O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Harbiy kadrlar tayyorlash tizimi takomillashmoqda
2017-06-07 | Jamiyat
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan professional harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Harbiy ta’lim tizimining samaradorligini oshirish mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yuksaltirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Mazkur tizim bugungi kunda harbiy xizmatchilarga ta’lim berish, professional jihatdan qayta tayyorlash va malakasini oshirish, pedagogik va ilmiy kadrlar tayyorlash masalalarida muhim ahamiyatga ega.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 25-yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga bayram tabrigida barcha bo‘g‘indagi professional harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, ta’lim jarayoniga eng yangi usul va texnologiyalarni joriy etish, o‘quv auditoriyalarini zamonaviy trenajyorlar, o‘quv va laboratoriya asbob-uskunalari va komputer texnikasi bilan jihozlash kabi muhim vazifalar belgilab berilgan. Mazkur vazifalar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda harbiy kadrlarni tayyorlash va oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun nomzodlarni tanlab olish bo‘yicha qator huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilinib, harbiy kadrlar tayyorlash tizimiga yangiliklar kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 26-maydagi qaroriga asosan Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishning yagona tanlov tizimi joriy etildi. Bu tizim test sinovlari natijalari bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan nomzodlar orasidan oliy harbiy ta’lim muassasalarini to‘ldirish imkonini beradi.
– Tizimda o‘tkazilayotgan bunday islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – oliy harbiy ta’lim muassasalariga fan va texnikaning so‘nggi yutuqlarini o‘zlashtirgan, intellektual salohiyatli, jismonan baquvvat va sog‘lom yoshlarni saralab olishdan iborat, – deydi Mudofaa vazirligi Harbiy kadrlarni tayyorlash boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Hasan Xalilov. – Bu milliy armiyamizni malakali va yetuk kadrlar bilan ta’minlash, Qurolli Kuchlar salohiyatini yanada oshirish va mudofaa qudratini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Anjumanda mutaxassislar harbiy kadrlar tayyorlash tizimiga kiritilayotgan yangiliklar va o‘zgarishlar xususida ma’lumot berdi. Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.