O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Futbolchilarimiz Tailand terma jamoasini mag‘lub etdi
2017-06-07 | Sport
Futbol bo‘yicha 2018-yilgi jahon chempionatining Osiyo saralash musobaqasi uchinchi bosqichi navbatdagi bahsiga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi Tailand terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi.
Poytaxtimizdagi "Bunyodkor" stadionida tashkil etilgan o‘yinning 68-daqiqasida Eldor Shomurodov uzatgan to‘pni Temurxo‘ja Abduxoliqov raqib darvozasiga kiritib, hisobni ochdi. Uchrashuv yakunida Sardor Rashidov ikkinchi golga mualliflik qildi va terma jamoamizning ishonchli g‘alabasini ta’minladi.
Shu tariqa muhim tayyorgarlik vazifasini o‘tab bergan mazkur uchrashuvda futbolchilarimiz 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo saralash musobaqasi uchinchi bosqichining navbatdagi uchrashuvini 12-iyun kuni Eron terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
Ayni paytda Eron, Janubiy Koreya, Xitoy, Qatar va Suriya terma jamoalari bilan “A” guruhidan joy olgan mamlakatimiz futbolchilari o‘n ikki ochko bilan guruhda uchinchi o‘rinda bormoqda.