O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Dunyo shaxmatchilari Toshkentda bahslashmoqda
2015-03-12 | Sport
Poytaxtimizda birinchi o'zbek grossmeysteri Georgiy A'zamov xotirasiga bag'ishlangan shaxmat bo'yicha "Toshkent open" IX xalqaro turniri boshlandi.
O'zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda mamlakatimiz shaxmat federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur musobaqadan ko'zlangan asosiy maqsad yoshlar o'rtasida shaxmatni yanada ommalashtirish, sportchilarimizning xalqaro tajribasini oshirish, o'zbek shaxmat maktabi imkoniyatlari va salohiyatini keng targ'ib etishdan iborat.
Musobaqaning ochilishida mamlakatimizda navqiron avlodni jismonan sog'lom, ma'nan yetuk, yuksak intellektual salohiyatli etib voyaga yetkazish, sportning barcha turlari qatori shaxmatni izchil rivojlantirishga ko'rsatilayotgan ulkan e'tibor va g'amxo'rlik samarasida o'zbek shaxmat maktabi vakillari nufuzli xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishayotgani ta'kidlandi.
Bugun o'zbek shaxmatchilari barcha nufuzli musobaqalar – qit'a va jahon chempionatlari, xalqaro turnirlarda muntazam yuqori o'rinlarni egallab, mamlakatimizda voyaga yetayotgan avlod dunyoda hech kimdan kam emasligi va kam bo'lmasligini amalda isbotlab kelmoqda.
2014-yilgi sport mavsumi shaxmatchilarimiz uchun g'alabalarga boy bo'ldi. Vetnamda o'tkazilgan xalqaro turnirda o'zbek qizlari o'rtasida birinchi xalqaro grossmeyster Nafisa Mo'minova oltin medalni qo'lga kiritdi, Rossiyada o'tgan turnirda ikkinchi o'rinni egalladi. Birlashgan Arab Amirliklarda o'tkazilgan Osiyo shaxmat federatsiyasi yig'ilishida hamyurtimiz Bahora Abdusattorova Osiyoning eng yaxshi yosh shaxmatchisi, degan yuksak e'tirofga sazovor bo'ldi.
Gretsiyaning Kavala shahrida maktab o'quvchilari o'rtasida o'tkazilgan shaxmatning rapid va blits yo'nalishlari bo'yicha jahon chempionatida aka-uka Islombek va Javohir Sindorovlar ikkitadan oltin medal bilan taqdirlandi. Ular Braziliyada maktab o'quvchilari o'rtasida o'tkazilgan jahon chempionatida ham tajriba va mahorat bobida hech kimdan kam emasligini isbotladi. To'qqiz yoshgacha bo'lgan o'g'il bolalar o'rtasida Javohir Sindorov oltin, yetti yoshgacha bo'lgan bolalar o'rtasidagi bahslarda Islombek Sindorov bronza medalga sazovor bo'ldi. Janubiy Afrika Respublikasining Durban shahrida shaxmat bo'yicha 8-18 yoshli o'g'il-qizlar o'rtasidagi jahon chempionatining o'n yoshgacha bo'lgan o'g'il bolalar bahsida qatnashgan Nodirbek Abdusattorov kumush medalni qo'lga kiritdi.
Poytaxtimizda shaxmat bo'yicha 12 yoshgacha bo'lgan o'g'il-qizlar o'rtasida o'tkazilgan Osiyo chempionatida hamyurtlarimiz 6 oltin, 4 kumush va 4 bronza medal jamg'ardi.
– O'zbekiston – shaxmat jadal rivojlanayotgan mamlakatlardan, – deydi musobaqa bosh hakami Hesham Elgendiy (Misr). – O'zbek sportchilari jahon miqyosidagi nufuzli musobaqalarda salmoqli yutuqlarga erishmoqda. Bu O'zbekiston shaxmatining yorqin kelajagidan dalolat beradi.
Bu yilgi xalqaro turnirda mamlakatimiz shaxmatchilari bilan birga Fransiya, Ispaniya, Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Armaniston, Ukraina, Qozog'iston, Tojikiston va Afg'oniston kabi davlatlardan yuz nafarga yaqin shaxmatchi g'oliblik uchun dona surmoqda. Marat Jumayev, Aleksey Barsov, Jo'rabek Hamroqulov, Nodirbek Abdusattorov, Javohir va Islombek Sindorovlar, Nodira Nodirjonova, Sarvinoz Qurbonboyeva, Gulruhbegim Tohirjonova, Bahora Abdusattorova kabi iqtidor egalari mamlakatimiz sharafini himoya qilmoqda.