O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
MDH kuzatuvchilari missiyasi O‘zbekistonga keldi
2015-03-13 | Siyosat
MDH Ijroiya qo'mitasi raisining birinchi o'rinbosari Vladimir Garkun rahbarligidagi MDH kuzatuvchilarining uzoq muddatli missiyasi guruhi O'zbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish jarayonini kuzatish uchun mamlakatimizga tashrif buyurdi.
O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida kuzatuvchilar missiyasi a'zolari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov mehmonlarni O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, saylov qonunchiligi va Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilingan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish bo'yicha asosiy tadbirlar dasturiga muvofiq ochiq va oshkora olib borilayotgan saylov kampaniyasi bilan tanishtirdi.
MDH kuzatuvchilari missiyasi a'zolariga O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti jarayoni haqida axborot berildi. Nomzodlarga saylovoldi tashviqotini olib borish va ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng imkoniyatlar yaratilgani ta'kidlandi.
MDH kuzatuvchilari faoliyatini muvofiqlashtirish uchun 12-martdan Toshkentda missiyaning shtabi ish boshladi. Shtab faoliyati saylovni kuzatish bilan bog'liq zarur tadbirlarni tashkil etadi. Saylov jarayoni va saylovoldi tashviqoti haqida materiallar to'playdi, ularni tahlil qiladi, saylov qonunchiligini huquqiy ekspertizadan o'tkazadi, saylov jarayonining ommaviy axborot vositalarida yoritilishini monitoring qiladi, nomzodlarning saylov shtablari va saylov komissiyalarida uchrashuvlar o'tkazadi.
MDH kuzatuvchilari missiyasi 2014-yilgi parlament saylovini kuzatish natijalari bo'yicha O'zbekistonda saylov qonunchiligining izchil takomillashtirilayotgani ochiq, erkin va demokratik saylovlarni o'tkazish uchun zarur huquqiy asos yaratgani haqida bayonot bergan edi. Uchrashuvda bu xulosa yana bir bor alohida ta'kidlandi. Parlament saylovi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablari, amaldagi saylov qonunchiligi va umume'tirof etilgan xalqaro demokratik huquqiy normalarga to'la muvofiq ravishda, ko'ppartiyaviylik asosida ochiq va oshkora o'tkazildi hamda fuqarolarning o'z xohish-irodasini erkin bildirishi ta'minlandi.
– O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish MDH kuzatuvchilari missiyasi uchun mas'uliyatli vazifadir, – dedi Vladimir Garkun. – Saylov monitoringi siyosiy betaraflik, saylov jarayoni va davlatning ichki ishlariga aralashmaslik prinsiplariga muvofiq amalga oshiriladi. MDH davlatlarining kuzatuvchilari O'zbekistonning barcha hududlariga yuboriladi va bu saylov jarayonini xolis baholash imkonini beradi. Missiya saylov natijalari bo'yicha o'z bayonotini 30-mart kuni e'lon qiladi.
Uchrashuvda kuzatuvchilar missiyasi a'zolariga saylovga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazishga doir barcha tadbirlarda, jumladan, saylov kuni ovoz berish xonalarida bo'lish va ovozlarni sanab chiqishni kuzatish huquqini beradigan mandatlar topshirildi.