdek, yigirmadan ziyod yordamchi sex va laboratoriya faoliyat ko‘rsatmoqda.
Joriy yilda kombinatda mahalliylashtirish dasturi doirasida santexnika buyumlari uchun aralashtirgichlar, lentali konveyyerlar, GRAT turidagi nasoslar, turli ehtiyot qismlar singari 32 turdagi mahsulotni o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan. Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi qariyb 3 million 100 ming dollarlik mablag‘larni tejab qolish imkonini beradi.
Toshkent quvur zavodi ko‘rgazma stendi tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu yerda quvur, armatura, simlarning turli namunalari kabi an’anaviy mahsulotlar bilan bir qatorda mahalliylashtirilgan va o‘rta muddatli istiqbolda o‘zlashtirilishi mo‘ljallanayotgan mahsulotlar namoyish etilmoqda.
– Tarmoq sanoat yarmarkasida ishtirok etish to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish, turdosh korxonalar bilan hamkorlikni rivojlantirish, yangi sheriklar topishda muhim omil bo‘lmoqda, – deydi «Toshkent quvur zavodi» qo‘shma korxonasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari L.Rahmatov. – Yarmarkaning birinchi kunidanoq mahsulot yetkazib berish bo‘yicha 4 milliard so‘mlik shartnomalar imzoladik.
«O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalar, xususan, harakatlanuvchi tarkibni ta’mirlash va modernizatsiya qilishga ixtisoslashtirilgan Quyuv-mexanika zavodida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik hamda texnologik qayta jihozlash bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Korxonada mahalliylashtirish dasturi asosida yangi vagonlar ishlab chiqarish, po‘lat quyish, harakatlanuvchi tarkib hamda yo‘llarning ustki tuzilishi uchun ehtiyot qismlar, detallar tayyorlanmoqda. Zavod o‘z mahsulotlari bilan boshqa tarmoqlarni ham ta’minlamoqda.
Qurilish materiallari ishlab chiqarish mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan hisoblanadi. Bugungi kunda mamlakatimizda mazkur sohada faoliyat ko‘rsatayotgan 8 mingta korxona tomonidan yuz turdan ziyod qurilish materiali ishlab chiqarilmoqda.
Qurilish industriyasining jadal rivojlanishida «O‘zqurilishmateriallari» aksiyadorlik jamiyatining alohida o‘rni bor. Joriy yilning birinchi choragida jamiyat tarkibidagi korxonalar tomonidan 732 milliard so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqarilib, o‘sish 106,1 foizni tashkil etgan.
Jamiyat axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2017-yilgi investitsiya dasturidagi 15 loyiha bo‘yicha 6 million 200 ming dollarlik mablag‘ o‘zlashtirilgan bo‘lib, bu belgilangan prognozdan 1,6-marta ko‘p deganidir. Mahalliylashtirish dasturi doirasida qariyb 4 milliard 800 million so‘mlik 5 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarilgan. Bu shu paytga qadar xorijdan keltirilgan birgina sanfayans mahsulotining importini 3 million dollargacha kamaytirish imkonini bergan.
Ko‘rgazmada kichik biznes subyektlari vakillari ham faol ishtirok etmoqda. O‘n yildan beri mamlakatimiz hamda qo‘shni davlatlar bozorlariga bir necha turdagi gipsokarton mahsulotlari yetkazib berayotgan poytaxtimizdagi «Azia Mozaik» mas’uliyati cheklangan jamiyati shunday korxonalardan biridir.
Korxona direktori o‘rinbosari K.Hakimjonovning ta’kidlashicha, mamlakatimizning xomashyo manbalariga boyligi, aholi farovonligining ortayotgani qurilish sanoatining izchil rivojlanishida muhim omil bo‘lmoqda. «Azia Mozaik» korxonasi ham bu imkoniyatlardan samarali foydalanib, mahsulot turlarini ko‘paytirish ustida izlanmoqda.
Ko‘rgazma stendlari aholining tayyor mahsulotga bo‘lgan talabini qondirishda kichik biznes subyektlarining o‘rni tobora ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Xususan, «Fonus LED» korxonasi tomonidan namoyish etilayotgan o‘n turdan ziyod energiyatejamkor diod lampalar sifati bo‘yicha xorijning shu turdagi mahsulotlaridan qolishmayotgani tufayli xaridorgir bo‘lib borayotir.
Xo‘jalik birlashmalarining sohadagi texnik va texnologik imkoniyatlarini to‘liq namoyish etishi uchun ko‘rgazma doirasida taqdimotlar ham o‘tkaziladi.
Yarmarkaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.Ibragimov so‘zga chiqdi.
Behzod Bozorov, Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA