O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sara urug‘ – mo‘l hosil garovi
2017-06-06 | Iqtisodiyot
Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi “Eshniyoz bobo” fermer xo‘jaligida g‘o‘za urug‘chiligiga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda Respublika qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi, “O‘zdavurug‘nazorat” markazi viloyat bo‘limlari mutaxassislari, urug‘chilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari, paxta tozalash korxonlari rahbarlari va boshqa qishloq xo‘jaligi tashkilotlari mutaxassislari ishtirok etdi.
Murtazo Bo‘tayev rahbarlik qilayotgan “Eshniyoz bobo” fermer xo‘jaligida urug‘lik paxta yetishtirishda katta tajriba to‘plangan. Ishtirokchilar xo‘jalikda ayni kunlarda g‘o‘za parvarishida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Fermer xo‘jaligida g‘o‘zaga suspenziya sepishda “Jizzaxplastmassa” aksiyadorlik jamiyatida yaratilgan yangi uskunadan foydalanilmoqda. G‘o‘zani bargidan oziqlantiradigan ushbu arzon va kamchiqim uskuna seminar ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Ko‘rgazmali seminarning o‘zaro tajriba almashish, ilg‘or ish usullarini joriy etish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishida mamlakatimiz qishloq xo‘jaligiga fan va texnika yutuqlari, yangi innovatsion g‘oya va texnologiyalarni keng tatbiq etishga qaratilayotgan doimiy e’tibor tufayli urug‘lik paxta yetishtirishda yaxshi natijalarga erishilayotgani ta’kidlandi. Seminarda viloyatda urug‘lik paxta yetishtirishda erishilgan natijalar, yechimini kutayotgan muammolar, ayni paytda urug‘lik g‘o‘za parvarishidagi ahvol to‘g‘risida olimlar, mutaxassislar va fermerlar o‘rtasida ochiq muloqot bo‘ldi.
Joriy yilda viloyatdagi 232 fermer xo‘jaligining 7 ming 496 gektar yer maydonida urug‘lik paxta yetishtirilmoqda. Jumladan, 5 ming 169 gektarda “An-Boyovut-2”, 976 gektarda “S-6524”, 919 gektarda “Porloq-1”, 189 gektarda “Paxtakor-1”, 243 gektarda “Buxoro-102” navlari parvarishlanmoqda.
– Urug‘lik chigit ekilgan maydonda g‘o‘za parvarishini yuqori agrotexnik talablar darajasida olib borish fermerdan katta tajriba talab etadi, – deydi viloyat g‘o‘za urug‘chiligi birlashmasi raisi J.Berdibekov. – Bu ishning amaldagi natijasini “Eshniyoz bobo” va boshqa ko‘plab ilg‘or fermer xo‘jaliklari misolida yaqqol ko‘rish mumkin. G‘o‘za parvarishining muhim davrida bunday ko‘rgazmali seminarni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad, ilmiy va dehqonchilikda sinovdan o‘tgan ilg‘or tajribalarni yo‘lga qo‘yishdir.
Seminarda ayrim urug‘chilik fermer xo‘jaliklari tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan e’tiborsizlik, o‘zibo‘larchilik natijasida rivojlanishdan orqada qolayotgan paxta maydonlari ham borligi tanqid qilindi. Mavjud kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish yuzasidan tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.
Tadbirda Jizzax viloyati hokimi U.Uzoqov so‘zga chiqdi.