O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Poytaxtimizda Aleksandr Pushkin tavalludining 218-yilligi keng nishonlandi

2017-06-07 | Madaniyat

O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalar qatori madaniy jabhada ham izchil rivojlanmoqda. Xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik mustahkamlanib bormoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga davlat tashrifi bu munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tardi. 

Mamlakatimizda turli millat va elat vakillari ahil-inoq yashayotgani, ularning milliy bayram va marosimlari nishonlanayotgani, tili, adabiyoti keng o‘rganilayotgani ana shu insonparvar siyosat samarasidir. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. 

Poytaxtimizdagi Xalqlar do‘stligi xiyobonida Aleksandr Sergeyevich Pushkin tavalludining 218-yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda bu yana bir bor yaqqol namoyon bo‘ldi. Erta tongdan bu so‘lim go‘shaga turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, milliy madaniyat markazlari, diplomatik korpus vakillari, yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunoslar, o‘qituvchilar, yoshlar to‘plandi. 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov, Rossiya Federatsiyasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi V.Tyurdenev, Rus milliy madaniyat markazi rahbari A.Aristov va boshqalar yoshlarni umumbashariy ruhda tarbiyalashda, jamiyatda ahillik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashda adabiyot muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. 

O‘zbek va rus xalqlari o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashda adabiyot va san’atning alohida o‘rni bor. Rossiyaliklar o‘zbek allomalari, shoirlarini yaxshi biladi, O‘zbekistonda rus tili va adabiyoti o‘rganiladi. Moskva shahrida Alisher Navoiyga, Toshkentda Aleksandr Pushkinga haykal o‘rnatilgan. 

Pushkin ijodini o‘zbek kitobxonlari bolaligidan boshlab o‘qiydi. Inson erki, sha’ni, muhabbati oliy qadriyat ekani ulug‘ shoir asarlarining asosiy mazmunini tashkil etadi. 

Erksevar shoir ijodiy faoliyati rus madaniyati, adabiy tili rivojiga benihoya katta ijobiy ta’sir ko‘rsatgan, realizm, xalqchillik tamoyillari, ko‘plab she’riy janrlarning shakllanishida muhim o‘rin tutgan. Oybek, Mirtemir, Hamid Olimjon, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov kabi ijodkorlarimiz tarjimalari orqali Pushkin she’riyatini ona tilimizda o‘qimoqdamiz. 

Pushkin haykali qad rostlagan hududning Xalqlar do‘stligi, unga tutash bog‘ning "Do‘stlik bog‘i" deb atalishi buyuk shoir ijodiga, uning hayotiy qarashlariga hamohangdir. 

Anjumanda Pushkin she’rlaridan namunalar o‘qildi. 

Yig‘ilganlar shoir haykali poyiga gullar qo‘ydi. 

– O‘zbekistonda Pushkin tavalludi kuni keng nishonlanishi yaxshi an’anaga aylangan, – deydi Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev. – O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan Pushkin haykalining ushbu fayzli xiyobonda qad rostlagani O‘zbekistonda millatlararo do‘stlikni, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni tobora mustahkamlash yo‘lidagi ezgu sa’y-harakatlarning amaliy ifodasidir. 

– She’riyat bayramiga aylangan ushbu tadbirda turli millat va elat vakillari ishtirok etayotganining o‘zi Pushkin ijodiga bo‘lgan ehtiromning amaliy ko‘rinishidir, – deydi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatri solisti Ruslan Gafarov. – Bu she’riyatni nozik va teran his etuvchi O‘zbekiston xalqining adabiyotga bo‘lgan mehri va e’tiborining yorqin namunasi. 

– Yuksak insoniy fazilatlar, hayotga, Vatanga, o‘z xalqiga muhabbat Alisher Navoiy va Pushkin ijodida birday tarannum etilgan, – deydi Rus milliy madaniyat markazining Yangiyo‘l shahri bo‘linmasi vakili, adabiyot o‘qituvchisi Lyubov Sherbakova. – Har ikki shoir ijodida millat ruhiyati g‘oyat teran ifodalangan. 

Tadbirda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatri san’atkorlari, Rus milliy madaniyat markazi qoshidagi badiiy jamoa tomonidan musiqiy kompozitsiya namoyish etildi. 

Mamlakatimiz bo‘ylab pushkinxonlik tadbirlari, mushoiralar, ma’rifiy anjumanlar davom etmoqda.
 
Nazokat Usmonova, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA

Поделиться